Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida adabiy ta’lim sof ilmiy maqsadlarni emas,
balki ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlar ustuvorligini ko‘zda tutadi. O‘quvchilar milliy
adabiyotning, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘qish va
tahlil qilish asosida ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va
xunuklik haqidagi xilma-xil talqinlarga duch kelishadi, ularga ongli va jonli
munosabat bildirishadi, shular asosida o‘zlaridagi axloqiy-ma’naviy fazilatlar
majmuining shakllanishi va rivojiga imkon topishadi. Ularga nisbatan ochiq
hayotiy munosabatlarni aks ettirish zaruriyati esa, o‘quvchilarning og‘zaki hamda
yozma nutqlarining rivojidagi muhim omil vazifasini ado etadi.
O‘quvchilar turli davr va mamlakatlarda, turlicha dunyoqarash va e’tiqodlarni
aks ettirgan badiiy asarlarning eng yuksak namunalari bilan oddiydan murakkabga
tamoyiliga asosan tanishib boradilar. Shular asosida ularda olam va insonlar
tabiatining rang-barangligi, ularning takrorlanmasligi, ayni paytda olamning, butun
bashariyatning bir butunligi haqidagi tasavvur va qarashlar shakllanib, kengayib,
mustahkamlanib boradi. Eng muhimi, u olam va odamga tegishli bo‘lgan barcha
hodisalarga emotsional (hissiy) munosabat bildira oladigan darajaga ko‘tariladi,
qarashlar, dunyoqarashlar, nuqtayi nazarlar xilma-xilligini kuzatish imkoniga ega
bo‘ladi.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarning yosh va ruhiy xususiyatlaridan
kelib chiqqan holda adabiy ta’limni o‘qitish quyidagicha amalga oshiriladi:
Boshlang‘ich sinflarda adabiy ta’lim adabiy o‘qishlar tarzida o‘rgatiladi.
Bola o‘qish texnikasini egallashi uchun, avvalo, uning savodxonlik darajasi
shakllantiriladi, og‘zaki va yozma nutqi rivojlantiriladi, tovush va so‘zlarni to‘g‘ri
talaffuz etish o‘rgatiladi.
Dastlab tanish, keyin notanish matn ifodali o‘qitilib, o‘quvchidagi ko‘nikma,
malaka aniqlanadi. Bunda miqdoriy ko‘rsatkich – o‘qish tezligi, ravon o‘qiy olish,
bir daqiqada nechta so‘z o‘qiy olishi belgilanadi.
Bolaning matn mazmunini to‘liq uqib olishi qayta hikoya qilish, shuningdek,
o‘zgalar nutqini eshitib, tushunib olishi maqsad qilinadi.
Dostları ilə paylaş: