1-masala. Chorvachilik qishloq xo‘jaliklari ajralmas bir qismi bo‘lib, xalq xo‘jaligida alohida ahamiyat kasb etadi.
Chorvachilikdan insonlar uchun zarur oziq-ovqat bo‘lgan sut, go‘sht va tuxum mahsulotlari olinadi. Bu ko‘rsatkich orqali mamlakat aholisining farovonligi haqida fikr yuritish mumkin.
Bundan tashqari chorvachilik sanoat uchun xom-ashyo manbai hisoblanadi. Sanoat xomashyolariga - jun, teri, barra teri, shox, tuyoq va boshqa mahsulotlar kiradi.
Chorva hayvonlari va parrandalar chiqindilari mahalliy o‘g‘it sifatida yer unumdorligini oshirishda beqiyos o‘rin tutadi. Masalan: bir bosh sigirdan bir yilda olingan gung bilan 1 Ga yerni mahalliy organik o‘g‘it bilan ta’minlash mumkin.
Shu sababli chorvachilikning asosiy vazifasi chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish evaziga xalqning oziq-ovqat, sanoatni esa xom-ashyo bilan ta’minlashdan iboratdir. Buning uchun tabiiy oziq-ovqat zonasining barcha xalqalarini mustahkam bog‘lanishiga erishish kerak. Bu zanjir tuproq – o‘simlik – o‘g‘it -hayvon – odamdan iborat bo‘lib, doimo fan va texnika yangiliklariga muhtoj.
Qishloq xo‘jalik – dehqonchilik va chorvachilik sohalari bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi, ular bir-birisiz ijobiy natijalarga hyech qachon erisha olmaydilar.
Tabiiy manbaalar va ekilgan yerlardan olingan mahsulotlarning 75 % inson to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qila olmaydi, ularni qishloq xo‘jaligi hayvonlari va parrandalari iste’mol qilib, sut, go‘sht, tuxum kabi noyob mahsulotlarga aylantiradi.
O‘z navbatida qishloq xo‘jaligi hayvonlari va parrandalari iste’mol qilgan oziqalari tarkibidagi 40 % organik va 70 % mineral moddalarni tashqi muhitga chiqarib yuboradi. Bu chiqindilar gung sifatida tuproqdagi mikroorganizmlar uchun oziqa bo‘lib, uning unumdorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.