16-MAVZU. ISTE’MOL, JAMG’ARMA VA INVESTICIYALAR Reja: 1. Iste`mol va jamg`armaning iqtisodiy mazmuni hamda ularning o`zaro bog`liqligi 2. Jamg`arishning mohiyati, omillari va samaradorligi 3. Investitsiyalar va uning darajasini belgilovchi omillar 4. Jamg`arma va investitsiya o`rtasidagi nisbatni ta`minlash muammolari 5. O`zbekistonda investitsion faoliyatni ta`minlash va uning shart-sharoitlari
Milliy iqtisodiyotda yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi bo`lgan yangidan vujudga keltirilgan mahsulot, ya`ni sotilgandan keyingi uning puldagi ko`rinishi – milliy daromaddan iste`mol va jamg`arish maqsadlarida foydalaniladi. Keng ma`noda iste`mol jamiyat a`zolari iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlardan foydalanish jarayonini bildiradi. Bunda unumli va shaxsiy iste`mol farqlanadi.
Unumli iste`mol bevosita ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish jarayoniga tegishli bo`lib, ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchidan ishlab chiqarish maqsadida foydalanish jarayonini anglatadi.
Shaxsiy iste`mol ishlab chiqarish sohasidan tashqarida ro`y berib, bunda kishilarning iste`mol buyumlaridan va xizmatlardan bevosita o`zlarining shaxsiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida foydalanishi tushuniladi.
Iste`mol qilinadigan ne`mat turiga bog`liq ravishda moddiy hamda nomoddiy ne`mat va xizmatlarni iste`mol qilish farqlanadi.
Moddiy iste`mol – ehtiyojlarni qondirishda moddiy ko`rinishdagi ne`matlarning tegishli nafli xususiyatlaridan foydalanish. Bularga oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va boshqalardan foydalanishni misol keltirish mumkin.
Nomoddiy ne`mat va xizmatlar iste`moli – ehtiyojlarni qondirishda nomoddiy ko`rinishdagi ne`mat va xizmatlarning tegishli nafli xususiyatlaridan foydalanish. Bularga bilim olish, musiqa tinglash, sog`liqni tiklash, advokat xizmatidan foydalanish va boshqalarni misol qilish mumkin.
Yakka tartibdagi yoki jamoa bo`lib iste`mol qilish ham farqlanadi. Alohida shaxsning o`z ixtiyorida bo`lgan ne`matlarni iste`mol qilishi yakka tartibdagi iste`molga, jamiyat a`zolari turli guruhlarining ne`matlardan birgalikda foydalanishi jamoa bo`lib iste`mol qilishga kiradi. Masalan, ovqatlanish, kiyinish, badiiy asarlar o`qish yakka tartibdagi iste`molni, jamoat transportidan foydalanish, o`yingohlarda sport o`yinlarini tomosha qilish, sihat maskanlarida sog`liqni tiklash jamoa bo`lib iste`mol qilishni anglatadi.
Milliy daromadning jamiyat a`zolaring moddiy va ma`naviy ehtiyojlarini qondirishga sarflanuvchi qismi iste`mol fondi deb ataladi. Iste`mol fondi butun aholining shaxsiy iste`molini, aholiga ijtimoiy xizmat qiladigan muassasalardagi, shuningdek, ilmiy muassasalar va boshqarishdagi barcha sarflarni o`z ichiga oladi.
Iste`mol fondining shaxsiy daromad shaklida aholi qo`liga kelib tushadigan qismi iste`mol sarflari maqsadida ishlatiladi. Iste`mol sarflari – bu aholi joriy daromadlarining tirikchilik ne`matlari va xizmatlar uchun ishlatiladigan qismi. Aholi o`z daromadini sarflar ekan, bugungi (joriy) iste`mol hamda kelgusidagi iste`mol hajmini oshirish o`rtasida tanlovni amalga oshiradi. Jumladan, O`zbekistonda 2008 yilda aholi jami pul daromadlarining 74,7 foizi iste`mol sarflariga, 6,5 foizi majburiy to`lov va badallarga sarflangan, 17,1 foizi kelgusidagi iste`mol uchun jamg`arib qo`yilgan.
Kelgusida iste`mol hajmini oshirish imkoniyati joriy davrdagi jamg`armaga ham bog`liq bo`ladi. Jamg`arma – bu aholi, korxona (firma) va davlat joriy daromadlarining kelajakdagi ehtiyojlarini qondirish va daromad olish maqsadlarida to`planib borishi. Uning hajmi barcha xo`jaliklar daromadidan iste`mol sarflarini ayirib tashlash yo`li bilan aniqlanadi. Daromad tarkibida iste`mol sarflari ulushi qanchalik yuqori bo`lsa, jamg`arma hajmi shunchalik kam bo`ladi. Jamg`armaning o`sishi esa iqtisodiy ma`noda mablag`larning iste`mol buyumlari xarid qilishdan investitsion tovarlar xarid qilishga yo`naltirilishini bildiradi. Shunga ko`ra, jamg`arma – bu muddat jihatidan kechiktirilgan iste`molni anglatadi. Shu bilan birga joriy davrda amalga oshirilgan jamg`arma joriy iste`molning chegirilgan qismidir, chunki jamg`arma aholi va korxonalar ixtiyoridagi daromadning iste`molga sarflanmagan qismi hisoblanadi:
,
bu erda:
Y – barcha xo`jaliklar ixtiyoridagi daromad;
C – iste`mol miqdori;
S – jamg`arma miqdori.
Shu sababli daromad tarkibidagi iste`mol sarflari va jamg`arma nisbatining o`zgarishi bir qator, ba`zan qarama-qarshi oqibatlarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, daromadlarning qandaydir qismini jamg`armaga qo`yish oqibatida u tovarlarda bo`lgan talabda o`z aksini topmaydi. Jamg`arma, yuqorida ta`kidlanganidek, daromadlarning ma`lum bir qismini iste`mol qilishdan chegirib qo`yishni bildirib, natijada iste`mol sarflari hajmi barcha ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni sotib olish uchun etarli bo`lmay qoladi. Aholi daromadining jamg`arilgan qismi o`zining xususiy talabini vujudga keltirmaydi. Buning natijasida sotilmay qolgan tovarlarning ko`payishi, ishlab chiqarishning qisqarishi, ishsizlik va daromadlarning pasayishi ro`y berishi mumkin. Ikkinchidan, jamg`arma talabning etishmasligiga olib kelmasligi ham mumkin, chunki jamg`arilgan mablag`lar tadbirkorlar tomonidan investitsion maqsadlarda ishlatiladi. Bu jamg`arma keltirib chiqaradigan iste`mol sarflaridagi har qanday etishmaslikni to`ldiradi. Uchinchidan, korxonalar ham o`zining barcha mahsulotini pirovard iste`molchilarga sotishni ko`zda tutmaydi, balki uning bir qismidan o`z ishlab chiqarishida foydalanishi mumkin. Shunday qilib, agar tadbirkorlar aholining jamg`armalariga teng miqdordagi mablag`larni investitsiyalarga qo`yishni ko`zda tutsa, ishlab chiqarish darajasi doimiy bo`lib qoladi.
Iste`mol va jamg`arma darajasini aniqlab beruvchi asosiy omil milliy daromadning hajmi va uning o`zgarishi hisoblanadi. Uning yalpi ichki mahsulotdan amortizatsiya ajratmalari hamda biznesga egri soliqlarni chegirib tashlash orqali aniqlanishi 14-bobda aytilgan edi. Lekin milliy daromad tarkibida to`g`ri soliqlar ham mavjud bo`ladi. Shu sababli soliqlar to`langandan keyin aholi qo`lida qoladigan daromad iste`mol sarflari va shaxsiy jamg`arma yig`indisiga teng bo`ladi. Shaxsiy iste`mol va shaxsiy jamg`armaning darajasi bevosita soliqlar to`langandan keyingi qolgan daromad bilan aniqlanadi. Bu daromadni biz tahlil chog`ida ixtiyoridagi yoki sof daromad deb ataymiz. Demak, bu daromad iste`molning ham, jamg`armaning ham umumiy omili hisoblanadi. Chunki jamg`arma daromadning iste`mol qilinmaydigan qismi hisoblansa, soliqlar to`langandan keyingi daromad shaxsiy jamg`armani aniqlab beradigan asosiy omil bo`lib chiqadi. Har yilgi haqiqiy iste`mol miqdori va soliqlar to`langandan keyingi daromad o`rtasidagi farq shu yildagi jamg`arma miqdorini aniqlaydi.
Iste`mol va jamg`arma hajmi hamda unga ta`sir ko`rsatuvchi omillar o`rtasidagi bog`liqlik iste`mol va jamg`arma funktsiyasi deyiladi. Bu funktsiyalarni bayon etishda klassik iqtisodchilar va keynschilarning nuqtai nazarlari farqlanadi. Klassik iqtisodchilarning fikriga ko`ra, kishilar o`z mablag`larini qo`shimcha daromad keltirgan taqdirda jamg`armaga yo`naltirishga harakat qiladilar. Shunga ko`ra, banklarning real foiz stavkasi qanchalik yuqori bo`lsa, ularning jamg`armaga qiziqishlari shu qadar kuchli bo`ladi, ya`ni jamg`arma real foiz stavkasining o`sib boruvchi funktsiyasi hisoblanadi. Aholi daromadlari iste`mol va jamg`arma mablag`larining yig`indisidan iborat ekan, real foiz stavkasining o`sishi bilan iste`mol pasayib, jamg`arma esa ko`payib boradi. Boshqacha aytganda, klassik iqtisodchilar fikriga ko`ra iste`mol real foiz stavkasining pasayib boruvchi funktsiyasi hisoblanadi.
J.M.Keyns klassik iqtisodchilarning bu fikrlariga qarshi chiqib, uy xo`jaliklarining iste`mol sarflari real foiz stavkasiga u qadar bog`liq emasligini, kishilar uchun hamma vaqt joriy iste`molning kelgusidagi iste`moldan afzalligini ta`kidlaydi. U iste`mol sarflari darajasiga ta`sir ko`rsatuvchi asosiy omil sifatida uy xo`jaliklarining joriy daromadlarini ko`rsatadi. Demak, Keyns fikriga ko`ra, iste`mol – uy xo`jaliklari joriy daromadlarining o`sib boruvchi funktsiyasi hisoblanadi:
.
Iste`mol funktsiyasini grafik ko`rinishida ham tasvirlash mumkin (1-chizma). Bunda tik o`qqa iste`mol sarflari, yotiq o`qqa esa aholi ixtiyoridagi daromad miqdori joylashtiriladi.