7-BOB. MINTAQALARDA EKOLOGIK TURIZMNI RIVOJLANTIRISH RESURSLARI VA ULARDAN FOYDALANISH
7.1. Mintaqalarda ekoturizmning tutgan o‘rni va roli.
7.2. O‘zbekiston turistik mintaqalarining ekoturistik salohiyati va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
7.3. Ekoturizmni rivojlantirishda tabiati alohida muhofaza qilinadigan hududlarning o‘rni.
7.1. Mintaqalarda ekoturizmning tutgan o‘rni va roli Dunyo miqiyosida turizmning eng yangi yo‘nalishlaridan biri ekologik turizm yoki ekoturizmdir. „Ekologik turizm“ termini birinchi marotaba 1980 - yil meksikalik iqtisodchi G.Seballos –Laskureyn taklif qilgan. Ekoturizmning asosiy maqsadi sayohat paytida yangi joylarni ko‘rish, tabiat go‘zalligidan, toza tog‘ yoki o‘rmon havosidan bahra olish, „yovvoyi“ tabiat bag‘rida dam olish, shuningdek, boshqa xalqlar urf-odati, madaniyati, san’ati, tarixiy obidalarini ko‘rishdan iborat. Turizmning bu ko‘rinishi Kanada, AQSh, G‘arbiy Yevropa davlatlari, Markaziy va Janubiy Amerika, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda tez rivojlanmoqda. Ekologik turizm ayniqsa Avstraliyada yaxshi rivojlangan bo‘lib, bu soha bo‘yicha maxsus dasturlar yaratilgan.
Ekologik turizmni tashkil etish va rivojlanishi uchun obyektlar bo‘lib, quyidagilar xizmat qiladi:
• milliy bog‘lar, davlat buyurtmalari, tabiat yodgorliklari;
• botanik bog‘lar;
• davolash-sog‘lomlashtirish joylari va kurortlar;
• qo‘riqxonalar.
Ekoturizmning muhim obyekti bo‘lib, ekologik toza hudud, ajoyib tabiat va boshqa rekreatsiya resurslari hisoblanar ekan, mamlakatimiz bu resurs turlariga boy hisoblanadi. Respublakamizda tarixiy, arxeologik, arxitektura, san’at, musiqa va boshqa turistik resurslar mavjud. O‘zbekistonning boshqa mamlakatlarda uchramaydigan ekzotik tabiati, xilma-xil landshaftlari, flora va faunasi butun turistik regionning jozibadorligini belgilovchi asosiy omillardir.
Hozirgi vaqtda to‘rt xil ekoturizm turlari va ekoturlar mavjud.
1.Ilmiy turizm. Bunda turistlar dala sharoitida kuzatish ishlari olib boradilar, tabiatda izlanish ishlarida ishtirok etadilar. Masalan Lotin Amerikasi mamlakatlaridan biri Kolumbiyada, u erdagi boy qo‘shlar olamini o‘rganish uchun
“Kolumbiya qushlari” degan ekoturlar o‘tkazilib, unda boshqa davlatlardan kelgan ornitologlar ham qatnashib ilmiy izlanishlar olib boradilar. Bunda turistlar aktiv harakat usullari qo‘llab, tabiiy go‘zallikdan bahra oladilar. Ilmiy tushumga chet elga bo‘lgan ilmiy-tekshirish ekspeditsiyalari va tabiiy fakultetlarda o‘qiyotgan talabalarning dala praktikasi ham kiradi.
2. Tabiat tarixini o‘rganish turlari. Bu atrof-muhitni va mahalliy madaniyatni o‘rganish uchun qilingan sayyohatdir. Ular ko‘pincha qo‘riqxonalar va milliy bog‘larda takshil etilishi mumkin. Bu turlar tabiat fenamentlari bor joylarda ham tashkil qilinishi mumkin. Bunga maktab o‘quvchilarining poxodlari ham kirib, unda o‘qituvchi, o‘quvchilarga o‘tilgan joylarning tabiati tarixi to‘g‘risida hikoya qilib beradi.
Samarqand shahridan janubiy–g‘arbda Nurobod tumanida qoratepa tog‘ tizmasi joylashgan bo‘lib, undagi cho‘qqi ustida Xazrati Dovut g‘ori joylashgan. Bu g‘orga borish yo‘li obodonlashtirilgan va unga hamma ham borishi mumkin. Lekin g‘orga borgan vaqtda malakali ekskursovod rahbarlik qilib, u g‘orni paydo bo‘lish tarixi va sabablarini tushuntirib bersa, unda mistikaga yo‘l qolmas va g‘or to‘g‘risida afsonalarga izoh berilgan bo‘lar edi. Bundan tashqari ekoturistlar olib borgan tozalash ishlarida g‘or va tashqarisining ko‘rinishi ancha manzarali bo‘lishi mumkin.
3. Sarguzasht turizmi. Bu tur turizm barcha aktiv xarakatni turlarini o‘zida jamlangan sayohatlarni o‘z ichiga oladi hamda tabiatda dam olish turlari ham bunga kirib ulardan maqsad yangi xissiyotlarni sezish, taassurotlarni boshdan kechirish, turistlarni fizik formasini yaxshilash va yangi sport muvoffaqitlarga erishishidir. Bu tur turizmga alpinizm, qoyalarda yurish, tog‘ va piyoda yurish turizmi, suv, chang‘i va tog‘-chang‘i turizmi, otda yurish turizmi kiradi.
4. Alohida muhofaza etiladigan tabiat hududlarga sayohat (AMETHS) etish ekoturizmning asosiy turi hisoblanadi. Ekoturizm funksiyalarining asosiy farqi va o‘ziga xosligi. Ekoturizm o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
- mahalliy aholining o‘z hududlarining ijtimoiy - iqtisodiy rivojida ishtirok etishi;
- turizm obyektlari ichida tabiiylikni ko‘pligi;
-mo‘tadil tabiatdan foydalanish;
- energiyani kam iste’mol etishi;
- turistlarni ekologiyadan bilimli bo‘lishi
Ekoturizmning tarkibiy qismlari. 1997 yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan Butunjahon kongressida e’tirof etilgan ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha jami sayohatga chiqganlarning 12 foizi ekoturizmda ya’ni „yashil“ sayohatga chiqishgan. Chet ellik olimlar baholashiga 1993 yil ekoturizmdan tushgan daromad 30 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan, ya’ni xalqaro turizmdagi jami daromadning 10 foizini tashkil etgan. Sayyohatning bu turi asosan AQSh, Kanada, Avstraliya, Nepal, Ekvador, Braziliya, Filippen, Keniya, JAR davlatlarida tez rivojlanmoqda.
Turistik sayohatlarga chiqishdan maqsad sayohat vaqtida yangi joylarni ko‘rish, tabiat go‘zalligidan, toza tog‘ yoki o‘rmon havosidan bahra olish, “yovvoyi” tabiat bag‘rida dam olish shuningdek, o‘zga xalq urf-odati, madaniyati, san’ati va tarixiy obidalar ko‘rishdan iboratdir.
Ekoturizmni rekreatsion resurslarga: tabiat, tog‘ va tekisliklar, daryolar, cho‘l va vohalar, ko‘l va turli landshaft zonalari kiradi. Shular asosida ekoturizm qo‘yidagi tarkibiy qismlarga bo‘linadi.
• Dengiz va okeanlar ekoturizmi;
• O‘rmon va sun’iy bog‘lar zonalariga ekoturizm;
• Daryo va ko‘llarda ekoturizm;
• Tog‘ ekoturizmi;
• Tarixiy obidalar ekoturizmi;
• Arxeologik qazilmalar ekoturizmi;
• Ekologik mushkul joylar ekoturizmi;
• Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ekoturizmi.
Yuqorida ta’riflangan ekoturizmning tarkibiy qismlari ichida oxirgisi alohida salmoqli o‘rin tutadi va ko‘pchilik olimlar ekoturizm tushunchasini faqat alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ekoturizmi deb qo‘llashadi.
Ekoturizmning rivoji natijasida uning uch asosiy xususiyati paydo bo‘lib, ular mahalliy aholining ma’naviy kayfiyatiga, iqtisodiy ahvoliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa jihatdan o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bo‘larga quyidagilar kiradi:
1. Ijtimoiy xususiyati
2. Iqtisodiy xususiyati
3. Ekologik xususiyati
Ijtimoiy jihatdan olib qarasak, ekoturizmning ijobiy tomoni shundaki, u mahalliy aholiga o‘zining yurti tabaitini muhofaza qilgani uchun unga iqtisodiy samara beradi, ularni muhofaza etilayotgan hududlarida hamkorlikda ish olib borishga imkoniyat beradi. Ko‘pincha muhofaza etiladigan hududlarni asosiy muammolari mahalliy aholining muhofaza etiladigan tabiat hududlari bilan o‘zlari yashaydigan joylardan foydalanish uchun kurashi natijasida kelib chiqadi. Ekoturizm qishloq aholisi uchun, ularning iqtisodiy manfaati uchun kurashda, tabiatning nodir burchaklarini saqlab qolgan taqdirda, undan maxsus foydalanish yo‘li bilan iqtisodiy foyda olish yo‘lini ko‘rsatadi. Lekin, mahalliy aholi o‘rtasida ularning olayotgan iqtisodiy foydasi o‘sha erning tabaiatini saqlanishi bilan chambarchas bog‘liqligini chuqur tushuntirish ishlari olib borish yo‘li bilan isbotlash kerak. Yangi ochilayotgan qo‘riqxonalar hududida hamisha ma’lum miqdorda shu erda yashab turgan aholi qoladi. Masalan, Kitob geologik qo‘riqxonasi hududida ayrim qishloqlar qolib ketgan. Qishloqlarning ko‘p sonli aholisi azaldan qo‘riqxona maydonida dehqonchilik yoki mol boqish bilan shug‘ullangan.
Qo‘riqxona chegarasi aniqlangan vaqtda charvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholiga ikki shart qo‘yiladi, birinchidan qo‘riqxona maydonidan tashqariga chiqib yangi turar joyga ko‘chish, ikkinchidan, ularni shu vaqtga qadar shug‘ullanib kelgan dehqonchilik yoki charvachilik ishlarini qat’iy taqiqlash. Chunki qo‘riqxona talabiga asosan, qo‘riqxonalar va ularning muhofaza mintaqalarida ularga aloqasi bo‘lmagan
har qanday xo‘jalik ishlari olib borish taqiqlanadi. Qo‘riqxona maydonida ekoturistik
marshrutlar tashkil etish yoki turistlar talabi asosida, turistik iste’molni qondirish, tabiatni o‘rganish, tabiat ekosistemalarini muhofaza etishda o‘z hissasini qo‘shish yo‘li bilan, mahalliy aholining qiziqishini himoya qilgan holda, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda turizm ishlarini olib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar rekreatsion funksiyasini ekologik baholash ma’lum murakkablikka ega. U qo‘riqxona yoki milliy bog‘ga kelayotgan turistlarning xizmat ko‘rsatishdagi ekologik samaradorligi bilangina emas, balki kelayotgan foyda bilan ham o‘lchanadi. Masalan, «Azchek» va «Teberda» turistik bazalari Teberda qo‘riqxonasi chegarasida joylashib, bir yilda 350 ming dollar, Litvaning milliy bog‘ida joylashgan «Ignamena» turbazasi esa 76 ming dollar foyda keltiradi.
Rekreatsion faoliyatdan kelayotgan foydani baholashda, unga qo‘shimcha xizmat ko‘rsatayotgan va turistik mahsulotlar ishlab chiqarishga qo‘shilgan, hamda dam oluvchilarga qo‘shimcha xizmat ko‘rsatayotgan korxonalar foydasi ham hisobga olinadi. Ular ko‘pincha qo‘riqxonalar va milliy bog‘lardan kelayotgan foydadan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Masalan 27 ming turistlarni Teberdi qo‘riqxonasiga olib borayotgan transport tashkilotlarining foydasi «Azchek» va «Teberda» turbazalari olayotgan foydadan 1,5 marta ko‘p bo‘lgan.