Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” yoki
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” yoki “Al osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” asari
Reja
Kirish
1. Abu Rayhon Beruniyning “Al osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” asari
2. Asardagi xalqlarning urf odatlari, ba`zi bir noodatiy hodisava jarayonlar bayoni.
3. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari qadimgi tarix kalendar sistemasi
4. Abu Rayhon Beruniy. «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Osor-ul-boqiya») dan iqtibos va rivoyatlar
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
Kirish Sharqda ilk Uyg`onish davrining qomusiy olimlaridan biri Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Al-Beruniy (973, 4 sentyabr — 1048, 11 dekabr) umumjahon tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlar rivojiga katta ta`sir ko`rsatgan buyuk aql-zakovat sohibidir. Uning dunyoqarashi X asrning ikkinchi yarmi va XI asrning boshida Markaziy Osiyoda rivojlangan feodalizm qaror topayotgan g`oyat murakkab, jo`shqin voqealarga boy tarixiy vaziyatda shakllandi. Birinchi ustozi bo`lmish Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroq uni Evklid geometriyasi va Ptolemey asarlari bilan tanishtiradi. Ibn Iroq unga Xorazmning turli shaharlaridagi madrasalarda va mashhur ustozlaridan ta`lim olishga yaqindan yordam bergan. Shuningdek, Abu Rayhon Beruniyning tabiiy-ilmiy va ma`rifiy-pedagogik hamda psixologik qarashlarining shakllanishida qomusiy olimlardan Muhammad al-Xorazmiy (780-850), Abu Abbos Ahmad Farg`oniy (IX asr), Marvoziy (IX asr), Javhariy (IX asr), Abu Nasr Forobiy (870-950), Abul Vafo Buzxoniy (840-938), Abu Said as-Sijiy (951-1024) hamda yunon olimlaridan Fales, Pifagor, Arximed, Galen, Gippokrat, Evklid, Ptolemey, Platon, Aristotel`, hind olimi Bramagupta va boshqalarning asarlari ta`lim va tarbiya maktabi vazifasini o`tadi. Beruniy bu olimlarning asarlarini o`qib bilish uchun yoshligidanoq arab, fors, yunon, sanskrit, yahudiy tillarini puxta o`rgandi. Astronomiya, astrologiya, falsafa, matematika, fizika, geodeziya, geologiya, farmakognoziya, mineralogiya, tarix, adabiyotshunoslik, tarjimonlik, lug`atshunoslik kabi sohalarda tadqiqotlar olib borib, badiiy asarlar yaratib buyuk samaralarga erishdi. Mahmud G`aznaviyning o`g`li Mas`ud davrida Beruniy o`zining falakiyot va fizikaga oid mashhur “Qonuni Mas`ud” asarini yozib, uni Mas`ud nomiga bag`ishlaydi. Shuningdek, olim ana shu davrda yaratilgan “Joylar chegaralarini aniqlash uchun turar joylarning masofalarini belgilash” (“Geodeziya”) asarida Quyosh va Oyning tutilish sabablarini, joylarning jo`g`rofik kengliklarini aniqlash yo`llarini tushuntirib beradi. “Javohirlarni bilish va umumiy kitob” (“Mineralogiya”) asarida qimmatbaho tosh va minerallarni, ularning xossa va xususiyatlarini, solishtirma og`irligi, qattiqlik darajasi, rangi, tiniqligi va boshqa fizik xossalarni bayon qilgan. “Saydana” (“Farmakognoziya”) asarida Beruniy qadimgi yunon va o`rta asr Sharqi, Markaziy Osiyo, Eron, Hindiston va arab mamlakatlarining madaniyat tarixini tadqiq qilish ishiga ham ulkan hissa qo`shdi. Olimning eng mashhur asarlaridan biri «Osor ul-boqiya»« (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»)dir. Beruniy 150 dan ziyod bebaho asarlar yozib qoldirdi. Ulardan bizgacha 30 dan ortiq asar yetib kelgan, xolos.