Mavzu: Davlatning iqtisodiy siyosatining tamoyillari va yo’nalishlari. Davlatning iqtisodiy vazifalari Reja: Kirish 1.Davlat iqtisodiy siyosatining mohiyati va milliy iqtisodiyot rivojlanishidagi ahamiyati
2.Davlat iqtisodiy siyosatining tamoyillari va ularning qo’llanilishi
3.Davlat iqtisodiy siyosatining asosiy yo’nalishlari va unda belgilangan asosiy vazifalar tahlili
Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar
Kirish Bozor iqtisodiyoti o`zining ob’ektiv qonunlari hamda o`zini-o`zi tartiblash dastaklari, vositalari orqali amal qiladi. Ammo bozor iqtisodiyotining ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy jihatlari ham mavjuddir. Ularning eng asosiysi iqtisodiyotdagi ob’ektiv qonunlar va munosabatlar, regulyatorlar asosida shakllanadigan bozor muvozanati hamda mutanosibliklarning buzilishi oqibatida vujudga keladigan nomutanosibliklarning kuchayishi, iqtisodiy tanglik va inqirozlardir.Inqirozlar natijasida iqtisodiy pasayish, ishsizlik, inflyatsiyaning kuchayishi, xalq turmush darajasining yomonlashuvi sodir bo`ladi. Shu boisdan ham davlatning iqtisodiyotga aralashuvi va uni ustuvor ravishda iqtisodiy dastak va vositalar yordamida tartiblashi zarur bo`ladi. Bu esa zamonaviy bozor iqtisodiyotining o`zini o`zi tartiblashning bozor mexanizmi bilan uni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini uyg`unlashtirishni hamda unga mos ravishda davlat iqtisodiy siyosatini shakllantirishni taqozo etadi.
O`zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat jamiyatni yanada demokratlashtirish va yangilash, iqtisodiyotni modernizasiya qilish va isloh etishni yanada chuqurlashtirishga yo`naltirilgan davlat siyosatining muhim qismi hisoblanadi. Davlat iqtisodiy siyosati orqali iqtisodiyotga aralashib, uni ma’muriy, huquqiy va iqtisodiy mexanizmlar, dastaklar vositasida tartibga soladi.
Bozor iqtisodiyotini shakllantirish va rivojlantirish sharoitida O`zbekistonda tartibga solinadigan ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti shakllantirilmoqda. Shu boisdan, davlatning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi vazifalari nimalardan iborat, uni tartibga solishning shakl va usullari, vositalari qanday bo`lishi kerak, degan muammolarni o`rganish muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda mustaqillik davrida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmi asosan shakllantirildi. Bu mexanizm 2008 yilda boshlangan va hamon ma’lum darajada davom etayotgan jahon moliyaviy – iqtisodiy inqirozining respublika iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini bartaraf etish hamda barqaror va mutanosib iqtisodiy o`sish sur’atlarini saqlab qolishda muhim rol o`ynadi. Shuning uchun ham iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish muammolarini o`rganish dolzarb ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevralda imzolagan “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi” ning “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan uchinchi yo`nalishning 3.4-punktida “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uni ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag`batlantirishga qaratilgan institusional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish: xususiy mulkning huquq va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, barcha turdagi to`siq va cheklovlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivojiga to`liq erkinlik berish, «Agar xalq boy bo`lsa, davlat ham boy va kuchli bo`ladi» degan prinsipni amalga oshirish; kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy aralashuvlarning qat’iy oldini olish” kabi vazifalar belgilangan¹.