Kompyuter arxitekturasini o‘rganishda, kompyuter protsessorining tuzilishi va uni qanday ishlashini tushunish muhim ahamiyatga ega jihatlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ushbu bobni kompyuter protsessorlarining tuzilishlari va ularni qanday ishlashlarini batafsilroq ko‘rib chiqishga bag‘ishladik. Ko‘rib chiqish uchun esa Intel protsessorlari oilasiga mansub, so‘z uzunliklari 8, 16 va 32-razryadga teng bo‘lgan, quyidagi protsessorlarni tanlab oldik: 1. Intel 8080 (K580VM80) – 8-razryadli protsessor; 2. Intel 8088 – 16-razryadli protsessor; 3. Pentium 4 – 32 razryadli protsessor. Zamonaviy kompyuterlar protsessorlarining tuzilishlari va ularni qanday ishlashlarini o‘rganish anchagina murakkab jarayon ekanligi hisobga olgan holda, ushbu mavzuga oid asosiy tushunchalar va jihatlarni avval, 8-razryadli protsessor va u asosida qurilgan kompyuterning qanday tuzilganligi va qanday ishlashini batafsil qo‘rib chiqish bilan boshlaymiz.
Tushuntirishlar jarayonida, yuqorida sanab o‘tilgan protsessorlarni o‘zaro taqqoslashlar asosida, ularning tuzilishlariga va ishlash tamoillariga qanday o‘zgartirishlar kiritib borilganligi, hamda bu o‘zgartirishlar natijasida nimalarga erishilganligi haqida ham ma’lumotlar keltirib boriladi. Hozirda kompyuterning qanday tuzilganligi va qanday ishlashini, ya’ni kompyuter arxitekturasini o‘rganish uchun mo‘ljallangan bir nechta o‘quv elektron stendlari ishlab chiqilgan, bunday stendlarga misol qilib - UMPK-80, 8088 trasseri va Pep8 kabi elektron stendlari keltirish mumkin. Bu o‘quv stendlari yordamida mos holda – 8, 16 va 32-razryadli protsessorlarning va ular asosida qurilgan kompyuterlarning tuzilishlari va qanday ishlashlarini o‘rganish imkoniyatlari mavjud. Ko‘pchilik o‘ylaganidek kompyuter arxitekturasi fanini o‘rganishni, hozirda ishlab chiqarilayotgan eng zamonaviy kompyuterlarning tuzilishlari va ularning qanday ishlashlarini o‘rganish bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Negaki ushbu kompyuterlar ham, ularning protsessorlari ham anchagina murakkab tuzilishlarga egadirlar. Shuning uchun zamonaviy kompyuter arxitekturasini o‘rganishda avval 8 va 16-razryadli kompyuterlarning qanday tuzilganligi va qanday ishlashini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi