1. Shaxsning malaka va odatlari.
2. Shaxsning faolligi
3. Shaxsning shakllanishiga ta`sir etuvchi omillar.
Foydalanilgan adabiyotlar
Shaxsning malaka va odatlari Har bir odam bilish, eshitish bilan birga malaka va odatlarni egallaydi. Malakalar bir necha xil bo`ladi (yozish, o`qish, yurish, musiqa chalish, sport va h. k.) Maqsadni ko`zlab biror ishni bajarish malakaga bog`liq. Malaka deb, avval ongli bajarilib keyinchalik avtomatlashgan xatti -harakatlarga aytiladi. Istalgan malakani qayta -qayta takrorlash natijasida hosil qilish mumkin. Malakalar sodda va murakkab bo`lishi mumkin. Masalan, mashina haydash, musiqa chalish, kasb egallash murakkab malaka, mix qoqish, o`tin arralash sodda malaka hisoblanadi. Malakalarni mashq qilish natijasida egallanadi. Shaxsda malakadan tashqari odatlar ham bo`ladi. Odat kishi qalbiga chuqur o`rnashib, uning ehtiyojiga aylanib qolgan harakatlardir. Masalan, ertalab turib yuvinish, ovqatlanish, ozoda yurish kabilar. Odatlar ijobiy va salbiy bo`ladi. Salbiy odatlarga yolg`on gapirish, ichish, chekish kabilar kiradi. Malaka va odatlarning nerv - fiziologik asoslarini shartli reflekslarning hosil bo`lish mexanizmi tashqil qiladi. Bu shartli refleks oddiy emas, balki dinamik stereotip tarzidagi, ya`ni takrorlash natijasida mustahkamlangan shartli reflekslar birlashmasidan iborat.
Masalan, bolalar bog`chaga o`rganguncha qiynaladi, chunki uydagi sharoitga ularda dinamik stereotip bo`ladi. YAngi hosil qilinadigan malakalar ilgari hosil qilinadigan malakalarga bog`liq bo`ladi. Ilgarigi malakalar ijobiy ta`sir qilsa malakalarning kuchayishi ko`zatiladi. Masalan, chet
tillardan birontasini o`rgangan odam boshqa bir chet tili o`rganishda qiynalmaydi. Agar ilgarigi malaka salbiy ta`sir qilsa malakalar interferentsiyasi deyiladi. Masalan, bir sohada ishlagan odam butunlay boshqa sohaga o`tsa qiynaladi. Shaxs shug`ullanayotgan ishi bilan uzoq vaqt shug`ullanmasa malakalar sunish hodisasi ko`zatiladi. Buni malakalarning deavtomatizatsiyasi deyiladi. Malakalarning hosil bo`lish tezligi va mustahkamlanishi odamning yoshiga bog`liq. Masalan, til o`rganish 4 - 5 yoshda tez o`rganiladi. Hunar egallash 12 - 13 yoshda tez o`rganiladi. Malakalarning mustahkamligi qiziqishlarga, individual xususiyatlarga bog`liq , ya`ni asab tizimiga bog`liq bo`ladi. Masalan, xoleriklarda malaka tez, melanholiklarda sekin hosil bo`ladi.
Demak, malakalar inson shaxsining tarkib topishiga katta ta`sir ko`rsatadi. Shaxs o`zining individualligida, ijtimoiy
munosabatlarda belgilanadi. Atoqli psixolog K.K Platonov shaxsni “Konkret odam yoki dunyoni yaratuvchi sub`ektdir”,L. L. Bojovich esa “Odam o`zining anglash jarayonida yaxlitligini idrok qiladi, unda “Men” degan tushuncha paydo bo`ladi”, deb ta`kidlaydilar. A.N. Leont’evning “Faoliyat. Ong. Shaxs” degan kitobida shaxs haqida ajoyib fikrlar bor: “Bu oliy olam birligi, hayotda doimiyligini saqlaydi, har qanday sharoitda shaxsligicha boshqalar ko`z o`ngida va o`zining ko`z o`ngida qoladi.”Har bir odam tug`ilgan kunidan boshlab odamlar qurshovida, ma`lum jamoada - oilada yashaydi. Jamiyatda rivojlanuvchi, til yordamida boshqa odamlar bilan munosabatga kirishuvchi odam shaxsga – voqelikni biluvchi hamda uni o`zgartiruvchi sub`ektga aylanadi. Odam bolasini individ deyiladi. Biz hamma kishilarni - normalodamlarni, yangi tug`ilgan chaqaloqni, aqli zaiflarni individ degan tushunchaga kiritamiz. Ammo ularning hammasini shaxs deb atay olmaymiz. Biz jamiyatda biror foydali mehnat bilan shug`ullanuvchi kishini shaxs deymiz. Odamni shaxs sifatida tevarak - atrofdagi kishilar va narsalar bilan bo`lgan aloqalari ularning ishlab chiqarish faoliyatlarida, odamlar o`rtasida yuzaga keladigan munosabatlarda namoyon bo`ladi. Odam boshqa kishilar bilan bo`lgan munosabatlardagina shaxs bo`lib shakllana boshlaydi. Demak, shaxs kishilik
jamiyatida yashaydigan, faoliyatni biror turi bilan shug`ullanadigan, til orqali atrofdagilar bilan normal muloqotda bo`la oladigan, ongi yuksak rivojlangan komil insondir.Inson shaxsining eng muhim tomonlaridan biri uning individualligidir. Individuallik - bu shaxsning bir necha fazilatlarining qaytarilmaydigan birikmasidir. Uning tarkibiga xarakter (tabiat), temperament (mijoz) qobiliyatlar, hissiyotlar yig`indisi, odatlar kiradi. Odam turli guruhlarga kirar ekan, har xil vazifalarni bir - biriga o`xshamagan rollarni bajaradi. Ba`zi bolalar oilada erkatoy, injiq bo`lsa, maktabda tengdoshlari o`rtasida kamtarin, odobli, xushchaqchaq bo`ladi. Ishda juda jiddiy yuradigan odam biror sayohatga borganda hazilkash, qiziqchi bo`lib yurishi mumkin. Ko`pincha kishi turli vaziyatlarda o`xshash sifatlarni namoyon qiladi.
Bizning jamiyatimizda shaxsga beriladigan tavsifnoma uning rivojlangan jamiyat qurish jarayoniga bo`lgan munosabati va bu jarayonda real qatnashishi bilan belgilanadi. Odamning psixik holatlarini o`zgarishi tashqi muhitga va ijtimoiy tarbiyaga bog`liqdir. Shaxsning nisbatan barqaror va nisbatan o`zgaruvchan xususiyatlari shaxs xislatlarining bir butunligi va o`zaro bog`liqligidan iborat bo`lgan murakkab birlikni, ya`ni dinamik tuzilishni hosil qiladi. Shaxsni psixologik jihatdan o`rganish o`z tarkibiga ikki asosiy ilmiy masalani hal qilishni oladi:
1. Har bir shaxsni boshqa odamlardan ajratib turadigan individual tuzilishini aniqlash. Bu xulq - atvorni oldindan ko`ra olish imkonini beradi.
2. Inson shaxs tuzilishining bir necha qismlarini ajratib ko`rsatishni talab etadi. Bu qismlarning yig`indisi inson shaxsini hosil qiladi. Hozirgi zamon chet el psixologiyasida ikkita omil, ya`ni biologik va ijtimoiy omillarning ta`siri bilan tarkib topgan inson shaxsida ikkita asosiy qismlarni ajratuvchi nazariya ko`zga ko`rinarli o`rinni egallamoqda. Inson shaxsi “Endopsixik” (ichki) va “Ekzopsixik” (tashqi ) a`zolariga bo`linadi, degan fikr ilgari surilgan edi. Tabiiy asosga ega bo`lgan “endopsixika” biologik shart - sharoitlarga bog`liq, “ekzopsixika” ijtimoiy omillarga bog`liqdir. Ikkala omil nazariyasining xatoligi shundaki, bu nazariya ijtimoiy omil bilan biologik omilni, muhit bilan biologik tuzilishni, “ekzopsixika” bilan “endopsixika” ni mexanik ravishda bir - biriga qarama - qarshi qilib qo`yadi. Biroq shaxsning tarkib topishi, tuzilishiga ta`sir qiluvchi tabiiy va ijtimoiy omillar masalasiga yondoshishning boshqa imkoniyatlari ham bor. Masalan, shunday tadqiqot o`tkazilgan: tadqiqotda bo`yi 80 - 130 sm. dan oshmaydigan kishilar shaxsining tuzilishida ko`p jihatdan o`xshashlik borligi aniqlangan. Ularda bolalarcha soddalik, yuksak chidamlilikni, uyat degan narsaning yo`qligini ko`rish mumkin ekan.
Shaxs o`zining faoliyati tufayli tevarak -atrofdagi olam bilan faol munosabatda bo`ladi. Shaxsning faolligi deganda odamning atrofdagi tashqi muhitga ko`rsatadigan ta`siri tushuniladi. Tashqi muhit bilan faqat odamlar emas, hayvonlar ham o`zaro munosabatda bo`ladilar. Lekin hayvonlar tashqi muhitga moslashib yashaydilar, odamlar esa tashqi muhitga moslashib qolmasdan, uni o`zgartirishga ham qodirlar. Shaxsning faolligi uning turli qiziqishlarida, ehtiyojlarida namoyon bo`ladi.
XX asr boshlarida yashagan avstriyalik psixiatr Z.Freyd shaxs faolligini quyidagicha tushuntiradi: “Odam o`zining avlodlaridan nasliy yo`l bilan o`tgan instinktiv mayllarning namoyon bo`lishi tufayli faoldir.Instinktiv mayllar asosan jinsiy instinktlar shaklida namoyon bo`ladi”. Freyd shaxsning faolligini jinsiy mayllar bilan bog`laydi. Shaxsning faolligini hozirgi zamon ilmiy psixologiyasi to`g`ri hal qilib beradi. Ularning fikricha, inson shaxsiy faolligining asosiy manbai uning ehtiyojlaridadir. Odamning ehtiyojlari faollik ko`rsatishga undaydi. ehtiyoj - shaxs faolligining manbai sifatida namoyon bo`ladigan va uning aniq yashash sharoitiga bog`liqligini ifodalovchi holatdir. ehtiyojlar paydo bo`lishiga ko`ra, moddiy (tabiiy) va ma`naviy (madaniy) ehtiyojlarga bo`linadi. Moddiy ehtiyojlarga uxlash, jinsiy yashash, ovqat eyish, issiq va sovuqdan saqlanish, uy - joyga bo`lgan ehtiyojlar kiradi. Ma`naviy ehtiyojlarga kishilarning ijtimoiy ong mahsulotlariga bo`lgan muhtojligi kiradi. Bunday ehtiyojlarga - o`zaro suhbatlashish, kitob o`qish, kino - teatr tomosha qilish, musiqa tinglash kabilar kiradi. Biz moddiy ehtiyojlarimizni madaniy ehtiyojlar asosida qondiramiz. Moddiy va ma`naviy ehtiyojlar albatta qondirilishi shart.
Inson shaxsining faolligi uning qiziqishlarida ham namoyon bo`ladi. Qiziqish- shaxsning oliy nerv faoliyatidagi narsa va hodisalarni bilishi, anglash istagi bilan bog`liq bo`lgan munosabatidir. Qiziqishlar moddiy, ma`naviy, salbiy, ijobiy, davomli, qisqa muddatli bo`ladi. qiziqishlar asosida shaxsning dunyoqarashi va ishonch - e`tiqodlari tarkib topadi. Biz yoshlarda mehnatga ehtiyojni tarbiyalashimiz kerak. Inson shaxsi xulq - atvorining o`z motivlari bo`ladi. MOTIV - ma`lum ehtiyojlarini qondirish bilan bog`liq bo`lgan qandaydir faoliyatga moyillikdir. Agar ehtiyojlar inson shaxsi faolligining moxiyatini tashqil etsa, motivlar bu moxiyatning namoyon bo`lishidan iboratdir. Shaxsning ehtiyojlari motivlar bilan bog`liqdir. SHuning uchun motivlar bir - biridan ehtiyoj turiga qarab farqlanadi. Masalan, moddiy ehtiyojning qondirilishi bilan bog`liq bo`lgan motivlar yoki ma`naviy ehtiyojlarning qondirilishi bilan bog`liq bo`lgan motivlar bo`lishi mumkin. Motivlar anglanilgan va anglanilmagan bo`lishi mumkin. Anglanilmagan motivda odam nimanidir istaydi, ammo o`sha narsa nimaligini tasavvur qila olmaydi. Demak, motivlar inson shaxsi xulq - atvorini va turli faoliyatlarini harakatga keltiruvchi sabablardir. Xatti - harakatlarning muhim motivi e`tiqoddir. E’TIQOT - shaxsni o`z qarashlari , tamoyillari, dunyoqarashlariga mos ravishda harakat qilishga undovchi anglanilgan ehtiyojlar tizimidir. Tilaqlar ham xatti - harakat motivlari bo`lib, bu motivlarda mazkur vaziyatda bevosita bo`lmagan yashash va taraqqiy etish sharoitlarida ehtiyojlar o`z ifodasini topadi. Faoliyatga nisbatan anglanilmagan mayllar orasida eng ko`p o`rganilgan masala ko`rsatma berishdir.
Bu masala gruzin psixologi D.N. Uznadze va uning xodimlari tomonidan ishlangan. Ko`rsatma berish deganda, bilish faoliyati bilan bog`liq bo`lgan ehtiyojlarni ma`lum usulda qondirishga tayyor turish tushuniladi. Masalan, talabalar o`qituvchilar beradigan topshiriqlarni bajarishga doim tayyor turadilar.Shaxsning shakllanishi haqida ikki oqimning fikrini keltirish mumkin. Biogenetik yo`nalish va sotsiogenetik yo`nalish. Biogenetik yo`nalish tarafdorlarining fikricha, inson shaxsi va shaxsiy xususiyatlar faqat bitta omil, nasliy xususiyatlarning ta`siri bilan yuzaga keladi. Ular tashqi muhit va ta`lim - tarbiyaning rolini tan olmaydilar. Sotsiogenetik yo`nalish tarafdorlari eksperimentlarning rivojlanishi bilan bog`liqdir. Ushbu yo`nalish asoschilaridan biri Jon Lokk yangi tug`ilgan bolaning miyasini toza taxtaga o`xshatadi. Go`yoki, uning miyasiga kattalar xohlagan narsasini yozishlari mumkin. Ular tajribani ikkiga ajratadilar: tashqi va ichki tajriba. Yo`nalish tarafdorlarining fikricha, tashqi tajriba - bu moddiy dunyoni narsalarning ta`siridan hosil bo`ladigan bizning sezgilarimizdir. Ichki tajriba esa ruxning mustaqil harakatidir. Buni refleksiya deb ataydilar. Ular tashqi tajriba - sezgilar ichki tajriba-refleksiya bir - biriga bog`liq emas, degan fikrga o`tib ketdilar. Ular shaxsning tarkib topishi faqat ta`lim - tarbiyaning ta`siriga bog`liq deb, tashqi muhit va biologik omillarning ta`sirini tan oladilar
XIX asrning ikkinchi yarmida biogenetik qonun degan oqim kirib keldi. Biogenetik qonun biologiyaga xos bo`lgan ommaviy qonundir. Bu qonunga ko`ra, odam onaning qornidan to tug`ilguncha ko`p ming yillik evolyutsion taraqqiyotni bosib o`tadi, ya`ni uzoq evolyutsion taraqqiyot yo`lini qisqa muddatda takrorlaydi. Biologik qonun namoyondalaridan Myuler va Gekkellar odam tug`ilguncha butun evolyutsion taraqqiyotni qisqa muddatda takrorlar ekan, tug`ilgandan so`ng to shaxs bo`lib tarkib topguncha tarixiy taraqqiyotni takrorlaydi, degan fikrni bildirgan.Inson shaxsining individual (ontogenetik) taraqqiyoti butun insoniyat
tarixiy taraqqiyotining (filogenetik) asosiy bosqichlarini qisqacha takrorlashdir. Ular o`zlarining nazariyalarini bolalarning turli yosh davrlarida namoyon bo`ladigan faoliyat turlari orqali tushuntiradilar. Masalan: nemis psixologi V.SHternning fikricha, yangi tug`ilgan chakaloq odam emas, balki sut emizuvchi hayvondir. U olti oylikka etganda maymunlar darajasiga etadi, ikki yosh bo`lganda maymunning odamga aylanish davrini eslatadi. 5 yoshda ibtidoiy poda bo`lib yashagan qadimgi odamlar darajasiga etadi. 1 - sinfga borganda ibtidoiy jamoatchilik davrini eslatadi. Kichik maktab yoshida esa o`rtaasrlar davrini eslatadi. YUqoridagi nazariyalar uchta omilning (irsiyat, muhit, tarbiya) birgalikdagi ta`sirini tushuntirib bera olmadilar. Shaxsni shakllanishiga ushbu omillar birgalikda ta`sir etadi.
Irsiyat - orqali bolaga nerv tizimi, shartsiz reflekslar, tashqi ko`rinish, irsiy kasalliklar va layoqatlar utadi.Ijtimoiy muhit - avvalo oila muhiti bo`lib, bola tug`ilgan kunidan boshlab odamlar qurshovida ijtimoiy munosabatda bo`lib yashaydi. Shaxs tashqi muhitdan turli ijtimoiy munosabatlarni o`zining faoliyati orqali singdirib, o`z fe`l - atvoriga aylantirib boradi. Bolalarning hammasi o`yin faoliyati bilan shug`ullanadi. O`yin bolalar uchun dunyoni bilish qurolidir. U kattalarning xatti -harakatlariga taqlid qilish orqali o`ynaydi. Ijtimoiy muhitning shaxs shakllanishiga ta`siri kuchli. Masalan, yangi tug`ilgan bolani hayvonlar orasiga qo`shib qo`yilsa xatti - harakatlari hayvonlarnikiga o`xshaydi. Bola tili ham ijtimoiy muhitga bog`liq. Irsiyat orqali ota - onasidan bolaga o`tadigan xususiyatlar yordamchi omil sifatida ta`sir etadi. Tug`ma layoqatlar nasliy yo`l orqali imkoniyat tarzida beriladi. Bu imkoniyatlar ma`lum sharoit bo`lgandagina ruyobga chiqadi.
Bolaga nasliy, organizm, shartsiz reflekslar, analizator apparatlari, miya, tashqi belgilar, irsiyat orqali o`tadi. Demak, inson shaxsining tarkib topishiga aktiv ta`sir qiluvchi omillarning birinchisi tashqi ijtimoiy muhit, ikkinchisi odamga uzoq muddat davomida beriladigan ta`lim - tarbiya va uchinchisi odamga tug`ma ravishda beriladigan nasliy, ya`ni irsiy xususiyatdir.
Bundan tashqari shaxsning shakllanishida shaxsiy faoliyat muhim ahamiyatga ega. Inson o`z - o`zini tarbiyalash, o`z - o`zini anglash orqali shakllanib boradi.
Adabiyotlar ro`yxati:
1.Karimova V. M. Psixologiya. - T., 2002
2.Karimova V. M., Akramova F. Psixologiya. Ma’ruzalar matni - T., 2000
3.Klimov E. A. "Osnovi psixologii". Uchebnik. - M., 1997
4.Kovalev V. I. Motivi povedeniya i deyatelnosti. - M., 1988
5.Merlin V. S. Leksii po psixologii motivov cheloveka. - Perm, 1971