MAVZU Tolalarni yigirish jarayoni.
Reja:
Ip yigirish texnologik jarayonlarining maqsadi, bosqichlari.
Yigirish tarmog'ining rivojlanish tarixi.
Tabiiy va kimyoviy tolalarni yigirish.
Tabiiy va kimyoviy tolalarni yigirish texnologik jarayoni ketma-ketligi.
Yigirish tizimlari. Yigirish korxonalarida o'rnatilgan yangi uskuna va jihozlar.
Tayanch so`z va iboralar: yigirish, tola, ip, kalava, urchuq, chiziqli
zichlik, notekislik,
To`qimachilik sanoati iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biridir. U har xil xom-ashyodan ip, jun ipi, ipak, pishitilgan ip, gazlamalar, trikotaj va noto`qima matolar, shuningdek, boshqa tarmoqlar uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqaradi. To`qimachilik sanoati o`zining ahamiyati, mohiyati, inson uchun zaruriyati nuqtai nazaridan oziq-ovqat sanoatidan keyingi o`rinda turadi.
To`qimachilik sanoati ancha murakkab va u bir necha tarmoqlarga bo`linadi. Ip asosan yigirish korxonalarida, gazlama to`quvchilik korxonalarida, trikotaj buyumlari esa trikotaj korxonalarida ishlab chiqariladi. Pardozlash va gul bosish pardozlash korxonalarida bajariladi. Bundan tashqari pishitilgan ip, momiq va boshqa buyumlar ishlab chiqaradigan korxonalar ham to`qimachilik sanoatiga kiradi.
Yigirish – kalta va ingichka bo`lgan tolalardan belgilangan pishiqlik va chiziqli zichlikdagi ip hosil qilish texnologik jarayonlari majmuasidir. Bunday jarayonlarning har biri yoki bir nechtasi maxsus jihozlarda amalga oshiriladi. Ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni yigirish korxonasi deb yuritiladi.
To`qimachilik sanoatida ip tushunchasi keng ma'noga ega bo`lib, uni birinchi navbatda ham tolalardan yigirilgan, ham tayyor yoki kimyoviy iplarga nisbatan ishlatiladi. Amalda barcha iplarni ishlab chiqarish usuliga ko`ra tolalardan yigirilgan va kimyoviy usulda tayyorlangan xillarga bo`linadi. Yigirilgan iplar xom ashyo tarkibiga ko`ra bir xil va aralashma iplariga bo`linadi. Biron turdagi tabiiy yoki kimyoviy tolalardan yigirilgan iplarni bir xil, turli tolalarni aralashmasidan yigirilgan iplarni esa aralashma iplar deb yuritiladi. Aralashma iplar tabiiy tolalardan birini biron turdagi kimyoviy tola bilan yoki turli kimyoviy tolalarni aralashtirishdan so`ng yigirib olinadi. Yigirilgan iplar oddiy, shakldor va hajmi kattalashtirilgan (hajmli iplar) ko`rinishlarda ishlab chiqariladi.
Iplarning fizik, mexanik va boshqa xossalari ko`plab ko`rsatkichlar orqali baholanadi. Ulardan bir nechtasi asosiy xossalari sifatida belgilangan. Bular jumlasiga uzilish kuchi, nisbiy uzilish kuchi, uzilishdagi uzayishi, pishitilishi, tozaligi, nuqsonlar soni, notekisligi kiradi.
Uzilish kuchi ipni uzish uchun sarflangan kuchni ko`rsatadi. Nisbiy uzulish kuchi esa ipni uzish uchun sarflangan kuchni uning chiziqli zichligiga nisbati bilan ifodalanadi:
bu yerda, - ipning nisbiy uzilish kuchi, sN/teks;
- ipning chiziqli zichligi, teks;
- ipning uzilish kuchi, sN.
Bu ifodadan bir xil nisbiy uzulish kuchiga ega bo`lgan iplarning chiziqli zichligi kichik bo`lgani, ya'ni ingichkarog`i nisbatan pishiq bo`lishi ko`rinadi.
Pishitish odatda 1 metr ipdagi buram (eshim) sonini ko`rsatadi. Ip yigirishda buramlar soni tolaning uzunligi, ipning chiziqli zichligi, yigirish tizimi, qanday maqsadda ishlatilishiga qarab belgilanadi. Buramlar soni oz bo`lsa ipni kuchsiz bo`lishiga, me'yordan ortiqcha bo`lishi ip sifatini buzilishiga olib keladi.
Ipning nisbiy uzayishi uni uzilishigacha bo`lgan davrda necha foizga uzayganligi bilan ifodalanadi. Uzayishi katta bo`lgan iplar cho`ziluvchan hisoblanadi. Bu ko`rsatkich ayniqsa trikotaj va noto`qima matolar tayyorlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ipning xom ashyosi va o`lchamlarini qiyosiy baholash uchun uzilishdagi uzayish-kuchlanish diagrammasidan foydalaniladi.
Ipning tozaligi uning sirtidagi nuqsonlari bilan belgilanadi. Ip qancha silliq va toza bo`lsa, undan olinadigan mato ham shunchalik tekis va sifatli bo`ladi. Shuningdek, ipni qayta ishlatishda uzilishlar soni kam bo`lib, jihozlarning unumdorligini yuqori bo`lishi ta'minlanadi. Hozirgi kunda ushbu ko`rsatkichni «neps soni» (yoki neps) deb yuritilmoqda.
Yigirilgan iplarning sifatini belgilovchi eng asosiy ko`rsatkichlardan biri uning xossalarining notekisligidir. Notekslik variatsiya koeffitsienti yoki kvadratik noteksligi orqali ifodalanadi va har bir turdagi ip uchun me'yorlashtirilgan bo`ladi.
Texnologik jarayonlarni bir maromda borishida va matoning sifatli bo`lishida ipning noteksligi katta ahamiyatga ega. Belgilangan maqsadlar uchun ipning xossalari bo`yicha bir tekisda bo`lishi talab etiladi. O`z navbatida sifati yuqori bo`lgan iplarning narxi ham nisbatan yuqori bo`ladi. Shuning uchun u yoki bu turdagi mato tayyorlash uchun iplarning sifatini to`g`ri tanlashni nafaqat texnologik, shu bilan birga iqtisodiy jihatini ham nazarda tutish maqsadga muvofiq.
Dostları ilə paylaş: |