Sintaktik uslubiyat Reja



Yüklə 24,36 Kb.
səhifə1/4
tarix21.12.2023
ölçüsü24,36 Kb.
#188597
  1   2   3   4
Sintaktik uslubiyat


Sintaktik uslubiyat
Reja:

  1. Sintaksisning uslubiy imkoniyatlari.

  2. Sintaktik omonimiyaga xos uslubiy xususiyatlar.

  3. Sintaktik sinonimlikka xos uslubiy xususiyatlar.

  4. Soʻz birikmasi doirasida sinonimiya.

  5. Gaplar orasidagi sinonimiya.



Tayanch tushunchalar: til, nutq, nutq uslubi, grammatika, sintaksis, sintaksisning uslubiy imkoniyatlari, sintaktik omonimiya, sintaktik omonimiyaga xos uslubiy xususiyatlar, sintaktik sinonim, sintaktik sinonimlikka xos uslubiy xususiyatlar, soʻz birikmasi, soʻz birikmasi doirasida sinonimiya, gap, gaplar orasidagi sinonimiya.


Sintaksisning uslubiy imkoniyatlari. Oʻzbek tili sintaksisi uslubiy tomondan hali yetarli oʻrganilmagan. Bu sohaga bagʻishlangan ilmiy yoki ilmiy-metodik ishlar kam. Ammo kundalik turmush, tilning hozirgi taraqqiyoti uning sintaktik qurilishidagi uslubiy tomonlarini har tomonlama oʻrganishini taqozo etmoqda. Chunki soʻzlovchi yoki yozuvchi biror fikrni roʻyobga chiqarishda turli sintaktik birliklardan maqsadga muvofigʻini tanlab ishlatadi. Shu asosda aytilayotgan fikrni ta’sirchan va ma’noli boʻlishini ta’minlaydi. Buning uchun sintaktik uslubiy vositalar: sintaktik sinonimiya, sintaktik omonimiya, she’riy sintaksisdagi uslubiy figuralarga murojaat qiladi.
Nutq uslublariga xos turli sintaktik vositalar, soʻz birikmalari va gaplardagi sinonimiya, polisemiya, omonimiya hodisasi, soʻz tartibi, ifoda maqsadiga va tuzilishiga koʻra gap turlarining nutqda ishlatilishi, koʻchirma va oʻzlashtirma gaplarning uslubiy xususiyatlari va boshqalar sintaktik uslubiyatning oʻrganish obyektidir.
Bunda u istalgan sintaktik birlikni yakka, ajratib olgan holda emas, balki u bilan yonma-yon turgan boshqa sintaktik birliklar bilan aloqaga kirgan joyini, ya’ni nutqdagi sintagmatik va tildagi paradigmatik aloqalarni hisobga olgan holda ish tutadi. Demak, har bir sintaktik birlikdagi qoʻshimcha ma’nolar ochiladi va bu ma’nolarning bayon qilinayotgan nutqning ta’sirchanligi, ifodaliligini oshirishdagi ahamiyati nazarda tutiladi.
Soʻzlar sintaktik aloqaga kirishgandagina biror ma’no qirrasi roʻyobga chiqadi. Xuddi ana shu oʻrinda biz biror soʻzning oʻzaro birikishi yoki birika olmasligini sezamiz. Demak, soʻzlardagi ma’no va grammatik xususiyatlarni toʻgʻri aniqlab, nutqda ular oʻrinli biriktirilsa, uslubiy nuqsonsiz, ixcham va tushunarli fikr roʻyobga chiqadi. Aks holda, nutq sayoz va mantiqsiz boʻladi. Masalan, ogʻir, mushkul, qiyin sinonim soʻzlari masala oti bilan birikib, ogʻir masala, mushkul masala, qiyin masala kabi aniq bogʻlamalar hosil qilgani holda, chamadon oti bilan faqat ogʻir soʻzi birika oladi: ogʻir chamadon.
Koʻrinadiki, har bir soʻzning oʻz leksik-grammatik tabiatiga asoslangan bogʻlanish xususiyatlari bor: sifat+ot: katta bino (predmet va uning belgisi); ot+fe’l: ishga kirdi (predmet va uning harakati); ravish+fe’l: yayov yurdi (harakat va uning belgisi) kabi. Son bilan sifat birikmaydi. Chunki ikkalasi ham predmet belgisini bildiradi. Shuningdek, oʻtimli fe’l predmetning doimo tushum kelishigida boʻlishini talab qiladi va hokazo.
Soʻz birikmasi va sodda gaplardagi valentlik (birikish)da kamida ikki soʻz aloqaga kirsa, qoʻshma gaplarda ikki predikativ tarzdagi sintaktik birliklar oʻzaro aloqaga kirishadi. (Bu haqda keyinroq fikr yurtiladi).
Sintaktik konstruksiyalarning uslubiy boʻyogʻi shu konstruksiyalarda ifodalangan soʻzlar, shaxs-son, kelishik, modallik va soʻz tartibi kabi grammatik ma’nolar bilan bevosita bogʻlangan boʻladi. Bu uslubiy boʻyoq uch a’zoli paradigmada yorqin namoyon boʻladi: betarf, kitobiy, soʻzlashuv. Masalan: U gʻamgin edi (betaraf); u xazin edi, (ta’sirchan boʻyoqli – kitobiy); gʻamgin edi u (ta’sirchan boʻyoqli – soʻzlashuv).
Qayd etilgan dalillar sintaktik birliklarning oʻziga xos katta uslubiy imkoniyatga ega ekanligini koʻrsatadi.

Yüklə 24,36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin