O‘zbekiston Respublikasi hududida standartlashtirish ob’ektlariga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi me’yoriy hujjatlarning quyidagi toifalari amal qiladi:
Xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar;
O‘zbekiston Respublikasining standartlari;
Tarmoq standartlari;
Texnikaviy shartlari;
Korxona standartlari;
Xorijiy mamlakatlarning milliy standartlari.
Xalqaro standart - bu standartlashtirish bilan (standartlashtirish bo‘yicha) shug‘ullanadigan xalqaro tashkilot tomonidan qabul qilingan va iste’molchilarning keng doirasiga yaroqli bo‘lgan standartdir.
Mintaqaviy standart esa, standartlashtirish bilan shug‘ullanadigan mintaqaviy tashkilot tomonidan qabul qilingan va iste’molchilarning keng doirasiga yaroqli bo‘lgan hujjatdir.
Davlatlararo standart "GOST" - bu standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengash tomonidan qabul qilingan, bajarilishi shart bo‘lgan hujjatdir.
Milliy standart - bu standartlashtirish bilan shug‘ullanadigan milliy idora tomonidan qabul qilingan va iste’molchilarning keng doirasiga yaroqli bo‘lgan standartdir.
Korxona standarti - bu mahsulotga, xizmatga yoki jarayonga korxonaning tashabbusi bilan ishlab chiqiladigan va uning tomonidan tasdiqlangan hujjatdir.
Standartlarni qo‘llashda turli usullar mavjud. Bir mamlakat doirasida standartlar yangidan yaratilishi mumkin hamda xalqaro, mintaqaviy va davlatlararo standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi ham mumkin.
Standartlardan tashqari rahbariy hujjatlar, texnikaviy shartlar, standartlashtirish bo‘yicha tavsiyanomalar, yo‘riqnomalar (qoidalar) ham mavjuddir.
Rahbariy hujjat deganda standartlashtirish idoralarining va xizmatlarning vazifalarini, burchlarini va huquqlarini, ularning ishlari yoki ishlarining ayrim bosqichlarini bajarish usullari, tartibini va mazmunini belgilaydigan me’yoriy hujjat tushuniladi.