Ilmiy uslub: Atmosfera yog‘inlari – bulutlardan yog‘adigan yoki havoda suv bug’larining kondensatlanishi natijasida yer yuzasiga va o‘simliklar sirtiga tushadigan tomchi yoki muz holatidagi suv. Bulutlardan yomg‘ir, qor, ho‘l qor va muz donachalari, do‘l va hokazo yog‘adi. Havodagi suv bug‘laridan shudring, qirov, bulduruq va boshqa hosil bo‘ladi. O‘ta sovigan yomg’ir, tuman yer yuzasida va narsalar ustida muz qatlamlari hosil qiladi. Atmosfera yogʻinlari davomli va o‘rtacha tezlikda, jala shaklida va mayda shivalab yog‘uvchi yog‘inlarga aj-ratiladi. Davomli va o‘rtacha tezlikda yog‘uvchi Atmosfera yogʻinlari qatlamli yomg‘ir beruvchi va yuqori qatlam bulutlardan yog‘adi. Jala bo‘lib yog’adigan Atmosfera yogʻinlari yomg‘irli to‘p bulutlardan yirik tomchi yoki pag‘a-pag‘a qor, mayda muz donachalari, yerda esa do‘l shaklida yog‘adi, to’satdan katta tezlik bilan boshlanib, tezda to’xtaydi, issiq davrda esa momaqaldiroq bilan birgalikda o‘tadi. Mayda shivalab yog‘uvchi Atmosfera yogʻinlari qatlamli bulutlardan (ba’zan tumanlardan) mayda tomchi va tez eriydigan qor shaklida yog‘adi. Atmosfera yogʻinlari meteorologik stansiyalarda yomg‘ir o‘lchagich, yog’in o’lchagich va plyuviograflar, katta maydonlarda esa radiolokatorlar yordamida o’lchanadi. Yerga tushgan Atmosfera yogʻinlari miqdori suv balansini ko‘rsatadigan mm bilan, jadalligi esa vaqt birligi (min., soat, sutka)dagi miqdori (mm) bilan o’lchanadi.