23-modda. Markaziy bank raisini egallab turgan lavozimidan ozod qilish uchun asoslar Markaziy bank raisi egallab turgan lavozimidan quyidagi asoslarga ko‘ra ozod qilinishi mumkin:
vakolat muddati tugaganda;
egallab turgan lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida sabablari ko‘rsatilgan arizasiga ko‘ra;
o‘ziga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘z xizmat vazifalarini bajara olmaganda, davlat tibbiy komissiyasining xulosasi asosida;
vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb e’lon qilinganda;
egallab turgan lavozimiga munosib bo‘lmagan xatti-harakatlar sodir etganda, shu jumladan ushbu Qonunni qo‘pol ravishda buzganda va Markaziy bank manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganda.
24-modda. Markaziy bank raisining o‘rinbosarlari Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Markaziy bank raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan quyidagi asoslarga ko‘ra ozod qilinishi mumkin:
egallab turgan lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida sabablari ko‘rsatilgan arizasiga ko‘ra;
o‘ziga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘z xizmat vazifalarini bajara olmaganda, davlat tibbiy komissiyasining xulosasi asosida;
vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb e’lon qilinganda;
egallab turgan lavozimiga munosib bo‘lmagan xatti-harakatlar sodir etganda, shu jumladan ushbu Qonunni qo‘pol ravishda buzganda va Markaziy bank manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganda.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bank raisi o‘z o‘rinbosarlari, mustaqil tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari o‘rtasida vakolatlarning taqsimlanishini, shu jumladan pul-kredit siyosatini amalga oshirish, xalqaro zaxiralarni boshqarish, moliya bozorlari sohasida bank tomonidan tartibga solish, nazorat qilish va tekshirishni amalga oshirish chog‘ida vakolatlarning taqsimlanishini ta’minlashi shart.