4-modda. Markaziy bankning mol-mulki Markaziy bankning mol-mulki uning pul qimmatliklari va boshqa moddiy qimmatliklaridan iborat bo‘lib, ularning qiymati Markaziy bankning balansida aks ettiriladi.
Markaziy bank o‘z balansida aks ettirilgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanishga va uni tasarruf etishga haqli.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining II bo‘limi va “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonuni. 5-modda. Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlari Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlari:
narxlarning;
bank tizimining;
to‘lov tizimlari ishlashining barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.
Markaziy bankning bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha faoliyati narxlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.
Foyda olish Markaziy bankning maqsadi hisoblanmaydi.
6-modda. Markaziy bank uchun taqiqlangan faoliyat turlari Markaziy bank:
uchinchi shaxslarga moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanishga, bundan o‘z tasarrufidagi tashkilotlar mustasno;
tijorat faoliyatini amalga oshirishga;
uchinchi shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berishga;
banklarning kapitallarida va boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas, bundan valyuta birjasining, shuningdek Markaziy bankning faoliyatini ta’minlovchi o‘z tasarrufidagi tashkilotlarning kapitallarida ishtirok etishi mustasno.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, boshqa davlat organlariga va tashkilotlariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermaydi.
7-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning oldini olishga doir choralar Markaziy bank manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash va boshqarishga oid siyosatni, shuningdek korrupsiyaning oldini olish yuzasidan Markaziy bankning hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarning barcha xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.