3-bob. Markaziy bankning moliyaviy holati 13-modda. Markaziy bankning ustav kapitali Markaziy bank ustav kapitalining miqdori bir trillion so‘mni tashkil etadi. Ustav kapitali miqdorini ko‘paytirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi Markaziy bankning ustav kapitali boshqa shaxslarga berilishi yoki undan zakalat ta’minoti sifatida foydalanilishi mumkin emas.
14-modda. Foydani aniqlash va taqsimlash Markaziy bankning foydasi har bir moliya yili uchun zaxiralar shakllantirilganidan, umidsiz, shubhali qarzlar va boshqa aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarning o‘rni qoplanganidan, barcha daromadlar hamda xarajatlar hisobga olinganidan, shuningdek aktivlar va passivlar haqiqatda baholanganidan so‘ng aniqlanadi.
LexUZ sharhi Qarang: “Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2696, 14.07.2015-y.). Markaziy bankning chet el valyutasi kursining yoki qimmatbaho metallar qiymatining o‘zgarishi natijasida xalqaro zaxiralarni qayta baholashdan hosil bo‘ladigan realizatsiya qilinmagan daromadlari va xarajatlari xalqaro zaxiralarga oid operatsiyalar bo‘yicha qayta baholash fondiga kiradi. Mazkur realizatsiya qilinmagan daromad Davlat budjetiga yo‘naltirilmaydi.
Markaziy bankning foydasi uning boshqaruvi tomonidan belgilangan tartibda, yillik hisobotni tasdiqlash bilan bir vaqtda taqsimlanadi.
Markaziy bank boshqaruvining qaroriga binoan aniq maqsadli zaxiralar va fondlar shakllantirilishi mumkin.
Aniq maqsadli zaxiralar va fondlar belgilangan tartibda to‘ldirilganidan keyin foydaning qolgan qismi Davlat budjeti daromadiga yo‘naltiriladi. Agar ustav kapitali va umumiy zaxiralar summasi Markaziy bankning muomaladagi pullar hamda Markaziy bankka nisbatan moliyaviy talablar sifatida belgilanadigan pul majburiyatlarining, bundan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va xalqaro moliya tashkilotlari oldidagi majburiyatlar mustasno, o‘n foizidan kamrog‘ini tashkil etsa, Davlat budjeti daromadiga foydaning ellik foizdan oshmaydigan miqdori o‘tkaziladi.
Yillik hisobot ko‘rib chiqilmaguniga qadar foydaning qolgan qismini Davlat budjetiga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
[OKOZ: 1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.17.00 Banklarda buxgalteriya hisobi va hisobot]