5. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini davrlarga va tarkibiy qismlarga bo`lib (sistemaga solib) o`rganish O`quv kursi materiali xronologik izchillikda joylashtirilgan. Ma’lumki, adabiyotlarda insoniyat jamiyati tarixini quyidagi asosiy davrlarga: qadimgi dunyo, o`rta asrlar, yangi davr va eng yangi davr (XX asr)ga bo`lib o`rganish qabul qilingan. Ushbu davrlarning har biri davlat va huquqning rivojlanishidagi alohida tarixiy bosqich hisoblanadi. Mazkur o`quv kursi ilgarigi rus va o`zbek tillarida chop etilgan o`quv kurslaridan farq qilib, jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarga bo`lishga asoslangan markscha-lenincha nazariyaga tayanmaydi. Unda alohida mamlakatlarda, ayniqsa Sharqda qadimgi va o`rta asrlar jamiyatining rivojlanishi alohida yo`llar bilan borganligi, u yerdagi qulchilik munosabatlarining antik qulchilikdan farq qilishi, g`arbdagi feodal jamiyatlar o`ziga xos yo`llar bilan rivojlanganligi hisobga olinadi.
O`quv kursida quldorlik, feodal, burjua tuzumlari degan tushunchalardan faqat sof metodik maqsadlardagina, ya’ni qadimgi davr davlati va huquqini davrlarga bo`lish zaruriyati nuqtai nazaridan shartli ravishda foydalanilgan.
Umuman davlat va huquq tarixini davrlarga bo`lishda davlatlarning madaniyatga erishganligi, tarixiy-siyosiy, mafkuraviy va boshqa muhim omillari hisobga olingan.
Mazkur o`quv kursida u yoki bu xalqlarning dini, mafkurasi, noyob tomonlarining qadimgi davr davlati va huquqi rivoji uchun ta’siriga katta e’tibor berilgan.
O`quv kursida davlat va huquq masalalariga beriladigan tavsif quyidagi tizimga asosan bayon qilinadi:
1. O`rganilayotgan davlatning tashkil topishi (kelib chiqishi, paydo bo`lishi, o`rnatilishi, e’lon qilinishi).
2. Uning ijtimoiy tuzumi, ya’ni sotsial anatomiyasi.
3. Uning davlat tuzumi - davlatning tipi, boshqarish shakli, tuzilishi, mexanizmi, armiyasi, politsiyasi va sud tuzilishi hamda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari.
4. Huquqning asosiy belgilari - huquq manbalari, sohalari va institutlari.
Ushbu tizimdan chetga chiqish faqat ba’zi hollardagina yuz berishi mumkin. Masalan, alohida mamlakatlarning davlati va huquqi rivojlanishidagi o`ziga xos xususiyatlardan, shuningdek, ba’zi mamlakatlar davlati va huquqi o`rganilayotganda yuqoridagi elementlardan birortasi haqida to`liq ma’lumotlar bo`lmagan holatlardan kelib chiqib, o`rnatgan tizimimizdan chetga chiqishimiz mumkin.
Shuni alohida qayd etib o`tmoq lozimki, sulolalar, qo`zg`olonlar, urushlar, ilm-fan, madaniyat, me’morchilik va hokazolar tavsifi Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi kursining mavzuiga kirmaydi. Lekin bular davlat va huquqda o`zgarishlar bo`lishiga ta’sir etsa u holda bu masalalar ham fanimiz predmetiga aylanishi mumkin.