Dialektik usul davlat va huquq rivojlanadi, o`zgaradi, bir shakldan ikkinchi shaklga o`tadi, deb qaraydi. Davlat va huquqni o`rganish, bilish, tadqiq qilishning dialektik usuli - bu ilmiy bilimlar dunyosiga kirishning, davlat va huquqni bilishning asosiy kalitidir.
Dialektika hodisalarni rivojlanishda, boshqa hodisalar bilan aloqadorlikda, bir-biri bilan bog`liq holda, harakatda, miqdoriy va sifat o`zgarishida olib qaraydi. U real mavjud, muayyan vaziyatda, muayyan vaqtda va hududda vujudga kelgan. Binobarin, ularni tushunish uchun ularni vujudga keltirgan sharoitni, mavjud bo`lgan va yashayotgan davrni bilmoq kerak.
Shuni ham e’tiborga olish kerakki, davlat va huquq muayyan ijtimoiy kuchlar, ya’ni hukmron sinflar tomonidan yaratilib, keyin mustaqil kuchga, ustqurmaga aylanadi, shundan keyin o`zini vujudga keltirgan iqtisodiy bazisga ta’sir ko`rsatadi.
Davlat va huquq tarixini o`rganishda dialektik usul bilan bir qatorda tadqiqotning boshqa qator falsafiy umumiy usullari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Keling, shulardan ba’zilari bilan tanishib chiqaylik.
Ma’lumki, analiz (tahlil qilish)da o`rganilayotgan narsa va hodisa, fikr mayda bo`laklarga, ya’ni elementlarga bo`linadi va ular o`rtasidagi bog`lanishlar, o`zaro munosabat va ta’sir o`rganiladi. Tarkibiy qismlarni sintez qilish (umumlashtirish) uchun analiz qilinadi. Elementlarni yana qaytadan birlashtirganimizda analiz natijalari o`rganiladi. Turli mamlakatlarda yoki bir guruh mamlakatlarda (masalan, Sharq yoki antik dunyoda) davlat va huquqning kelib chiqishi va rivojlanishi xilma-xil xususiyat va sifatlarga ega. Ana shunday ko`p qirrali, murakkab davlat va huquq hodisalarini o`rganish va bilish, ular to`g`risidagi tushunchalarimizni chuqurlashtirish uchun mamlakatlarning davlat va huquq tarixini alohida-alohida, tarkibiy qismlarga ajratib analiz qilish zarur bo`ladi. Lekin bu usul bilan davlat va huquq tarixini, uning alohida mamlakatlarda kelib chiqishi va rivojlanishining o`ziga xos xususiyatlarini to`la bilish mumkin emas, shuning uchun u sintez yo`li bilan to`ldiriladi.
Sintez analizning natijalariga suyanib, davlat va huquqning butun sifatini, bir guruh mamlakatlardagi umumiy xususiyatlarini va alohida mamlakatlardagi o`ziga xos xususiyatini o`rganadi. Sintez analiz natijasida fikran bo`lingan elementlarni qaytadan tiklash, ularni birlashtirish, ilgarigi yaxlitlikni fikran vujudga keltirish usulidir.
Analiz tadqiqot jarayonida bilishning tayyorgarlik ko`rish bosqichi hisoblansa, sintez uni yakunlaydi. Analiz va sintez natijasida davlat va huquq tarixi bo`yicha umumiy tushuncha, muhokamalar tarkib topadi, ular yordamida davlat va huquq rivojlanishining o`ziga xos va umumiy sifatlari va muayyan qonuniyatlari aniqlanadi, shakllanadi.
Bilish jarayonida induksiya va deduksiyaning ham roli katta. Induksiya va deduksiya aqliy xulosaning asosiy shakli bo`lib, bilish jarayonida ma’lumdan noma’lumga tomon bo`lgan fikr harakatini ifodalaydi.
Induksiya ayrim fikriy bilishdan umumiy xulosalar chiqarishda qo`llaniladigan muhokama usulidir. Xususiylikni o`rganib, umumiylik bilib olinadi. Umumiylik narsa va hodisalar bilan uzviy aloqada bo`ladi. Bilishda induktiv usul asosida qonuniyatlar ochiladi, tushunchalar maydonga keladi. Bu usul davlat va huquq hodisalarining sababiy bog`lanishlarini tekshirish usuli hamdir. Fanimizda ushbu usuldan foydalanib, masalan, qadimgi Sharq davlatlarini alohida-alohida o`rganish asosida ularning barchasida jamoalarning roli kuchli bo`lganligi, doimiy irrigatsiya ishlari talab qilinadigan xo`jalikning mavjudligi, boshqarishni monarxiya shakli tanho hukmronligi (Sharq despotiyasi degan xulosa ham shundan kelib chiqqan), umuman, ularning ijtimoiy tuzilishida, davlat tizimida va huquqiy tizimida urug`chilik munosabatlarining qoldiqlari uzoq saqlanib qolganligi va hokazolar haqidagi umumiy xususiyatlarni bilib olamiz.