"Umuman, - deb ta’kidlaydi I.Karimov, – men fanni ilg`or, taraqqiyot, progress degan so`zlar bilan yonma-yon qabul qilaman. Fanning vazifasi kelajagimizning shakli-shamoyilini yaratib berish, ertangi kunimizning yo`nalishlarini, tabiiy qonuniyatlarini, uning qanday bo`lishini ko`rsatib berishdan iborat, deb tushunaman. Odamlarga mustaqillikning afzalligini, mustaqil bo`lmagan millatning kelajagi yo`qligini, bu tabiiy bir qonuniyat ekanini isbotlab, tushuntirib berish kerak. Fan jamiyat taraqqiyotini olg`a siljituvchi kuch, vosita bo`lmog`i lozim." Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini bilish avvalo hozirgi davlatchilikning mohiyatini chuqur anglash va uni kelajakda rivojlanishining asosiy yo`nalishlarini oldindan aytib bera olish uchun kerak.
Hozirgi voqelik o`tmishdan va kelajakdan mutlaqo ajralib qolmagan. U faqat yangi, tarixdagi yangi bosqichdir.
Hozirgi davlat va huquq tarixini bilish uchun ularning qanday kelib chiqqanligini, o`z rivojlanishida qanday bosqichlarni bosib o`tganligini, ularning paydo bo`lishiga, tashkil topishiga, rivojlanishiga, shakli va mazmunining o`zgarishiga qanday sabablar ta’sir ko`rsatganligini bilish juda muhim.
Ushbu fanning asosiy vazifasi – xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini va uni alohida mamlakatlardagi xususiyatlarini ochishdan iboratdir.Mazkur fanda barcha xalqlarning davlati va huquqi tarixi uchun tipik bo`lgan davlat va huquq tarixi, shuningdek alohida o`ziga xos bo`lgan mamlakatlarning davlati va huquqi tarixi o`rganiladi. Boshqacha qilib aytganda, Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi davlatchilik tarixiga eng ko`p ta’sir etgan mamlakatlarning davlati va huquqining kelib chiqishi, rivojlanishi, amal qilishini tekshiradi, ma’lum vaqtda va muhitda rivojlanadigan davlat-huquqiy jarayonlarning mazmunini tahlil qiladi, ularning o`ziga xos sabab-oqibat aloqalarini tekshiradi va muayyan-tarixiy qonuniyatlarini ochib beradi. Bu fan umumiy tarixdan farq qilib, jamiyatni to`la va butunligicha o`rganmaydi, balki davlat va yuridik muassasalarning murakkab tizimining tarixiy rivojlanish jarayonini hamda huquq, uning alohida sohalari va institutlarining kelib chiqishi va taraqqiy etishi jarayonini o`rganadi.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi, davlat va huquqqa, xususan, ularning ma’lum rivojlanish bosqichidagi ko`rinishlari, shakllari va rivojlanish jarayonlariga muayyan-tarixiy yondashar ekan, juda ko`p dalillarga, siyosiy hayotning aniq hodisalariga, davlatlar, hukumatlar, sinflar, tabaqalar, partiyalar va boshqalar faoliyatiga tayanadi. Biroq davlat va huquq tarixi davlat va huquqning o`tmishi haqidagi bilimlarni yig`ish bilangina cheklanib qolmaydi. U o`z oldiga davlat va huquqning tarixiy rivojlanish qonuniyatlarini aniqlashni asosiy vazifa qilib qo`yadi.
Davlat va huquq rivojlanishining muayyan-tarixiy qonuniyatlari jamiyat rivojlanishi qonuniyatlariga qaraganda o`ziga xos xususiyatlarga ega. Zero, davlat va huquq jamiyatda alohida o`rin tutadi, nisbatan mustaqillikka ega.
Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi yuqoridagi muammolarni tekshirish bilan to`xtab qolmaydi. U muhim muammolar qatorida inson va fuqarolar huquqlari, hokimiyatlar taqsimlanishi, parlamentarizm, xususiy va ommaviy huquqning asosiy institutlarini kelib chiqishi va rivojlanishini o`rganadi. U o`tmishda erishilgan yutuqlardan o`rnak olishga imkoniyat yaratadi, shuningdek yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarni takrorlamaslikka o`rgatadi.
Shunday qilib, Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi dunyoning alohida mamlakatlari davlati va huquqini ularning vujudga kelishi va ma’lum muayyan-tarixiy sharoitda rivojlanishini xronologik izchillikda, bu jarayonlarning umumtarixiy qonuniyat-larini, shuningdek muayyan jamiyatlar rivojlanishida muhim bo`lgan, ayrim tarixiy bosqichlar doirasida harakat qiluvchi qonuniyatlarni aniqlash asosida o`rganadi. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini o`rganish nazariy va amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega. Tarixni ko`pincha xalqlar xotirasi deb ataydilar, u jahon ijtimoiy tajribasining ulkan labaratoriyasi hisob-lanadi. Davlat va huquq tarixi o`zining bilishdagi ahamiyati, informativligi bilan tarixiy ongning shakllanishida samarali quroldir. Bu fan faqat davlat va huquq tarixini chuqur anglash imkoninigina berib qolmay, davlat va huquqning yanada rivojlanishi haqida oldindan aytib beradi. U umuman yuristlarni, xususan, mustaqil O`zbekistonning XXI asr huquqshunoslarini iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va yanada chuqurlashtirish, siyosiy hayotni yanada demokratlashtirib borish hamda inson va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqiy davlat barpo etish hamda fuqarolar jamiyatini qaror toptirish sohasidagi samarali faoliyatlarida zarur bilimlar bilan qurollantiradi.