Uchinchi analitik guruh kationlari qatoriga alyuminiy, rux, xrom (III), qalay (III), qalay (IV), mishyak (III), mishyak (V) va boshqa kationlar kiradi. Ular ammiakli bufer aralashma ishtirokida guruh reagenti - ammoniy sulfid ta'siridan gidroksid va sulfidlar shaklida cho'kadi. Uchinchi guruh kationlari I va II guruhlar kationlaridan sulfidlarining pH~9,2 bo'lgan sharoitda suvda erimasligi bilan farq qiladi. Bu guruh kationlarining sulfidlari suyultirilgan kislotalar eritmalarida eriydi. Kationlarni ammiakli bufer aralashma ishtirokida guruh reagenti bilan qizdirib turgan holda cho'ktirganda alyuminiy, xrom (III) kationlarining gidroksidlari kam eruvchanligi uchun gidroksidlar shaklida cho'kadi. Gidroksidlar shaklida, shuningdek, uchinchi guruh kationlari qatoriga kiradigan, lekin bizning ko'rib chiqish doiramizga kirmaydigan berilliy, sirkoniy, lantan (III), skandiy (III) va boshqa kationlar ham cho'kmaga tushadi. Bundan tashqari, bu kationlar sulfidlari qaytmas gidrolizga uchraydi. Shunday sharoitda qolgan kationlar sulfidlar shaklida cho'kadi.