1-kurs talabalari uchun Xiva – 2022 yil 1-mavzu. Kirish. Qadimgi
6-mavzu. Qadimgi Mesopotamiya. Reja:
Mesopotamiyaning tabiiy geografik shart-sharoiti. Iqlimi. Aholisi.
Shumer shahar davlatlari.
Akkad davlatining yuksalishi.
Mesopotamiya (qadimda yunoncha “Ikki daryo oralig‘i”) geografik jihatdan janubda Fors qo‘ltig‘i, g‘arbda Arabiston, shimolda Suriya va Armaniston hamda Sharqda Zagros tog‘lari bilan chegaralangan. Iqlimi sug‘orma dehqonchilikka qulay hisoblanadi. Bu yerda unumdor tekisliklar ko‘p bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda bog‘dorchilikka ham qulay hudud bo‘lganligi tarixdan ma’lum.
Mil. avv VI ming yilliklarda Dajla va Frot daryolarining vodiylariga aholi ko‘chib kela boshlaydi. Tell-al-Ubeyd madaniyatini yaratgan xalq aynan ushbu davrda, janubiy Mesopotamiyada istiqomat qilgan. G‘arb olimlarni fikricha bu yerning odamlari (subareylar) qadimda protodajla tilida (yoki “banan tilida”) so‘zlashganlar. Tog‘li hududlarda termachilik, chorvachilik va keyinchalik ziroatchilik unsurlari paydo bo‘la boshladi.
Mil. avv VI ming yillik o‘rtalariga kelib, Mesopotamiyada qadimiy Tel-Xassuna madaniyati taraqqiy etadi. Bu yerdan o‘roqlar, tosh boltalar, tosh tegirmonlar, keramika qoldiqlari va xonakilashtirilgan hayvonlar suyaklari topib o‘rganilgan. Shu bilan birga sig‘inish tumori hisoblangan ayollar haykalchalari arxeologlar tomonidan topilgan. Qabrlarda mayit oldiga sopol idishlarda ovqat qo‘yib dafn etish odatini mavjudligi, qadimda Tel-Xassuna aholisi orasida diniy tasavvurlar bo‘lganligidan dalolat beradi.
Mil. avv IV ming yillik oxirida Jam dat-Nasr (yoki Uruk III ) madaniyati davrida toshdan tashqari mis va bronza mehnat qurollari ishlatila boshlandi. Jamdat-Nasr janubiy Mesopotamiyaning ilk bronza davriga oid manzilgohi hisoblanadi. Dastlab ushbu manzilgoh 1926- va 1928-yillarda mashhur olimlar Stiven Lengdon hamda Genri Fildlar tomonidan o‘rganilgan (Henry Field, The Field Museum Oxford University Expedition to Kish — Mesopotamia 1923— 1929, Anthropology Leaflet 28, Field Museum of Natural History, 1929). 1988-1989-yillarda esa Rodjer Metyus (Roger Matthews, Excavations at Jemdet Nasr 1988, Iraq 51, pp 225— 248, 1989) tomonidan qayta tadqiq etiladi. Jamdat-Nasr, Qadimgi Shumerda ilk sulolaviy davrga o‘tishning so‘ngi bosqichi hisoblanadi.
Mill. avv. III ming yillikda Mesopotamiya janubida shumerlar, Dajla va Frot (qadimda akkadcha “pu-rat-tu”) daryolarining o‘rta oqimida akkad qabilalari, shimolda asosan xurritlar istiqomat qilganlar. Mil. avv. III ming yillikning birinchi yarmida Mesopotamiya janubida mulkiy tabaqalanishni o‘sishi bilan qator shahar-davlatlar: Eredu, Ur, Larsa, Uruk, Kish, Nippur, Umma, Shuruppak, Adab, Girsu va boshqalar paydo bo‘ladi. Shimolda esa yirik shahar-davlatlar Ashshur, Mari, Nineviya, Eshnunna, Tutub, Sippar va boshqalar yuzaga keladi. Sug‘orma dehqonchilikka mos hududlarda hunarmandchilik yuqori darajada rivojlanadi. Mis va bronzadan mehnat qurollarini quyishning yangi usullari o‘zlashtiriladi. Qimmatbaho metallardan ehiroyli zargarlik buyumlari ham yasalgan. Savdo-sotiqning o‘sib borishi, uni hunarmandchilikdan ajralib chiqish jarayonini tezlashtiradi. Qadimgi Mesopotamiyada maxsus savdogarlar-tamkarlar tabaqasi paydo bo‘ladi. Bu esa Shumer shahar-davlatlarining o‘sish tezligini oshiradi.
Frot va Dajlaning janubiy qirg‘oqlaridagi irrigatsiya tizimini kengayishi, aholi orasida mulkiy tabaqalanishning o‘sib borayotganligidan dalolat berar edi. Tez orada yerni sotish va sotib olish tushunchasi yuzaga keladi. Qulchilik munosabatlari paydo bo‘lib, rivojlanib bordi. O‘zaro urushlar qulchilikning asosiy omili edi. Qadimgi Mesopotamiyada qullardan xo‘jalikda, chorvachilik va hunarmadchilikda keng foydalanilgan. Asosan qo‘l mehnati uy xo‘jaligida ishlatilganligi manbalarda ta’kidlanadi. Qadimgi Shumeming ilk sulolaviy tarixi xronologik jihatdan uch davrga (garchi munozarali bo‘lsa-da) bo‘lib o‘rganiladi:
I-ilk sulolaviy davr (mil. avv. 2750-2615-yy)
II-ilk sulolaviy davr (mil. avv 2615-2500-yy)
III-ilk sulolaviy davr (mil. avv 2500-2315-yy).
Yuqorida ta’kidlanganidek, Shumer sivilizatsiyasiga aloqador jamiyatda xo‘jalikning turli xil shakllari o‘sha davr uchun mos bo‘lgan qonunlar asosida rivojlanib borgan. Iqtisodiyoti sug‘orma dehqonchilikka asoslangan patriarxal jamiyatda, qulchilik tizimini qaror topishi uchun barcha sharoitlar mavjud edi. Qadimda shumer jamiyatida, yeri bo'lmagan yoki yeridan mahrum bo‘lgan, boshqa joylardan kelgan, kambag‘al oilalar, ibodatxonalarga qaram bo‘lgan odamlar ham bor edi. Qaram kishilar ibodatxonalarga tegishli yerda va alohida xususiy xo‘jaliklarda ishlaganlar. Qadimgi Shumer shahar-davlatlarining hukmron qatlami quldorlar bo‘lgan. Ularga urug‘ zodagonlari, kohinlar, davlat amaldorlari kirgan. Ziroatkorlar qatlamini unchalik katta bo‘lmagan yer ulushiga ega oilalar va katta patriarxal oilalarga birlashgan jamoachilar tashkil qilganligi tarixdan ma’lum. Asosan ziroatkorlik va chorvachilik uchun ajratilgan yer egaligi esa ikki qismga bo‘lingan: jamoa va ibodatxonaga tegishli mulklardan iborat bo‘lgan.
Qadimgi Shumerda, shahar-davlatlaming hokimlari “ensi” ibodatxona kohinlaridan bo‘lgan, Ibodatxonalar, shumerliklar ilohlarining mulki hisoblangan. Faqatgina kohinlar unga tegishli yerlarni idora qilganlar. Ayrim yerlari ijaraga berilgan bo‘lsa, qolgani qaram kishilarga, ibodatxonadagi xizmatchilar va bu yerga tegishli savdogar-hunarmandlarga foydalanishi uchun bo‘lib berilgan. Ibodatxonalar o‘z mulklarini himoya qilish niyatida harbiy bo‘linmalar ham tuzganlar. Bunday yerlardan tushadigan yirik mablag‘lar, diniy marosimlar va bayramlarni tashkil qilishga, boshqa Shumer shahar-davlatlari bilan mahsulot ayirboshlashga yo‘naltirilgan. Hosilning ma’lum bir qismi zahira qilib olib qo‘yilgan. Ibodatxona yerlaridan tushadigan daromad, doimiy hisoblab borilgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek shahar ustidan nazorat “En” (janob) oliy kohin tomonidan amalga oshirilgan. Uning hokimiyati oqsoqollar kengashi yoki xalq yig‘ini bilan cheklangan. Ayrim hollarda shahardavlatning qo‘shiniga ham boshchilik qilgan. Shahar “Eni” ning asosiy vakolati kohinlik, ibodatxona yerlari va ma’muriyatini idora qilish, ibodatxona va shaharda yirik qurilishlami tashkil etishdan iborat bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi uchun irrigatsiya tizimini bunyod qilish va shahar iqtisodiyotini tartibga solib boshqargan edi. So'ngra mil. avv. III ming yillik o‘rtalarida “En” unvoni o‘rniga “Ensi” (“kohin-quruvchi” shahar boshqaruvchisi) paydo bo‘ladi. Shahar-davlat “ensi”si jamoa va ibodatxona mulklarini boshqargan, soliqlar yig‘imini nazorat qilgan. Ayrim hollarda ibodatxonalarga tegishli askarlarga boshchilik qilgan.
Bundan tashqari “Lugal”(“ulug‘ odam”, yoki “katta odam”, akkadcha “sharru”) lavozimi ham mavjud edi. Dastlab xalq yig‘ini tomonidan, Shumer shahar-davlatlarida saylab qo‘yiladigan harbiy sardorlik lavozimi bo‘Igan. Uni faqatgina favqulodda hollarda vaqtinchalik saylab qo‘yishgan. Keyinchalik “Lugal”lik umrbod, so’ngra meros tarzida o‘ta boshlagan. Aholi orasida tabaqalanishni o‘sishi oqibatida shahar-davlatlarida, xalq yig'inining mavqeyi sezilarli darajada tusha boshlaydi. Hukmdorning iqtisodiy-siyosiy obro‘yi esa o‘sib boradi. Armiya lugallarga xizmat qiladi.
Shumer shahar davlatlari. Qadimgi Shumer shahar-davlatlari daryo bo‘yidagi unchalik katta bo‘lmagan irrigatsion hududlarda joylashgan edi. Uning atrofida shaharga tegishli qishloqlar bo‘lgan. Shahar-davlatlar bir-biridan uzoq joylashmagan bo‘lib, ular orasida doimiy savdo va madaniy aloqalar mavjud edi. G‘arb olimlarining fikricha qadimgi Shumerning eng qadimgi shahri Eredu hisoblangan.
Shunday bo‘lsa-da “buyuk to‘fondan keyin’’ Kish shahri Shumerda gegemonlikni qo‘lga kiritadi. Ikki daryo oralig‘ida Kishning ilk podshosi sifatida afsonaviy Gaur ismli shaxs tilga olinadi. So‘ngra taxtga Gulla-Nidaba-Annapad kelishi manbalarda ta’kidlanadi. Ularning hukmronligi davri borasida hozirga qadar olimlar orasida munozarali fikrlar mavjud. Ayniqsa 1-Kish sulolasining o‘n uchinchi podshosi Etana davrida Kish shahri yuksaladi. Shumerda siyosiy barqarorlik yuzaga keladi. Rivoyatlarga ko‘ra hukmdor Etana, xudolar oldiga “tug‘ilish maysasi”ni olish va merosxo‘r voris tilab osmonga ko‘tarilganligi ta’kidlanadi. Qadimgi Mesopotamiyada “Kish lugali” unvoni uzoq vaqt katta obro‘ga ega bo‘lgan. Keyinchalik bu maqom, Shumer shahar-davlatlarida taxtga da’vogar podshoning hokimiyatni qonuniylashtirish timsoliga aylanib qolgan.
Kishning zaiflashuvi Urukning yuksalishi bilan boshlangan. Mil. avv. 2675- yillar atrofida Kish shahrini lugali Aggi (yoki Agga) Uruk shahrining eni Gilgameshga urukliklar bilan irrigatsiya ishlarida qatnashishni talab qiladi. Gilgamesh esa, Kish lugaliga rad javobini beradi. Shundan so‘ng Aggi Urukni o‘z qo‘shini bilan qamal qiladi. Ammo tez orada mag‘lubiyatga uchraydi. Gilgamesh Kish ustidan g‘alabaga erishadi. So‘ngra Shumer yerlarini birlashtiradi va uning shaxsi ilohiylashtiriladi. Urukning I-sulolasi vakillari Urnungal, Utulkalama, Labashum, Ennuntaraxana (hukmronlik yillari hozirga qadar munozarali) va boshqa podsholar davrida Uruk, Shumerda gegemonlikni saqlab turdi.
Keyinchalik Ur shahar-davlati Janubiy Mesopotamiyada ustunlikni qo‘lga kiritdi va Urning I- sulolasi podsholari gegemonligi boshlanadi. Mil. avv. 2563-yili Ur shahrida taxtga lugal Mesanepada chiqadi. U “Kish lugali” unvoniga ham ega bo‘lib, butun Shumerda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. Ur shahar-davlati o‘z rivojlanishining yuqori cho‘qqisiga yetadi. Bu yerda lugallar uchun hashamatli binolar quriladi. Keyinchalik siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayishi natijasida Ur shahar-davlati zaiflashib, Lagash shahri ustunlikka erishadi.
Lagashning Shumerda gegemonlik uchun kurashida, asosiy dushmani Umma shahri edi. Mil. avv. 2450-yil Eanatum, Lagash shahrining lugali unvoniga sazovor bo‘ladi. So‘ngra Umma shahar-davlati eni Ushni jangda yengadi. Ummaliklar, Lagashda ehtiromli hisoblangan Ningisu va Nanshe (baliqchilik ilohasi) xudolari ibodatxonasi foydasiga, bug‘doy bilan o‘lpon to‘laydigan bo‘ldilar. U deyarli barcha Shumer shaharlarini (Nippurdan tashqari) bo‘ysundirib, mamlakatni elamliklar bosqinidan asrab qoladi. Vaqt o‘tib Lagash podsholari Enannatum I, Entemena, Enannatum II, Enentarzi, Lugalanda va boshqalar davrida Lagash shahar-davlati Shumerda ustunlikni saqlab turadi. Mil. avv 2319-yilda Lagashda Urukagina (yoki Uruinimgina) hokimiyatga keladi.
Yangi hukmdor ijtimoiy qarama-qarshilikni bartaraf etish uchun islohotlar yo‘lini tanlaydi. Ibodatxonalarning oliy kohinlari soliqlardan ozod qilinadi. Lugal Urukagina (mashhur tarixchi I. M. Dyakonovning fikricha) zodagonlar va kohinlar tabaqasi vakili sifatida, davlat amaldorlarining ibodatxona yerlarini nazorat qilishiga qarshi kurashadi. Ibodatxonalarning qaram kishilarga natural mahsulot to‘lovi miqdori oshirilib, ularning huquqlari kafolatlanadi. Soliqlar tartibga solinib, bevalar va yetimlar davlat himoyasiga olindi. Soliq yig‘uvchilar va mansabdor shaxslar sonini kamaytiradi. Jamoalarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimi tiklandi. Lekin ichki nizolar Lagashni kuchsizlantiradi.
Bu orada podsho Lugalzagesi (mil. avv. 2336-2311-yy) boshchiligida Umma va Uruk shahar-davlatlari birlashadi. So‘ngra Lugalzagesi Lagashni bosib olib, Shumerda uzoq vaqt gegemonlik qildi. Umma shahar-davlati nazoratidagi hudud O‘rtayer dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar kengaydi.
Akkad davlatining yuksalishi. Sargon I (mil. avv. 2316-2261 yy) o'zini Akkadda “Sharrum-ken” (asl podsho) deb e’lon qiladi. Podsho bo‘lguniga qadar oddiy suv tashuvchining tutingan o‘g‘li (asl otasi haqida ma’lumot yo‘q), o‘zi esa bog‘bon bo‘lgan edi. So‘ngra Kish lugali Ur-Zababaning xizmatkori (sharob quyuvchisi) bo‘lgan. Lugalzagessi Kishni egallagach shimolroqda Akkadi shahriga ketadi va kichik shahar-davlatni qudratini oshiradi. Tarixda birinchi marta Sargon I taxminan 5400 askardan iborat yaxshi qurollangan muntazam qo‘shin tuzadi. Askarlari podsho hisobidan ta’minlanar edi. U Shumer shimolidagi Akkad davlatiga asos soldi. Umma hokimi Lugalzagisi u bilan uzoq urush olib bordi. Ammo Sargon I kuchli qo‘shin bilan Shumer shaharlarini birin-ketin istilo qiladi. Lugalzagisi esa qatl etiladi va Uruk mudofaa devorlari buziladi. Keyinchalik podsho Sargon I shaxsi afsonalarda ilohiylashtirish darajasiga ulug‘langan edi.
Yangi hukmdor “Kish lugali” maqomiga ham sazovor bo‘ldi. Sargon I podsholigi davrida butun Mesopotamiyani o‘z davlati qo‘l ostiga birlashtiradi. Bundan tashqari, u Kichik Osiyo, Kipr, Suriya, Elam va hatto uzoq Janubiy Erongacha harbiy yurishlar qildi. Akkad qadimgi dunyoning eng kuchli davlatlaridan biriga aylanadi.
Sargon I davlati Mesopotamiyadagi shahar-davlatlardan farq qilgan holda markazlashgan hududiy davlat edi. Sargon I va uning vorislari davrida mamlakatda iqtisodiyot, savdo-sotiq, sun’iy sug‘orishga asoslangan ziroatchilik rivojlanadi. Uning yakka hokimlikka (yoki tiraniyaga) asoslangan hokimiyati zodagonlar va oqsoqollar kengashining qarshiligiga olib keldi. U o‘z hokimiyatini kuchaytirish uchun xizmatidagi zodagonlar, amaldorlar va ayrim hollarda kohinlarga tayanib ish ko‘rdi. Sargon I, Akkadi shahri homiy xudosi Aba va Kish shahri ilohi Zababalarni ulug‘ladi. Shu bilan birga Nippurdagi Shumeming umumiy xudosi Enlilga ham xurmat bajo keltirdi. Ayrim shaharlarning hokimlarini o‘zi tayinlar edi. Sargon I tashkil etilgan muntazam qo‘shinga g‘amxo‘rlik qiladi. Jangchilarga harbiy xizmatiga yer ajratib beradi. Podsho Sargon I tashkil qilgan davlatda hokimiyat to‘la monarxga tegishli bo‘lib, keyin uning merosxo‘rlariga o‘tishi kerak edi.
Shumer shahar-davlatlarining hududi Sargon I davlatining viloyatlari bo‘lib qoldi. Ularning tepasida turgan ensi yoki lugal podsho noiblari hisoblanar edi. Ibodatxona xo‘jaligi va mulklari esa, podsho davlat xo‘jaligining bir qismi edi. Sargonning qo‘lida katta miqdorda iqtisodiy kuch to‘planib, uning yordamida ichki isyonlar va faol tashqi siyosat yuritish uchun harbiy qismlarni saqlab turish mumkin bo‘ldi.
Podsholar markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun merosiy «ensi»larni o‘z o‘g‘illari bilan almashtirdilar. Merosiy hokimlar oddiy amaldorlar darajasiga tushirildi. Podsho ichki siyosatda kohinlarga suyandi. Kohinlarga ko‘plab imtiyozlar berildi. Podsho va uning o‘g‘illari ibodatxona kohinlari lavozimini bajarganlar. Sargon davrida yangi kanallar qurildi. Sug‘orish inshootlari umumdavlat miqyosida rivojlantirildi. Yagona o‘lchov va og‘irlik o‘lchov birliklari joriy qilindi. Akkad Hindiston va Sharqiy Arabiston bilan savdo aloqalarini o‘rnatdi. Sargon I hukmronligining so‘nggi yillarida mamlakatda boshlangan ochlik katta g‘alayonlarga olib keldi. Podsho Sargon I ning vorisi Rimush (mil. avv 2261-2252-yy) hokimiyatga keladi. Hukmronligining dastlabki yillarida otasidan meros bo‘lib qolgan deyarli barcha davlatlar unga qarshi isyon ko‘taradi. Qo‘zg‘olonning boshida Ur hokimi Kaku turadi. Shu bilan birga Umma shahri ham isyonchi Kaku tomoniga o‘tib ketadi. Ammo Rimush ularga qarshi qo‘shin tortib boradi va jangda g‘alaba qozonadi. Minglab qo‘zg‘olonchilar asir olinadi. So‘ngra podsho Rimush Fors qo‘ltig‘iga harbiy yurishni amalga oshiradi. U yerda ham isyonlar bostiriladi. Qo‘zg‘olonlarga chek qo‘yish yo‘lidagi Rimushning keyingi yurishlarida, isyonchi shaharlar Umm a va Derning 13 mingga yaqin aholisini qirib tashladi.
Rimush ichki siyosatda kohinlarga tayanishga harakat qilib, ularga ko‘p hadyalar qildi. Elamga bir-necha talonchilik yurishlarini amalga oshiradi. Ammo Rimush o‘z yaqinlarining fitnasi (podsho oldiga qurol bilan kirib bo'lmasligi tufayli uni zodagonlar, tosh muhrlari bilan urib o'ldirganlar) qurboni bo‘ldi.
Uning ukasi yangi podsho Manishtusu (mil. avv. 2252-2237-yy) bir nechta isyon va qo‘zg‘olonlami bostirishga majbur bo‘ladi. U Elamga ikki marta bostirib kirdi va u yerni talon-taroj qiladi. Fors qo‘ltig‘ining Sharqiy qirg‘og‘i tomon dengiz orqali yurish ham uyushtiradi. U podsho hokimiyatini mustahkamlash uchun jamoa yerlarini sotib olib ola boshlaydi, natijada davlat hisobidagi yerlarini kengaytira oldi. Podsho Manishtusu ham yangi saroy fitnasi natijasida o‘ldiriladi.
Taxtga uning o‘g‘li, Sargon I ning nabirasi Naram-Suen (mil. avv. 2237-2200 yy) o‘tirdi. Hukmronligining dastlabki yillarida quyi Mesopotamiyaga qo‘zg‘olonlami bostirish uchun yurish qilishga majbur bo‘ladi. Naram-Suen ham podsho hokimiyatini mustahkamlash uchun isyonchi shaharlar, ayirmachi “ensi”lari, urug‘ zodagonlariga qarshi muntazam kurash olib boradi. Akkadning yuksalishidan norozi bo‘lgan janubdagi shahar-davlatlar qo‘zg‘olon ko‘taradi. Shunday bo‘lsa-da isyonlar shavqatsizlik va katta qiyinchilik bilan botiriladi.
Podsho Naram-Suen davrida Akkadning yuksalishi kuzatildi. Mesopotamiya shaharlari to‘la Sargon I sulolasi hukmi ostiga o‘tgach, Naram-Suen o‘zini “Akkadning qudratli xudosi” deb ulug‘lab, o‘zini toshga o‘yib yozilgan tasvirlarida (hozirda “Naram-Suen g‘alaba stellasi” Parijning Luvr muzeyida) ilohiylik ramzi bo‘lgan shohli bosh kiyim bilan tasvirladi. Aholi unga iloh sifatida sajda qilishi kerak bo'lgan. Uni уana “to‘rt iqlim podshosi” va “Olam podshosi” -deb ham yuksaklarga ko'tarishgan. Shunday bo‘lsa-da Akkad davlati, Elamni butunlay o‘z nazoratida tutib tura olmadi. Naram-Suen hukmronligini so‘nngi yillarida Zagros tog‘lari tomonidan, Akkad yerlariga ko‘chmanchi gutiy qabilalalarining dastlabki to‘lqini kirib keladi.
Naram-Suendan so‘ng taxtga Sharkalisharri (mil. avv. 2200-2176-yy) o‘tirdi. Uning davrida Mesopotamiyaga g‘arbdan, kelib chiqishi semitlardan bo‘lgan amoriylar va shimoli-sharqdan esa gutiylar xavf sola boshladi. Shu tariqa Akkad saltanati oxirgi marta yuksaladi va mamlakat chegaralari o‘sishiga olib keldi. Ammo bu hududlami nazorat qilish muammo edi. So‘ngra doimiy bosqinchilik yurishlari va ichki nizolar, mamlakat iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga olib keldi. Akkad davlati kuchsizlanadi va tashqi dushmanga qarshilik qila olmay qoladi. Keyinchalik Mesopotamiyadagi Akkad davlati qudratiga Zagros tog‘laridan bostirib kirgan tog‘li qabilalardan bo‘lgan gutiylar chek qo'yadi. Mamlakat gutiylar tomonidan talon-taroj qilindi. Shumer shahar-davlatlari aristokratiyasi ularga o‘lpon to‘ladilar. Lagash hokimlari gutiylar yordamiga tayanib, boshqa shaharlar ustidan ma’lum darajada hukmronlik qildilar. Janubiy Mesopotamiyada Lagashning zo‘ravonligi boshqa shahar-davlatlaming noroziligiga uchradi va gutiylardan ozod bo‘lish vaqtida qo‘shni shahar-davlatlar tomonidan Lagash vayron qilindi.
Gutiylar davrida Lagash hokimi bo‘lgan Gudea (mil. avv. 2137- 2117-yy) o‘zining yozuvlari va haykallari bilan ma’lum. Uning davrida Ningirsu xudosi ibodatxonasi atrofida yagona ibodatxona xo‘jaligi tashkil etilgan edi. Gudea bu xudo uchun olinadigan maxsus soliq joriy qildi va qurilish majburiyatini kiritdi. Podsho Gudea, Hind daryosi havzasi viloyatlari bilan savdo qildi va elamliklar bilan urush olib bordi. Gutiylar Mesopotamiyada taxminan yuz yilga yaqin hukmronlik qilganlar. Mil. avv. 2109-yilda gutiylar Ur podshosi Utuxengal tomonidan tor-mor qilinadi. Gutiylar hukmdori Tirikan mag‘lub etilganidan so‘ng, Mesopotamiya Utuxengal boshchiligida birlashtiriladi. Shu bilan birga u “to‘rt iqlim podshosi” unvonini ham qabul qiladi. Shumer va Akkad yerlari yana birlashtiriladi. Ammo Utuxengal irrigatsiya ishlarini nazorat qilayotganda baxtsiz hodisa tufayli vafot etadi. So‘ngra Utuxengalning tarafdori Ur-Nammu (mil. avv. 2112-2094-yy) taxtga chiqadi va III-Ur sulolasi hukmronligi boshlanadi. Ur poytaxtga aylanadi hamda gutiylar davrida vayron qilingan mudofaa devorlari qayta tiklanadi. Ur-Nammu islohatlar o‘tkazib, 57 ta moddadan iborat qonunlami tuzadi. Ur shahrida ulkan zikkurat qurishni boshlaydi, lekin bitkazishga ulgurmaydi. Keyinchalik gutiylar bilan jangda halok bo‘ladi. Uning o‘g‘li Shulgi (mil. avv. 2094-2046-yy) davrida balandligi 10 metrga teng Urdagi zikkurat qurulishi bitkazilib, yangi qonunlar kiritdi. Hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan podsho ustaxonalari ishi yo‘lga qo‘yildi. Iqtisodiyotda davlatning o‘rni oshadi. Yirik chorvachilik va dehqonchilik xo‘jaliklari tashkil qilindi. Mesopotamiyada ishdan chiqqan sun’iy irrigatsiya tizimi to‘liq qayta tiklanib, yangi to‘g‘on va kanallar quriladi. Mamlakatdagi asosiy yer zahirasi podshoniki hisoblangan. Armiyada ham islohatlar o‘tkazishga muvaffaq bo‘ladi. Shulgi ibodatxonalar va davlat xo‘jaliklariga tegishli yerlarni markazlashtiradi. So'ngra ular ustidan davlat nazoratini o‘rnatadi. Podsho Shulgi davrida Shumerda cho‘ri ayollarning xo‘jalikdagi mehnatidan unumli foydalanishgan. Ularni “Ngeme” deb atashgan bo‘lsa, qullardan farq qilmaydigan “gurushi” kabi aholi qatlami ham mavjud edi. Podsho Shulgi, jamoa yerlarida ishlaydigan aholini qashshoqlashuv jarayonini sekinlashtirish uchun bunday yerlarni sotish va sotib olishni bekor qiladi. Ammo oddiy xalqning yersiz qolishi kuchayib boradi. Kambag‘al aholini o‘z bolalarini qul qilib sotishi, qarz uchun bir oz vaqt o‘z ozodligini yo‘qotib qulga aylanishi kabi holatlar ko‘p uchraydigan bo‘lib qoladi. Mamlakatda qullar soni oshib boradi. Ijtimoiy tabaqalanish kuchayib ketadi. Tashqi siyosatda Shulgi, Elamning katta qismini bosib, u yerga shumerliklarni noib qilib tayinlaydi. Shimolda Ashshur shahrini o'ziga bo‘ysundiradi. Lulubey qabilalari bilan ham urush olib boradi. Shu payt Mesopotamiyaga g‘arbdan somiy tilli “amorey” qabilalari kirib kela boshlaydi. Ular shimolda Frot daryosi bo‘yidagi Mari shahrini bosib oladilar. Mil. avv. 2046-yilda podsho Shulgining vafotidan so‘ng, taxtga uning o‘g‘li Amar-Suen (yoki Amar-Sin) keladi. Mamlakat armiyasiga elamliklar va amoreylardan iborat yollanma askarlar olina boshlaydi. O‘ziga qaram shaharlardagi isyonlarni bostiradi. Ammo keyingi podsho Shu-Suen davrida amoreylar hujumi kuchayadi va podsho o‘z shaharlarini himoya qilish uchun ularni mudofaa devorlari bilan o‘ray boshlaydi. III-Ur sulolasining so‘ngi vakili Ibbi-Suen mamlakatni ko‘chmanchi amoreylardan va elamliklardan mudofaa qila olmaydi. Natijada mil. avv. 2004-yilda Ur, Elam qo‘shini tomonidan egallanib, talon-taroj qilinadi va III-Ur sulolasi tugatiladi. Oradan 6 yil o‘tib, elamliklar Ur shahridan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Ichki nizolar va tashqi hujumlardan kuchsizlangan Mesopotamiyada hukmronlik I-Issin sulolasi qo‘liga o‘tadi.