Bolalar cholg‘u asboblarida chalish nisbatan yangi va juda qiziqarli faoliyat turidir. Maktabgacha ta'lim muassasasi binosiga qadam qo‘yish bilan hyech qanday yozuv va ko‘rsakichlarsiz, kelayotgan tovushlarga asoslanib, qaysi xonada qaysi yosh guruhi joylashganini osongina aniqlash mumkin. Masalan, rubob yoki dutor cholg‘usida kimdir «Chitti gul» o‘zbek xalq kuyini chalyapti. Bu tayyorlov guruh ekanini bexato aytishimiz mumkin. Metallofon tovushi kelyapti. Bolada aniqlik yetishmayapti – bolg‘acha birdan ikki plastinaga zarba berayapti. Birdan xuddi o‘sha kuy aniq va ravon tarala boshladi. Kimdir bolaga yordamga keldi, demak, hammasi joyida bo‘ladi. Maktabgacha muassasada bunday musiqiy ijodiy muhitning yaratilishi albatta quvonarli holat. Demak, bu yerda bolalar ijodkorligiga katta ahamiyat qaratilgan, musiqiy ta'lim-tarbiya yuqori darajada tashkil etilgan.
Cholg‘uchilik bolalarga olam-olam quvonch baxsh etadigan jarayon. Musiqiy faoliyatningi bu turiga alohida e'tibor qaratish talab etiladi, chunki, musiqaviy-didaktik o‘yinlarning aksariyat qismida bolalardan biror bir cholg‘uda chalish ko‘nikmalariga asoslanadi. Bolalar bunday o‘yinlarga jon dillari bilan kirishadilar va ishtirok etadilar. Cholg‘u asboblari bilan tanishtirish rejali tartibda amalga oshiriladi.
Ish tizimli va rejali tartibda olib borilsa, tayyorlov guruhiga kelib, barcha bolalar bir nechta bolalar cholg‘ularida chalishni o‘rganib olishlari, shuningdek, ular ishtirokida cholg‘u orkestri va ansamblini ham tashkil etish mumkin bo‘ladi. Bolalar ko‘ngil ochish soatlarida o‘zlarini yanada yorqin namoyon qiladilar, musiqa mashg‘ulotlarida yanada faol qatnashadilar.
MTMda bolalar orkestrini tashkil etish
Maktabgacha ta'lim muassasasida bolalar orkestrini tashkil etish uchun muassasada ma'lum cholg‘ularning mavjud bo‘lishi shart. Bular maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashda foydalaniladigan quyidagi bolalar cholg‘ulari: shiqildoqchalar, qo‘ng‘iroqchalar, garmoshka, surnaychalar, metallofon, marakaslar, rumba, safoyil, yog‘och qoshiqchalar, tayoqchalar, musiqiy bog‘achalar, elektron musiqiy cholg‘ular, doirachalar, , akkordeonchalar va h.k. Shuningdek bolalar bilan ishlashda sozlashni talab etuvchi arfa, qonun dutorchalar, rubobchalar ham qo‘llaniladi. Bu cholg‘ular pianinoga osongina sozlanadi.
Orkestrda shug‘ullanish boladan alohida bir musiqiy qobiliyatlarni talab etmaydi. Aksincha, bunday mashg‘ulotlar istisnosiz barcha bolaga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Orkestrda bir vaqtning o‘zida maktabgacha tayyorlov yoshidagi 25 tagacha (mavjud cholg‘u asboblari soniga ko‘ra) bola ishtirok etishi mumkin.
Avval orkestr bilan bolalarga yaxshi tanish musiqa asarining ohangi o‘rganiladi. Ishni o‘zbek xalq qo‘shig‘i «Chamanda gul» ning ohangini o‘rganishdan boshlashni tavsiya etamiz. Bolalar kuyning ritmik tasvirini chapak chalish vositasida o‘zlashtiradilar. Bunda flanelegrafda kuyning ritmik tasvirini kartochkalar yordamida, musig‘aviy-didaktik o‘yinlar davomida individual kartochkalar yordamida ifodalaydilar. Masalan, «Nima chalyapman?» musiqaviy-didaktik o‘yini bolalarga ushbu kuyni turli cholg‘ular ijrosida tinglab ko‘rish va eslab qolish imkonini beradi. Bolada orkestrda o‘zi yoqtirgan cholg‘uda chalish istagi tug‘iladi. Masalan, kimgadir «Chitti gulni» qonunda chalish, kimgadir akkordeon yok rubobda chalish ko‘proq yoqadi. Bordiyu, bola cholg‘u tanlashda ikkilanayotgan bo‘lsa, aslo uni shoshiltirmang! Unga yana bir bor barcha cholg‘ularni alohida tinglab ko‘rish imkonini bering!.
Bolalar qo‘shiq ohangini aniq o‘zlashtirib olganlaridan so‘ng, har bir bola bilan yakka mashg‘ulot olib borishga kirishi mumkin bo‘ladi. Bunday mashg‘ulotlarning davomiyligi oldiniga 5-7 daqiqadan oshmaydi. Bunda bolaga cholg‘uni to‘g‘ri ushlash, uni to‘g‘ri tutish, chalish holati (o‘tirib, turib) tushuntiriladi va o‘rgatiladi. Yuqori va quyi tovushlarning joylashishi yana bir bor tushuntiriladi. Albatta barmoqlar harakatiga ham alohida e'tibor berish lozim: klavishl cholg‘ularda chalishga o‘rgatishda barmoqalr uchun turli mashqlarni bajarish; metallofonda chalishga o‘rgatishda tayoqchani to‘g‘ri tutish, uni metall palstinalarning o‘rtasiga aniq tushurish o‘rgatiladi. Dutorchada chalishga o‘rgatishda o‘ng qo‘l bilan torlarni chertish, chap qo‘l bilan esa tovush pardalarini to‘g‘ri va aniq bosish; rubobda chalishda mediatorni to‘g‘ri ushlash va undan to‘g‘ri foydalanish ustida ishlanadi.
Yakka mashg‘ulotlar kunning ikkinchi yarmida olib boriladi. Shuningdek, ertalabki soatlardagi bo‘sh vaqtlardan ham foydalanish mumkin. Iloji boricha mashg‘ulotlarni har kuni olib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kun sayin bolalarning jajji barmoqchalarining malakalari ortib boradi.
Zarbli cholg‘ular: marakaslar, qayroqchalar, doiracha, rumba, uchburchakda chalishga o‘rgatish ham yakka mashg‘ulotlarda o‘rgatib boriladi. Bolalar o‘zlarining musiqiy matnlarini ularga jo‘r bo‘layotgan cholg‘uga diqqat bilan quloq tutgan holda ijro etishlari, hato qilish mumkin emasligi, chunki butun bir orkestrdagi barcha cholg‘uchilar zarbli cholg‘ular chalayotgan usulga moslashib chalayotganliklari tushuntiriladi. Har bir bola o‘z matnini qoniqarli darajada o‘zlashtirib olganidan so‘ng, bir nechta bolani ansamblga birlashtirishni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Masalan, dutor chaliuvchi bolalar bir guruhga birlashadilar. Birgalikda chalishga birinchi urinish ko‘ngildagidek natija bermasligi mumkin. Kimdir hatoga yo‘l qo‘yadi, so‘ng qolganlarga moslashib keta olmadi, to‘xtab qoldi. Bunda bolalar ansambl bo‘lib chalishning qiyinligini his qiladilar. Axir har birlari alohida chalishganida ijro bexato edi. Birgalikda chalish esa ancha mushkulroq ekan. Bu bilan bolalarning birgalikda chalishga bo‘lgan qiziqishlari aslo so‘nib qolmaydi, aksincha, ular yana va yana chalishga kirishadilar. Bunda qo‘shiq ohangini yana bir bor so‘zsiz kuylab ko‘rish, birgalikda uning ritmik tasvirini chapak chalish orqali ifoda etish, shu yo‘l bilan kerakli ritmiga ko‘nikish hosil qilish mumkin. Bunday kichik gurhlarga bo‘lib o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar uzoq davom etmasligi lozim. Shundan so‘ng barcha kichik guruhchalar birlashtiriladigan kun ham yetib keladi. Shunday qilib bolalar orkestri hosil bo‘ladi.
Orkestrda ishlash jamoani shakllantiradi, bolalar birgalikda turli kechimalarni boshdan kechirish, yutuqlardan birgalikda zavqlanishga o‘rganadilar, bir-birlariga nisbatan o‘z oldilaridagi mas'uliyatni his qilish, tartiblilikka odatlanadilar. Orkestrda ishtirok etish hamjihatlik, jiplashuv, o‘zaro hamfikrlilikni rivojlantiradi. Bolalar orkestri bilan chalishga o‘rganish uchun qayidagi asarlar tavsiya etiladi: «Chitti gul», «Yallama yorim», «Andijon polkasi» o‘zbek xalq kuylari.
Ko‘pgina bolalar uchun orkestrda chalish o‘z hissiyotlari va kayfiyatini namoyon etish, ifodalashga yordam beradi. Bu faoliyat bolalarning qarshisida tovushlarning sirli olamini ochadi.
Orkestr ijrosidagi chiqishlardan turli ertalik yokt ko‘ngil ochishlarda foydalanish mumkin. Masalan, tug‘ilgan kunlarini nishonlayotgan bolalarga orkestr ijrosida kuy yoki qo‘shiqni sovg‘a qilish mumkin.
Musiqiy cholg‘ularda chalish – bolalar uchun juda qiziqarli va foydali musiqiy faoliyatdir. Bu faoliyat bolalarning muassasadagi kundalik faoliyatlarini bezaydi, ularni ijodkorlik sari yetaklaydi, turli o‘yinlarni yanada qiziqarli va mazmunli tashkil etishga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.