13-mavzu: O’smir va oila munosabatlaridagi ota-ona va bola munosabatlarini me`yorlashtirish bo’yicha konsultativ yordam berish usullari
Reja: O’smir va oila munosabatlaridagi муаммолар.
Ota-ona va bola munosabatlarini me`yorlashtirish тушунчаси
Ota-ona va bola munosabatlarini me`yorlashtirish bo’yicha konsultativ yordam berish usullari.
Tayanch tushunchalar:o’smir, o’smir va ota-ona munosabatlar tizimi, konsultasiya.
1. O’smir va oila munosabatlaridagi муаммолар. Oilaning hayotiy tarzi uning hayotiy sikli bilan bog`liq. Ayrim olimlar, masalan, V.Satir zamonaviy oilaning bola tarbiyasi va uning manfaatlariga bog`liq ekanligidan kelib chiqib, bu maskandagi hayot maromini bola rivojlanishining bosqichlari bilan bog`laydi. Shunga ko`ra, quyidagi bosqichlar farqlanadi:
1-bosqich. Aksariyat olimlar oiladagi hayot sikli ikki yoshning uzoq muddatga ahdu-paymon qilib nikohga kirishga qaror qilgan onlaridanoq boshlanishini ta'kidlaydilar. Boshqa mualliflarning fikricha, oilaning boshlang`ich nuqtasi ikki shaxs rasman nikohga kirgan vaqt, ko`pchilikning guvohligida o`tkazilgan tantanalar bilan izohlanadi.
2-bosqich. Ikki yoshning intim qovushishi oqibatida zurriyodning paydo bo`lishi. Satirning fikricha, zurriyodning paydo bo`lishi, tug`ilishi er va xotinning asl munosabatlarini sinovdan o`tkazadi va ular o`ziga xos yangicha munosabatlar davrini boshdan kechira boshlaydilar. Bu davrga asosiy mazmun va ma'no beruvchi voqea – bu er va xotinga yangi rollarning berilishi, anchagina katta ijtimoiy mas'uliyatni o`ziga qamrab olgan ota-onalik rollarining boshlanishidir. Ko`plab xalqlarda, ayniqsa, o`zbeklarda bolaning dunyoga kelishi juda katta quvonchli marosimlar bilan boshlanib, ular qadriyat sifatida asrlar osha saqlab kelinmoqda. Shunga qaramay, ayrim xalqlarda, masalan, evropa xalqlarida oilada farzandning tug`ilishi muayyan tashvishlar, ruhiy tarangliklar, ayniqsa, ona boshidan kechiradigan emotsional hayajonlar, yaqinlariga ijtimoiy va moliyaviy tashvishlarni keltirib chiqaradiki, bu ham ba'zan oilaviy munosabatlardagi tarangliklarda aks etadi. Oila va farzand oldidagi bunday mas'uliyatlar ayrim hollarda er-xotin munosabatlarining darz ketishiga, ba'zan ajrimlarga, bizning sharoitimizda quda-andachilik munosabatlaridagi kelishmovchiliklarga ham sabab bo`ladi.
3-bosqich. Bola oiladan tashqaridagi ijtimoiy institutlar – maktabgacha ta'lim muassasalari, ayniqsa, uzluksiz ta'limning boshlang`ich o`chog`i hisoblangan maktabga bora boshlaydi. Maktab shunday maskanki, u yerda har bir bolaning qay darajada va qanday ijtimoiylashgani sinovdan o`tadi. Chunki u endi nafaqat o`zi tengqur bolalar bilan, balki kattalar, begonalar, ko`chadagi turli toifali insonlar bilan muomalaga kirisha boshlaydi. Bu muomala jarayonida uning qanchalik hayotga tayyorligi, oilasida qanday ahloqiy va ma'naviy o`gitlarni olganligi, kimning bolasi ekanligi, oilaviy muhiti qandayligi bilina boshlaydi. Eng muhimi – maktabga kelgach, bolaning aqliy va intellektual salohiyati, intizomi tekshiruvdan o`tadi. Ya'ni, bolasini maktabga berar ekanlar, ota-onalar ham jamoatchilik oldida o`ziga xos sinov va tekshiruvdan o`tayotganday his qiladilar o`zlarini. Yaxshi yoki yomon ota-onalik rollari maktab yillarining dastlabki oy va yillarida bilingani sababli, ko`pgina ota-onalar ayni shu davrlarda kuchli stressni boshidan kechiradilar.
4-bosqich. Bola o`smirlik davriga qadam bosganda, u ota-onasidan mustaqillikni, hadeb ta'qib qilavermaslikni da'vo qila boshlaydi. Ota-onaning farzand oldidagi obro`si, kerakligi darajasi pastlay boshlaydi. Bu davrga kelib ota ham, ona ham o`zining farzandiga nisbatan munosabatlarini o`zgartirishga majbur bo`ladi, chunki bolada yangicha talab va istaklar, yangicha fikrlash, urf-odatlar, musiqaga havas, turli xil guruhlar bilan muloqotda bo`lishga intilishlar paydo bo`ladi. Bu davr ota-onaning bolasida paydo bo`layotgan o`zgarishlarga, yoshga oid yangiliklarga qanchalik fahm va farosat bilan, sabr-qanoat bilan turib berishlarini sinovdan o`tkazadi. Sinovdan yaxshi o`tgan ota-onaning bolasi keyingi bosqichga eson-omon yaxshilik bilan, ochiq ziddiyatlarsiz o`tib oladi, aks holda o`smirlik davrining o`ziga xos ziddiyatlari girdobida ota-ona – bola munosabatlari jiddiy yomonlashadi, ayrim bolalar uydan ketib qolish holatlarigacha boradi.