Quruqlikdagi Tabiiy geografik mintaqalarga oʻxshash mintaqalar Dunyo okeanida ham kuzatiladi. Ularning joylashgan oʻrni radiatsiya balansi oqibatida kelib chiqadigan issiqlik, bugʻlanish, bulutlilik, suvning shoʻrligi va zichligi bilan, esadigan shamollar va dengiz oqimlari, suvning vertikal sirkulyatsiyasi, tarkibidagi kislorod, plankton va organizmlar miqdori bilan belgilanadi. Odatda, bu sharoitlar kengliklar boʻyicha astasekin oʻzgaradi, dengiz oqimlari esa Koriolis kuchiga muvofiq tarzda oʻz
mintaqa chegarasidan chiqib boshqa mintaqa xususiyatlariga ham sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun, okeanlarning geografik mintaqalarini belgilashda asosiy suv massalarining konvergensiya chizigʻi, qutbiy oʻlkalarga yaqin oblastlardagi koʻp yillik va mavsumiy muzlar va shu kabi tabiiy chegaralar muhim ahamiyatga ega. Yana mintaqalar toʻgʻrisida alohida maqolalarga q. (Antarktika mintakasi, Arktika mintaqasi va h.k.).
Тekislik tabiat zonalari. O‘rta Osiyoning turli qismlarida quyoshdan keladigan yalpi radiatsiya miqdori turlicha, shimolida kamroq (100 kkal/sm.kv), janubida ko‘proq (160 kkal/sm.kv). Bu esa haroratning, namlikning notekis taqsimlanishiga va iqlim mintaqalarining hamda har bir iqlim mintaqasi ichida o‘ziga xos tabiat zonalarining hosil bo‘lishiga olib keladi. O‘rta Osiyo hududida baland tog‘lar joylashganligi sababli harorat va namlikning balandlik bo‘yicha o‘zgarishi tufayli balandlik mintaqalari vujudga kelgan.
O‘rta Osiyo hududi mo‘tadil mintaqaning janubida va subtropik mintaqaning shimoliy, quruq qismida joylashgan. Mo‘tadil iqlim mintaqasida dasht, chalacho‘l va cho‘l zonalari, subtropik mintaqada subtropik cho‘llar zonasi joylashgan. Dasht zonasiga Тo‘rg‘ay platosining shimoliy qismi, Qozog‘iston past tog‘larining shimoliy va markaziy qismlari kiradi. Zonaning shimoliy qismida qora tuproqlar, janubida to‘q kashtan tuproqlari tarqalgan. Dasht o‘simliklari, asosan, pakana qiyoq, chalov, betaga, zig‘ir, yo‘ng‘ichqa, ayiqtovon, yaltirbosh va boshqalardan iborat. Hayvonlardan kemiruvchilar ko‘proq tarqalgan. Dasht zonasi hozirgi paytda deyarli to‘liq haydab yuborilgan va ekinzorlarga aylantirilgan.