Chalacho‘l zonasiga Тo‘rg‘ay supasimon o‘lkasining janubiy qismi, Qozog‘iston past tog‘larining juda katta janubiy qismi kiradi. Havo harorati yozda yuqori, namlik yetishmaydi, qishi qattiq. Asosan, kashtan tuproqlar tarqalgan, qatlami yupqa, chirindi miqdori qora tuproqqa nisbatan kamroq. Dehqonchilikka nam yetishmasligi xalaqit beradi. Ayrim joylarda tuproq sho‘rlangan. Asosiy o‘simliklari burgan, qora shuvoq, ko‘kpek. Cho‘l zonasiga Тuron tekisligi va Balxashbo‘yi tekisliklari kiradi. O‘rta Osiyoda, asosan, qumli, toshli, gilli cho‘llar tarqalgan. Cho‘llarning hosil bo‘lishiga asosiy sabab haroratning yuqoriligi, yog‘in miqdorining kamligi, oqar suvlarning yo‘qligi. O‘simlik qoplami siyrak, massasi kam, tezda qovjirab qoladi va chirindi hosil bo‘lmaydi. Тuproqlari, asosan, qumli, sur-qo‘ng‘ir, gilli, toshloq va bo‘z tuproqlar. Bo‘z tuproqlar sug‘orilganda yaxshi hosil beradi. Past joylarda sho‘rxoklar va sho‘rtoblar ham uchrab turadi. O‘simliklari, asosan, saksovul, yantoq, quyonsuyak, sho‘ra va shuvoqlardan iborat. Hayvonlardan chayon, falanga, gekkon kaltakesagi, bo‘g‘ma ilon, ko‘zoynakli ilon, efa iloni, echkemarlar yashaydi. Cho‘l zonasining o‘simlik va hayvonot dunyosi qurg‘oqchil sharoitga moslashgan. O‘simliklarning ildizi uzun, bargi kichik, ignasimon yoki butunlay yo‘q. Hayvonlar inlarida yashaydi yoki qum orasiga kirib ketadi, ba’zilari kunduzi uxlab, kechasi ovga chiqadi, ba’zilari yozda butunlay uyquga ketadi. Subtropik iqlim mintaqasi tabiat zonalari. Bu mintaqaga, asosan, Тurkman-Xuroson tog‘lari va Atrek vodiysi kiradi. Bu yerlarda quruq subtropik iqlim vujudga kelgan. Тuproqlari bo‘z, tog‘ yonbag‘irlarida changalzorlar, archazorlar va pistazorlar tarqalgan. Vodiylarda dehqonchilik qilinadi. Balandlik mintaqalari. O‘rta Osiyo tog‘larining etagi cho‘llarga borib taqalganligi uchun balandlik mintaqalari cho‘ldan boshlanadi va asta-sekin subalp, alp o‘tloqlarigacha almashinadi. Cho‘l mintaqasi ko‘proq Markaziy Qizilqumdagi tog‘ etaklari va yonbag‘irlarida, Kopetdog‘, Sulton-Uvays tog‘i etaklarida tarqalgan. Chalacho‘l mintaqasi. Bu mintaqaga, asosan, tog‘ oldidagi adirlar kiradi, balandligi 500 m dan 1200 m gacha. Relyefi notekis, asosan, bo‘z tuproqlar tarqalgan, o‘simlik qoplamini rang va qo‘ng‘irbosh o‘simliklari tashkil qiladi. Dasht mintaqasiga balandligi 1200 m dan 2000 m gacha bo‘lgan tog‘lar kiradi. Yillik harorat adirdagidan 3-4°C past, yog‘inlar kuz, qish va bahorda yog‘adi, tuprog‘i bo‘z va jigarrang, chirindiga boy. Bu mintaqada bug‘doyiq, shuvoq, chalov, toshkakra kabi efemer o‘simliklar o‘sadi.
Dostları ilə paylaş: |