17-Ma’ruza Mavzu: Quritish va kuydirish uskunalari. Reja: Quritish jarayoni asoslari
Quritishda ishlatiladigan dastgohlar
Quritishning nazariy asoslari.Mahsulot tarkibidagi namlikni harorat ostida bug’latib yo’qotish jarayoni quritish jarayoni deb ataladi. Quritishda mahsulot tarkibidagi zarrachalar bilan mexanik va fizik kimyoviy bog’langan namlikni yo’qotiladi. Quritish jarayoni massa almashish jarayoniga taalluqli bo’ladi, chunki u issiqlik va namlikni mahsulot ichida harakatlanishi va ularning mahsulot yuzasidan atrof-muhitga uzatilishi bilan bog’liq.
Qurutish jarayoni foydali qazilmalarni boyitib, tayyor mahsulot olishning oxirgi bosqichi hisoblanadi [5].
Nam materiallarni quritish jarayonini sanoatda katta ahamiyatga egadir. Quritilgan materiallarni transport vositasida uzatish arzonlashadi, ularning tegishli xossalari yaxshilanadi, dastgohlar va trubalarning korroziyaga uchrashi kamayadi.
Mis boyitmalarini kuydirish va eritishdan oldingi ruxsat berilgan namlik 5-7%, ko’mir boyitmalariga 7-8 %, nometall mahsulotlar tarkibidagi (talk, grafit, kaliyli tuzlar) namlik 1-2% va h.k. Bunday namlikka yuqorida ko’rib chiqilgan suvsizlantirish usullari (quyultirish, filtrlash) orqali erishib bo’lmaydi va shuning uchun ular ko’p hollarda harorat ostida quritiladi.
Qurituvchi reagent sifatida tutundan hosil bo’ladigan gazlar, qizdirilgan havo va qizdirilgan bug’ ishlatilishi mumkin. Boyitish mahsulotlarini quritish uchun odatda yonilg’i yonishidan hosil bo’lgan tutunli gazlar ishlatiladi.
Issiqlik tashuvchi reagentning quritilayotgan material bilan o’zaro ta’sirlashuv usuliga ko’ra quritishning quyidagi turlari mavjud:
Konvektiv quritish – nam material bilan qurituvchi reagent to’g’ridan –to’g’ri o’zaro aralashadi.
Kontaktli quritish – issiqlik tashuvchi agent va nam material o’rtasida ularni ajratuvchi devor bo’ladi,
Radiatsiyali quritish - issiqlik infraqizil nurlar orqali tarqaladi.
Sublimatsiyali quritish – material muzlagan holda, yuqori vakuum ostida suvsizlantiriladi.
Dielektrik quritish-material yuqori chastotali tok maydonida quritiladi.
Boyitish fabrikalarida konvektiv quritish keng tarqalgan usullardan biridir.
Quritish, xalq xo’jaligining tarmoqlarida: qora va rangli metallurgiyada, kimyo, energetika, yengil va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida keng qo’llaniladi.
Quritish tezligi. Quritish tezligi ma’lum vaqt oralig’ida mahsulot tarkibidagi namlikning kamayishi bilan belgilanib, u mahsulot tarkibidagi namlikning bog’lanish shakliga bog’liq. Quritish tezligining o’zgarishi kritik egri chizig’i bilan xarakterlanadi va tajriba natijalari asosida tuziladi.
Material namligi W ning vaqt davomi da havo parametrlari o’zgarmas bo’lganda olingan grafik bog’liqligi, quritish egri chizig’i deb yuritiladi
Quritish egri chizig’i quritishning uchta davriga doir bir nechta maydonlardan tashkil topadi.
Boshlang’ich davr (AV uchastka) mahsulotni qizdirishga ketadigan uncha katta bo’lmagan vaqtni tashkil qilib, bu vaqt oralig’ida namlik sezilarli darajada kamayadi, quritishning harorati va tezligi ma’lum miqdorgacha ortadi.
Birinchi davr (VS uchastka) quritishning doimiy tezligi bilan harakterlanadi, bunda mahsulotning namligi to’g’ri chiziq qonuni bo’yicha tez kamayadi. (VS uchastkada deyarli to’g’ri chiziq ko’rinishiga ega). Bu davrda namlik mahsulotning ichki qatlamlaridan yuzaga chiqadi va bug’langan namlik o’rnini egallaydi. Birinchi davr kritik namlik Wkr deb ataluvchi namlikda tugaydi.
17.1-rasm. Quritish egri chizig’i
Ikkinchi davr (SD uchastka) quritish tezligining pasayishi bilan harakterlanadi. Bu davrda namlikning mahsulot ichki qatlamlaridan yuzaga chiqishi, yuzaning namlik bilan to’yinishi uchun yetarli emas. Shuning uchun quritish tezligi kamayadi. Ikkinchi davrning oxirida quritish egri chizig’i muvozanatdagi Wr ga yaqinlashadi va bunda namlikning bug’lanishi to’xtaydi. Bu vaqtda mahsulotning harorati ko’tariladi va u atrofdagi gazning haroratiga yaqinlashadi, mahsulotning bunday namligida quritish tezligi shu nuqtada o’tkazilgan burchak tangensiga urinma tarzda ifodalanadi.