- ta’lim va tarbiya jarayoni mazmuni, mohiyati, sabab-oqibat aloqadorligini o‘rganish;
- pedagogik tajribani tahlil etish, umumlashtirish va baholash.
- ilmiy asoslangan maqsadlarni belgilash va ta’lim -tarbiya tizimini rivojlantirish strategiyalarini belgilash;
- ta’lim siyosatini samarali boshqarishni ta’minlash
- yangi pedagogik texnologiya, innovatsion shakl va vositalarni ishlab chiqish;
- pedagogik tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish;
- ta’lim jarayonini boshqarishning ilmiy-metodik ta’minotini yaratish
Boshlang‘ich ta’lim pedagogika fanining asosiy kategoriyalari.Bizga yaxshi ma’lumki, har bir fan o‘zining tayanch tushunchalari, qonuniyatlari, tamoyillari, qoidalari tizimiga ega. Aynan mana shu holat uning fan sifatida e’tirof etilishini kafolatlaydi. Fanning mohiyatini ochib beruvchi eng muhim, asosiy tushuncha kategoriya deb ataladi.
Boshlang‘ich ta’lim pedagogika fanining asosiy kategoriyalari shaxs kamolotini ta’minlash, ta’lim va tarbiya samaradorligiga erishishga qaratilgan jarayonlarning umumiy mohiyatini yoritadi. Eng muhim kategoriyalar sirasiga quyidagilar kiradi: shaxs, tarbiya, ta’lim (o‘qitish, o‘qish), bilim, ko‘nikma, malaka, kompetensiya, ma’lumot, shakllantirish, rivojlantirish.
Shaxs – psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi, muayyan xulq-atvor va dunyoqarashga ega bo‘lgan jamiyat a’zosi.
Tarbiya – muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyo-qarashini tarkib toptirish jarayoni.
Ta’lim – o‘quvchilarni nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish, kompetentlikni tarkib toptirish, ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish va dunyoqarashlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan jarayon.