1-mavzu estetika fanining ob’ekti va va falsafiy mohiyati. Reja
Estetika kategoriyalarining tasnifi. Har bir fanning muayyan tadqiqot obekti bo‘lib,
bu obekt tabiat, jamiyat va tafakkur haqida yangi bilimlar hosil qilishga qonun va kategoriyalar
asosida olamni yangidan idrok etishga qaratilgan bo‘ladi. Ma’lumki, dialektikaning biror-bir
kategoriyasini voqelikdan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki, bu kategoriyalar
(yaxlitlik, qism, zaruriyat, tasodif, mohiyat, sifat va h.k) insonni o‘rab turgan olamda sodir
bo‘ladigan voqea-hodisalar haqida aniq xulosalar chiqarishga, ularni to‘g‘ri tahlil etishga ko‘mak
beradi. Estetika ham falsafiy fan sifatida o‘zining qonun va kategoriyalariga ega. Estetika
kategoriyalari (go‘zallik, hunuklik, ulug‘vorlik, tubanlik, fojiaviylik, kulgililik va h.k.)inson va
tabiat, inson va jamiyat, inson va ijtimoiy borliq bilan doimo hamkorlikda vujudga keladi.
Bugungi kunda go‘zallik – ulug‘vorlik – fojiaviylik – kulgililik; estetik ideal – estetik did – estetik tuyg‘u; san’at – badiiy obraz – ijodkorlik ko‘rinishdagi tizim estetika fanining
kategoriyalar tasnifida kengroq qo‘llanilmoqda.
«Go‘zallik»ning tugal ilmiy ta’rifi haqida biror–bir qat’iy fikr mavjud emas. Biroq,
go‘zallikning idrok etilishi, tabiatda namoyon bo‘lishi, san’atda aks etishi hamda uning jamiyat
rivojiga ta’siri haqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan g‘oyalar, yaratilgan ta’limotlar o‘zining
salmog‘i bilan ahamiyatlidir. Inson va uning ruhiy–jismoniy, axloqiy–estetik faoliyati, tabiat va
undagi hodisalar, jamiyat va unda ro‘y berayotgan ijtimoiy–ma’naviy, siyosiy–iqtisodiy
jarayonlar go‘zallikka yondoshuvning tarixan tarkib topgan asosiy obektlaridir. Shuni alohida
ta’kidlash zarurki, go‘zallik haqidagi qarashlar va nazariyalar markaziga «Go‘zallik nima?»
degan savol qo‘yiladi–yu, ammo ularning aksariyatida «Nima go‘zal?» degan javobni ko‘ramiz.
Shuning uchun ham odatda, go‘zallik ikki omil asosida yuzaga keladi. Bular: inson tafakkuri va
mehnatining mahsuli natijasida yaratiladigan go‘zallik; inson tafakkuridan tashqarida, insonga
bog‘liq bo‘lmagan xolda yuzaga keladigan go‘zallik. Birinchisida aql, ruh va xissiyot ustuvor
bo‘lsa, ikkinchisida makon va zamon salmoqli o‘rinni egallaydi.
Go‘zallikning namoyon bo‘lishi, shakllanishi va xis etilishida muayyan unsurlar
mezoniy vazifasini o‘taydi. Bular - me’yor, maqsadga muvofiqlik, tartiblilik, uyg‘unlik,
hamoxanglik, moslik, yaxlitlik, birlik, mutanosiblik, tenglik va hokazo. Mazkur tushunchalar
narsa–hodisalarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etib, undagi go‘zallikni namoyon ettiradi.
Go‘zallik sifatlari tug‘yoniylik, maftunkorlik, foydalilik, mo‘jizaviylik singari
tushunchalar orqali izohlanadi. Go‘zallikning xususiyatlariesa qulaylik, manfaatdorlik,
yoqimlilik, chiroylilik tushunchalari bilan belgilanadi. Unsurlar, sifatlar va xususiyatlar uyg‘un
bo‘lgan narsa–hodisalargina chinakam go‘zallikni aks ettirishi mumkin. Zero, chiroyli narsaning
sifati bizning manfaatimiz uchun hamoxang bo‘lmasa yoki bizning maqsadlarimizga mos
kelmasa u har qancha maftunkor bo‘lmasin go‘zallik sifatida baxolanmaydi.
Shu o‘rinda go‘zallik tushunchasi «chiroyli», «ko‘rkam», «nafis», «jozibador»,
«maftunkor», «latofatli» kabi tushunchalarga nisbatan kengqamrovli va ustuvor ekanligini
alohida ta’kidlash joiz. Ayniqsa, go‘zallik bilan kundalik turmushimizda tez–tez tilga olinadigan
«chiroylilik» tushunchasi orasida muayyan tafovutlar mavjud.
Chiroylilik – narsalarning tashqi ko‘rinishini, holatini, bajarilgan ish yoki qilingan
harakatdagi o‘zaro hamohanglikni ifodalovchi tushuncha. Chiroylilik insonlarda yoqimli
taassurot qoldiradi, ammo ayni bir paytda o‘sha chiroyli bo‘lgan narsa–hodisa yoqimsiz
holatlarni ham vujudga keltiradi.
Inson go‘zalligi. Insondagi go‘zallik aksariyat xollarda uning xulqi, odobi, axloqi va
fazilatlari bilan belgilab kelinadi. Avval ham bugun ham inson borliq – jamiyat – texnika o‘r-
tasidagi munosabat masalasi ko‘plab ilmiy sohalarning tadqiqot ob’ekti bo‘lib kelmoqda.
Nafosat falsafasi inson go‘zalligining mohiyatiga doir muammolarni tadqiq etishni o‘zining
muhim vazifasi qilib belgilaydi. Estetik tafakkur tarixida inson go‘zalligi jism (tana) va ruhiyat masalalari bilan
izohlangan. Bu boradagi fikr–mulohazalarning asosida insonning tashqi ko‘rinishi hamda
axloqiy fazilatlariga bo‘lgan munosabat masalasi yotadi.
Bir so‘z bilan aytganda, go‘zallik – ma’naviy va moddiy xususiyatga ega bo‘lgan,
ijtimoiy hayotda favqulodda ahamiyat kasb etuvchi hamda narsa–hodisalarning uyg‘unligi,
hamohangligi, mutanosibligi, maqsadga muvofiqligiga asoslangan qadriyatdir. Go‘zallikka qarama-qarshi bo‘lgan xunuklikni go‘zallikning aksi deb yuritamiz. Biroq,
bunday yondashuvda qisman noaniqlik bor. Chunki uyqash va bir–biriga yaqin, yoki bir–birining
aksi bo‘lgan tushunchalardagi unsurlar u yoki bu ko‘rinishda har ikkala tushunchada ham
ishtirok etishi mumkin.
Gohida shakl va mazmun go‘zalligi bir-birini dialektik tarzda inkor etadi. Shunday
bo‘lsa–da, buning ijobiy tomonlari ham mavjud. Chunki, mazmun o‘z vaqtida shaklning
kamchiligini ko‘rsatib, uning go‘zallashuviga turtki berib turadi yoki aksincha: ko‘rinishi
chiroyli bo‘lgan insonlarning hammasi ham ma’naviyati boy bo‘lmaganidek, yuksak fazilat
sohiblarining barchasi ham husn va chiroyda barkamol emaslar. Xunuklik bir paytning o‘zida
ham go‘zallikning, ham nafosatdan lazzatlanishning ziddidir. Chunki, xunuklik lazzatlanish
tuyg‘usi mavjud bo‘lgan jarayondan uzoqroq joyda vujudga keladi; u insonga hayrat baxsh
etishdan, uning vujudini forig‘lashdan mahrum.