3.Tibbiyotda gen terapiyasi yo‘nalishi paydo bo‘lgach, ungacha davolash anchamurakkab bo‘lgan kasalliklarni ham muvaffaqiyatli muolaja qilish borasida fikrlar tug‘ila boshlagani rost. Hattoki, saraton, OITS, sil kabi qator kasalliklardan shifo topish mumkinligi borasida dadil fikrlar ilgari surildi. Ammo har ishda bo‘lgani kabi dastlabki amaliy natijalar kutilganidek bo‘lmadi, muvaffaqiyatlar boshidanoq olimlarni xushnud etmadi. Misol uchun, Vestern Reserv universiteti tadqiqotchilari tomonidan 1989 yili insonning klonlashtirilgan genlarini hujayralarga ko‘chirish tajribalari o‘tkazildi. Aytish kerakki, bu insonni gen terapiyasi yordamida davolashga ilk urinish edi. French Anderson, Maykl Blez va Stiven Rozenberg boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi tomonidan melanoma tufayli hayoti so‘nib borayotgan bemorga nisbatan gen muhandisligi usuli qo‘llandi. Ammo davo choralari samarasiz kechdi.
4.Keyingi yili og‘ir shakldagi immunitet tanqisligi kasalligiga qarshi gen terapiyasi usullarikeng miqyosda ishlab chiqila boshlandi. 1993 yilga kelib mazkur turdagi xastalik aniqlangan ko‘ngilli bemorlardan biri genetik muolaja metodi bilan davolandi. Quvonarlisi, uning organizmiga sun’iy ravishda kiritilgan oqqon hujayralar yana 4 yil mobaynida muvaffaqiyatli ravishda faoliyat ko‘rsatib turgan. Shundan so‘ng esa, bemordan qayta muolajadan o‘tish talab etildi. Yana biroz muddat o‘tgach — 1999 yildan og‘ir shakldagi immunitet tanqisligi kasalligi topilgan har to‘rtinchi odam gen terapiyasi usuli bilan davolana boshlandi.
2003 yilga kelib Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari guruhi shaklan o‘zgartirilgan genlarni bosh miya neyronlariga ko‘chirishning uddasidan chiqishdi. Hozir esa mazkur texnologiyaga tayangan holda Parkinson kasalligi(keksalarda markaziy asab tizimi xastaligi)ga qarshi gen terapiyasi usullari ishlab chiqilmoqda.
2006 yili ilk marta saratonga qarshi gen terapiyasi yordamida samarali kurashish usuli namoyish etildi. Merilend shtati(AQSh)dagi Salomatlik milliy instituti ilmiy xodimlari genetik o‘zgartirilgan zarralardan foydalanib, organizmida tezkor ravishda kattalashayotgan melanoma (o‘sma) aniqlangan ikki nafar bemorni muvaffaqiyatli davolayotgani haqida ma’lumot berildi. Xuddi shu yili Milandagi San-Rafaelo Gen terapiyasi institutining Luiji Naldini va Brayn Braun boshchiligidagi olimlari sohada ulkan burilish yasagani haqida e’lon qildi. Mazkur olimlarning ilmiy yutug‘i tufayli endilikda immunitet tizimi tanaga kiritilgan «yot» hujayralarni osonlikcha qabul qilish usuli ishlab chiqildi.
2007 yili Murfilds ko‘z shifoxonasi va London oftalmologiya instituti tadqiqotchilari tug‘ma Leber amavrozi (ko‘z to‘rpardasining zararlanishi irsiy xastaligi)ga qarshi gen terapiyasining ilk sinovlari o‘tkazilganini ma’lum qildi. Operatsiyada 23 yoshli britaniyalik Robert Jonson organizmiga tashuvchi virus kiritildi va yakunda muolaja hech qanday salbiy aks ta’sirlarni yuzaga keltirmagani qayd etildi. 2009 yili gen injeneriyasi usullari og‘ir shakldagi immunitet yetishmasligi va OITS bilan kasallangan bemorlar ahvolini yaxshilashda muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Qolaversa, Pensilvaniya universitetida butun dunyo genetiklari ishtirokida qator kam uchraydigan kasalliklarga qarshi gen muhandisligi metodlari ham ishlab chiqilmoqda.