Bozor iqtisodiyoti – bozorning o‘ziga xos qonunlari, funksiyalari va vazifalarini bajarishga asoslangan iqtisodiy munosabatlarning alohida shaklidir. Bu jarayonda bozor munosabatlarining barcha jihatlari hamda xususiyatlari amal qiladi.
Bozor subyektlari, ya’ni ishlab chiqaruvchilar yoki xaridorlar, mavjud tarkib topgan tizimda talab va taklif, pul muomalasi, raqobat, inqiroz va shu kabi tomonlarga moslashib, o‘z faoliyatini amalga oshirishi shart. Bu esa ularni mazkur sharoitda yashab qolish yoki rivojlanishini ta’minlaydi. Aks holda, ular o‘zlari oldiga qo‘yilgan maqsadga erisha olmay bozorda o‘rinlarini yo‘qotadilar. Demak, korxonalar bozordagi mavjud holatni va o‘zlaridagi ichki imkoniyatlarni chuqur o‘rganmay turib o‘z faoliyatlarini samarali amalga oshira olmay yoki qo‘yilgan maqsadga erisha olmaydilar.
Jamiyatda korxonalar faoliyatiga asos solinishi, faoliyat boshlanishi yoki davom ettirilishidan oldin, dastavval bozor munosabatlari hamda o‘zining barcha holat va imkoniyatlarini ilmiy-amaliy tahlil qilishga majbur. Natijada tavakkalchilikka asoslangan, lekin ayni paytda ilmiy asosiga ega bo‘lgan faoliyat dasturi ishlab chiqiladi. Dasturga amal qilish esa mablag‘lardan to‘g‘ri va samarali foydalanishni ta’minlaydi.
Bozor munosabatlarining rivojlanib, tobora murakkablashib hamda takomillashib borishi korxonalarda tahlil qilinadigan, o‘rganiladigan obyektlar sonini ko‘paytirib hamda ularni murakkablashtirib bormoqda. Jumladan, bozor geografiyasi, iste’molchilar guruhi, infrastruktura xizmatidan boshlab to korxonadagi ta’minot, ishlab chiqarish, sotish va boshqa hisob-kitoblar hamda moliyaviy bozor munosabatlarigacha, qiymat yaratilishi va erishilishining barcha bosqichlari va shu kabilar tahlil obyekti bo‘lib qolmoqda. So‘nggi global moliya-
viy-iqtisodiy inqiroz iqtisodiy tahlilning zarurati va ahamiyatini yanada oshirdi. Ayni bir paytda, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi iqtisodiy tahlil ishlarida jiddiy kamchiliklar mavjudligini va bu borada ko‘plab ishlarni amalga oshirish zarurligini ham ko‘rsatib berdi.
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyot o‘zgaruvchanlik tavsifiga ega. Korxonalar faoliyatini har doim uzluksiz holda uning talablariga moslashtirib boradi. Bu jarayon korxonada marketing tadqiqotlarini ishlab chiqish va unga amal qilishni keltirib chiqaradi.
Demak, tashqi va ichki muhit ta’siridan kelib chiqqan holda korxonalar faoliyatini marketing tadqiqotlari asosida olib borishga majbur. Natijada esa, faoliyat strategiya va taktikasi hamda ularga muvofiq keluvchi dasturlar va rejalar ishlab chiqiladi.
Bozor sharoitida ilmiy asosda ishlab chiqilgan biznes-rejalar harakat uchun qo‘llanmadir. Rejaning ilmiy asosda bo‘lishi bevosita iqtisodiy tahlil ishlari bilan bog‘langandir. Chunki reja ko‘rsatkichlari bozordagi holat, o‘tgan yillar tajribasi, belgilangan me’yorlar, yetakchi hamda raqobatchi korxonalar holati, innovatsion yangiliklarni joriy qilish, ichki imkoniyatlar ahvolini o‘rganishdan kelib chiqib belgilanadi.
Mazkur tadbir mutaxassislar uchun o‘ta muhim hisoblanib, mablag‘lardan foydalanishda eng yaxshi deb tanlangan samarali yo‘nalish, har bir bosqichi, har bir jarayonda amalga oshiriladigan xatti-harakat aniq miqdor va qiymat ko‘rsatkichlari asosida belgilanib olinadi. Ulardan kutiladigan natijalar esa ilmiy asosda hisob-kitob qilinadi. Demak, rejalashtirish ishlarining har bir elementi dastavval turli usullar bilan muqobillik asosda tahlil etiladi. Eng maqbul faoliyat deb tanlab olingan yo‘nalish uchun mablag‘lar sarflash samarali chora-tadbirlar asosida ishlab chiqiladi.
Korxonalar ishlab chiqarish va tijorat ishlarini amalga oshira boshlaganida haqiqiy ma’lumotlar olinib, uni reja ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanib o‘rganiladi. Bu bilan rejaning naqadar realligiga baho beriladi, yuzaga kelgan ijobiy yoki salbiy holatlar aniqlanadi hamda imkoniyatlar oldindan qay darajada belgilanganligi yoki nazarda tutilmaganligi o‘rganiladi. Haqiqiy ma’lumotlar bevosita bozordagi holat bilan ham bog‘lanadi. Bozordagi o‘zgarishlar va ularning korxona faoliyatiga ijo- biy yoki salbiy ta’siri tezkorlik bilan tahlil qilinadi. Shu asosda tegishli chora- tadbirlar belgilanadi. Demak, bozor munosabatlarida barcha jarayonlar aniq faktlar bilan analitik usulda tahlil qilinib, ularni sintez yo‘li bilan umumlashtirib tegishli qarorlar qabul qilinadi hamda korxona faoliyatiga ta’sir o‘tkaziladi.
Iqtisodiy tahlil bozor sharoitida faqatgina haqiqiy holatni o‘rganib uni ijobiy tomonga o‘zgartirish vazifasini bajaribgina qolmaydi, balki uning vositasida korxona faoliyati bilan qiziquvchi shaxslar uchun ham zarur bo‘lgan ma’lumotlar tayyorlanadi. Bu bilan korxonani moliyaviy holati hamda iqtisodiy imkoniyati to‘g‘risida ham to‘la tasavvur hosil qilinadi. Natijada korxonaga ko‘plab hamkorlar jalb qilinish imkoniyati oshadi.
Muxtasar qilib aytganda, bozor munosabatlari ilmiy boshqaruvni talab qiladi. Maqsadga muvofiq boshqaruv esa uning muhim funksiyasi bo‘lgan iqtisodiy tahlil
vositasida amalga oshiriladi. Iqtisodiy tahlilning aniq va ishonchli bo‘lishi boshqaruv qarorlarining obyektivligini oshiradi.