1-mavzu. Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida xalqaro moliya munosabatlarining roli Reja


-mavzu. Xalqaro korporatsiyalar xalqaro moliya munosabatlari sub’ekti sifatida



Yüklə 1,47 Mb.
səhifə26/106
tarix07.01.2024
ölçüsü1,47 Mb.
#203812
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   106
1-mavzu. Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida xalqaro moliya munosa

6-mavzu. Xalqaro korporatsiyalar xalqaro moliya munosabatlari sub’ekti sifatida


Reja
6.1. Xalqaro korporatsiyalarning yuzaga kelishi va ular faoliyatining mohiyati.

    1. Transmilliy korporatsiyalar faoliyatining asosiy xususiyatlari va rivojlanish bosqichlari.

    2. Transmilliy korporatsiyalar faoliyatining iqtisodiyot uchun afzalliklari.

    3. Transmilliy korporatsiyalar faoliyati rivojlanishining zamonaviy tendentsiyalari.



Tayanch so’z va iboralar
YuNKTAD, ko’p millatli korporatsiyalar, xalqaro monopoliyalar, sho’’ba korxona, norezident korxona, global korporatsiyalar, transmilliy bank, transmilliylashuv indeksi, konglomerat birlashish, vertikal birlashish, gorizontal birlashish, parallel birlashish.



    1. Xalqaro korporatsiyalarning yuzaga kelishi va ular faoliyatining mohiyati

Hozirgi davrda xalqaro korporatsiyalar jahon iqtisodiyoti va xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishining muhim elementlaridan hisoblanadi. Oxirgi yillarda ularning jadal ravishda rivojlanishi jahon xo’jaliklari aloqalarining globallashuvida, kapital va ishlab chiqarishning baynalmillashuv jarayonlarida namoyon bo’lmoqda. Xalqaro korporatsiyalar jahon xo’jaligi aloqalarining barcha sohalarida faol ishtirokchi bo’lib hisoblanadi. Xalqaro korporatsiyalar bir tomondan jadal rivojlanib borayotgan xalqaro moliya munosabatlarining mahsuli, boshqa tomondan esa, mazkur munosabatlarga ta’sir etuvchi qudratli mexanizm sifatida namoyon bo’ladi.
Xalqaro korporatsiyalar xalqaro moliya munosabatlariga faol ta’sir ko’rsatgan holda yangi munosabatlarni shakllanishida muhim o’rin tutadi.
Xalqaro korporatsiyalarning asosiy qismi AQSh, Evropa ittifoqi mamlakatlari va Yaponiyada joylashgan. YuNKTAD ma’lumotlariga ko’ra 2011 yilda 86000 ta xalqaro korporatsiya qayd etilgan bo’lib, ular filiallarining soni 832000 tani tashkil etgan. Xalqaro korporatsiyalar jahon iqtisodiyotining rivojlanishida muhim rol o’ynaydi. Xalqaro korporatsiyalar filiallari orqali amalga oshirilgan eksportning hajmi jahon eksportining 1/3 qismini tashkil etadi va ularda 77 mln. kishi ishlaydi. Ushbu ko’rsatkich Germaniya iqtisodiyotida band bo’lganlar sonidan ikki baravar ko’pdir.
Xalqaro korporatsiyalarning paydo bo’lishi va taraqqiy etishida jahon iqtisodiyotida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishga bo’lgan zaruratning kuchayishi hamda xo’jalik hayoti baynalmilallashuvining jadallashuvi muhim o’rin tutdi.
Transmilliy korporatsiyalardan farqli ravishda xalqaro korporatsiyalar egalari yagona davlatning emas, balki ikki yoki undan ortiq davlatlar kapitallarining egalari hisoblanadi. Ular faoliyatining muhim xususiyati, aktsiyadorlik kapitalini xalqaro ko’lamda bo’lib-bo’lib joylashtirishdadir.
Xalqaro korporatsiyalarning jahon iqtisodiyotiga ta’siri eng avvalo ishlab chiqarishning nihoyatda keng tarqalishi orqali yuzaga keladigan afzalliklarda namoyon bo’ladi.
Xalqaro korporatsiyalar faoliyatining xususiyatlariga ko’ra quyidagicha shakllarga ajratiladi:
1. Transmilliy korporatsiyalar – asosiy kompaniya bir mamlakat kapitaliga tegishli bo’lib, filiallari esa dunyo bo’ylab tarqalgan kompaniyalardir.
2. Ko’p millatli kompaniyalar – asosiy kompaniya ikki va undan ortiq mamlakat kapitaliga tegishli bo’lib, xorijiy bo’limlari turli mamlakatlarda joylashgan kompaniyalar.
Xorijiy iqtisodiy adabiyotlarda xalqaro monopoliyalarning ko’pgina tasniflarini uchratish mumkin, ular jumlasiga, ko’p millatli korporatsiyalar, xalqaro korporatsiyalar, transmilliy va global korporatsiyalar kiradi. Taniqli amerikalik marketolog olim F.Kotler, xalqaro kompaniyalarni tashkil topishi jihatidan to’rt turga bo’lgan edi, ya’ni, global kompaniya, transmilliy kompaniya, ko’p millatli kompaniya va baynalminal kompaniya.
Transmilliy korporatsiyalarning huquqiy tuzilmasi sho’’ba kompaniyalar va filiallarni tashkil etish orqali turli mamlakatlarda amalga oshiriladigan ish faolligini talab qiladi. Ushbu kompaniyalar nisbatan mustaqil ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlarni sotish, ilmiy-tadqiqot ishlanmalari va boshqa xizmatlarga egadirlar. Umuman olganda, ular yagona yirik ishlab chiqarish majmuini tashkil etgan holda aktsionerlik kapitaliga faqat ta’sischi davlat vakillari egalik qilishadi. Ayni vaqtda filial va sho’’ba kompaniyalar tashkil etilgan mamlakat kapitali ustunligida aralash korxonalar bo’lishi ham mumkin.
Ko’p millatli korporatsiyalar – ishlab chiqarish va ilmiy-texnik asosda bir qator davlatlarning milliy kompaniyalari birlashishidan yuzaga kelgan xalqaro korporatsiyalardir. Mazkur korporatsiyaga misol sifatida 1907 yildan o’z faoliyatini boshlagan Angliya-Gollandiya kontserni hisoblangan “Royal Datch Shell”ni keltirish mumkin. Mazkur kompniyaning kapitali 60:40 nisbatda taqsimlangan. Ko’p millatli korporatsiyaga misol bo’lib, Evropada birmuncha taniqli bo’lgan mashinasozlik, elektrotexnika injeneriyasi sohasiga ixtisoslashgan Shveytsariya-Shvetsiya kompaniyasi ABB (Asea Brown Bovery)ni keltirish mumkin.
Xalqaro xuquqiy normalar nuqtai nazaridan ko’p millatli korporatsiyalarning o’ziga xos belgilari quyidagilardan iborat:

  • ko’p millatli aktsiyadorlik kapitalining mavjudligi;

  • ko’p millatli boshqaruv markazining mavjudligi;

  • xorijiy filiallar ma’muriyatini mahalliy sharoitlarni biladigan kadrlar bilan to’ldirish.

Oxirgisi, ko’pgina transmilliy korporatsiyalarga xos bo’lgan xususiyat hisoblanadi.
Xalqaro korporatsiyalar yuzaga kelishidan buyon bir qancha bosqichlarni boshdan kechirishgan. Zamonaviy xalqaro korporatsiyalarning birinchi avlodi, umumiy tarzda xom-ashyo transmilliy korporatsiyalari sifatida namoyon bo’lishgan. Birinchi jahon urushi va urushdan keyingi davrda TMKlar qurol-yarog’ ishlab chiqarishga ixtisoslashgan holda o’z faoliyatlarini rivojlantirishdi. Ushbu bosqichda TMKlarning rivojlanishi jahon iqtisodiyotiga va jahon xo’jalik aloqalariga unchalik ahamiyatli ta’sir ko’rsatmadi. XX asrning 40-yillari boshlarida xalqaro monopoliyalarning umumiy soni 300 tadan oshmasdi.
Xalqaro korporatsiyalar yuzaga kelgan davrdan boshlab asta-sekinlik bilan o’z faoliyatlarining istiqboldagi strategiyasini ishlab chiqishdi. Ularning asosiy belgilariga quyidagilarni kiritish mumkin:
1) o’zining ishlab chiqarishini xorijiy xom-ashyo bilan ta’minlash;
2) filiallari tarmog’i orqali xorijiy bozorlardagi o’rnini mustahkamlash;
3) asosiy mamlakatdagiga qaraganda ishlab chiqarish xarajatlari past mamlakatlarda ishlab chiqarishni joylashtirish;
4) tabaqalashtirilgan ishlab chiqarish-savdo-moliya faoliyatiga yo’naltirilganlik.
Mamlakatlar iqtisodiyotiga kapital qiritishiga muvofiq xalqaro korporatsiyalar bir nechta shaklda namoyon bo’ladi:

  • xorijiy korxona shaklida, bunda ushbu norezident korxona jami kapitalning 50 foizidan kam bo’lgan qismiga egalik qiladi;

  • sho’’ba korxona, norezident korxonaning ulushi umumiy kapitalning 50 foizidan oshishi mumkin;

  • xorijiy bo’linmalar shaklida, bunda korxona to’liq TTXI hisobidan tashkil etilishi mumkin.

Xalqaro korporatsiyalarning tashkiliy qobig’i, ularning milliy negizi va ko’p miqdordagi sho’’ba va boshqa tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy-texnika taraqqiyoti jadal rivojlanishining, zamonaviy xalqaro mehnat taqsimoti uchun muvofiq shakl sifatida namoyon bo’ldi.
Etakchi xalqaro korporatsiyalar jahon miqyosida kapital va mehnat kuchlarini umumlashtirib, ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirgan va raqobatbardoshlikni oshirgan holda xalqaro ishlab chiqarishni tashkil etadi. Natijada ular o’zlarining global korporatsiyalar shaklidagi yangi darajasiga aylanishadi.
Global korporatsiyalar o’zida yirik moliya-sanoat, ilmiy-texnikaviy va savdo birlashmalarni ifodalaydi. Global korporatsiyalar zamonaviy jahon moliya kapitalining butun qudratini jamlaydi. Xalqaro ishlab chiqarishning yirik salmog’i, shu jumladan, asosiy ilmiy sig’imli qismi, global korporatsiyalar tomonidan nazorat qilinadi. Globallashuvda nisbatan yuqori darajada kimyo, elektrotexnika, neft sanoati, avtomobilsozlik va bank tarmoqlari faol ishtirok etmoqda.
Mazkur bosqichning xarakterli xususiyati bo’lib nafaqat xo’jalik yuritishning baynalminallashuvi balki, mulkchilikning baynalminallashuvi ham hisoblanadi. Bir vaqtning o’zida uchinchi jihatning ya’ni, boshqarishning baynalminallashuvi ham yuzaga keladi.
Xalqaro korporatsiyalar faoliyati orqali iqtisodiyotda quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:

  • ishlab chiqarishning yirik hajmi va ko’lami hisobiga mahsulot birligiga to’g’ri keladigan xarajatlarni kamaytirish;

  • ishlab chiqarishning samarali tashkil etilishi hisobiga mehnat taqsimoti va ixtisoslashuvni yanada chuqurlashtirish;

  • tashqi muhit o’zgarishlariga tezda moslashish;

  • xorijiy bo’linmalar orqali ular joylashgan mamlakatlardagi bozorlar holatining va mahsulotlarga bo’lgan talab darajasining o’zgarishiga tegishli ma’lumotlarni to’plash hamda tahlil etib borish;

  • jahon bozoridagi talabning o’zgarishiga muvofiq strategik loyihalarni amalga oshirish.

Agar kompaniya jahon bozorlarida faoliyat yuritishning quyidagi talablarini kompleks tarzda hisobga olsa, xalqaro korporatsiyalarning strategiyasi global bo’lib hisoblanadi:
– raqobat va bozorlarning umumjahon holatini doimiy muhokama qilish;
– o’zining raqobatchilarini va global raqobat kurashida faoliyat yuritish usullarini yaxshi bilishi;
– o’z faoliyatini umumjahon yoki yirik mintaqaviy ko’lamda amalga oshirishi;
– o’z foydasining ma’lum qismini ilmiy tadqiqot ishlariga yo’naltirishi va yuqori texnologiyali tarmoqlarda faoliyat ko’rsatishi;

  • tez moslashuvchan axborot, ishlab chiqarish, moliyaviy texnologiyalar yordamida o’z faoliyatini muvofiqlashtirishi;

  • o’zining korxona va ishlab chiqarish filiallarini yagona xalqaro boshqaruv tarmog’iga birlashtirish va boshqa transmilliy korporatsiyalar bilan o’zaro yaqin aloqalar o’rnatishi.

Hozirgi davrda xalqaro korporatsiyalar faoliyati rivojlanishiga xos bo’lgan asosiy xususiyatlar quyidagilardan iborat:

  • jahon bozoridagi talabning o’zgarishiga tezda moslashishi;

  • umumjahon global strategiyasi doirasida faoliyat ko’rsatib jahon bozorining barcha tarkibiy qismlariga ta’sir o’tkazish imkoniga egaligi;

  • ishlab chiqarishning global omillaridan keng tarzda foydalanishi;

  • xalqaro korporatsiyalar deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida xalqaro ishlab chiqarishning global tizimini yarata olishganligi.




Yüklə 1,47 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   106




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin