1-mavzu: Kirish. Mustaqillik davrida “O‘zbek xalq og'zaki ijodi”ni o'rganilishi. Folklor ma’naviv tarbiyaning poydevori. Reja



Yüklə 1,96 Mb.
səhifə19/103
tarix24.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#192618
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   103
Folklor mavzular

Dostonlar tasnifi. O`zbek xalq dostonlari nihoyatda ko`p tarkibli bo`lib, uzoq asrlar davomida yaratildi va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda kuylanib keldi. Bu hol ularni muayyan turlarga bo`lib o`rganishni taqozo etadi. Dostonlar dastlab V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifov, keyinroq M.S.Saidov, B.I.Sarimsoqovlar tomonidan tasnif qilindi. Jumladan, V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifovlar o`zbek xalq dostonlarini qahramonlik, jangnoma, tarixiy, romanik hamda kitobiy kabi turlarga ajratadilar.9 M.S.Saidov esa o`zbek og`zaki an’anaviy dostonlarini qahramonlik, sof muhabbatni kuylovchi, romanik, jangnoma va tarixiy kabi turlarga ajratadi.10 B.I.Sarimsoqov esa xalq dostonlarining tarixiylik tamo-yillariga asoslanib, ularni qahramonlik, romanik va tarixiy kabi uch turga bo`ladi. Uning tasnifiga ko`ra, jangnoma va kitobiy dostonlar romanik dostonlarning bir ko`rinishidan iborat.11 Darhaqiqat, eposning tarixiylik tamoyillari, voqelikni aks ettirish tarzi xalq dostonlarini qahramonlik, romanik va tarixiy dostonlar kabi uch yirik turga bo`lib o`rganish zarurligini taqozo etmoqda.
Qahramonlik dostonlari. O`zbek xalq dostonchiligi taraqqiyotida ko`pgina qatlamlar bo`lsa-da, ayniqsa, ikki qatlam, davomiy ikki bosqich — qahramonlnk va romanik dostonlar bosqichi alohida ajralib turadi. O`zlarining yaratilish davri, mundarijasi, g`oyaviy mazmuni, ijtimoiy voqelikni tasvirlash tamo-yillari bilan ham bu dostonlar bir-birlaridan jiddiy farq qiladi. Biroq ular bir necha asrlar davomida baxshilar tomonidan baravar kuylab kelingan, shuning uchun ham bu xil dostonlar orasida muayyan yaqinliklar mavjud. Demak, biriga xos xususiyatning ikkinchisida zohir bo`lishi, sof qahramonlik dostonlariga xos belgilarning keyingi o`ringa surila borishi, qahramonlik dostonlaridan romanik motivlar va epizodlarning o`rin olishi tabiiy edi.
«Qahramonlik» termini o`zbek folklorshunosligida ikki ma’noda — keng ma’noda, umuman o`zbek eposiga nisbatan, tor ma’noda, uning bir turiga nisbatan ishlatiladi.
Qahramonlik dostonlari patriarxal-urug`chilik munosabatlari, ko`chmanchilik va yarim ko`chmanchilik hayot tarzi bilan mahkam bog`liqdir. Bunday dostonlar xuddi shu turmush tarzining ifodasi sifatida patriarxal-urug`chilik jamiyatining so`nggi bosqichlarida yoki ilk feodalizm davrida turli urug`lar o`rtasida nizolar davom etayotgan va ular muayyan hududlarga joylashayotgan hamda yagona xalq sifatida uyusha boshlagan davrlarda yaratilgan. Bir qator urug` va qabilalarning muayyan xalq sifatida tashkil topa borishi, ilk davlatchilik kurtaklarining paydo bo`lishi va shu munosabat bilan xalqlar hamda elatlarning o`z mustaqilliklari uchun chet el bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashlari qahramonlik dostonlarn uchun boy material bo`ldi. Mana shu kurashlar va tarkib topishlar, birlashishlar va joylashishlar jarayonida o`z-o`zini anglashning buyuk ifodasi sifatida qahramonlik eposi yuzaga keldi.
«Qahramonlik eposining mahobatli realizmi real ijtimoiy voqelikni qahramonlik idealizasiyasi shakllarida tasvirlaydi. Shu bilan birga, qahramonlar obrazi va ular amalga oshirgan jasoratlar tabiiylik chegarasidan birmuncha yuqori bo`ladi. Shu ma’noda ular ajoyib-g`aroyib, qiziqarli, ammo g`ayritabiiy emas, kuychining subyektiv uydirmasi va ijodiy fantaziyasiga asoslangan romanik fantastika bo`lmaydi. Qadimiy qahramonlik eposida ajoyib-g`aroyiblik mifologiyaning, xalq ishonch-e’tiqodining real unsuri sifatida namoyon bo`ladi...».12
Qahramoilik dostonlari bizgacha sof holida «Alpomish» misolida yetib kelgan.
Romantik dostonlar. O`zbek xalq baxshilari repertuaridagi dostonlarning eng katta qismi romanik dostonlardir. «Xalq romani», «romanik» terminlari turkologiyada shartli ravishda kabul qilingan bo`lib, ular og`zaki yaratilgan, ba’zan kelib chiqishi jihatidan kitobiy manbaga ega bo`lgan va og`zaki ijro etilgan muayyan dostonlar guruhini bildiradi. V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifovlar bu terminlarni muayyan dostonlar turiga nisbatan qo`llaganlarida, atamaning shartli ekanligini va ularni yevropadagi «xalq kitoblari» bilan aralashtirmaslik kerakligini ta’kidlagan edilar. Chunki bu xil dostonlarda ko`tarinki, romantik sevgi motivlari doston qahramonlarining fantastik, g`ayritabiiy sarguzashtlari girdobida tasvirlanadi.
O`zbek dostonchiligining qahramonlik eposidan keyingi yangi taraqqiyot bosqichi — romanik dostonlar o`tmish davrlarning ijtimoiy-siyosiy munosabatlari bilan bog`liq bo`lib, ularning mohiyatini sevgi mojarolari, qo`rqinchli sarguzashtlar, ertakka xos fantastik voqealar, shu bilan birga, hayotiy hodisalar tasviri belgilaydi. Ko`tarinki ishq tuyg`ulari va bu yo`ldagi jasorat ideali bu tip dostonlarning asosini tashkil qiladi. Ularda ulug`vor sevgi romantikasi bilan unga erishish yo`lidagi fantastik sarguzashtlar qahramonligi birlashib, chatishib ketgan.
Romantik dostonlarning syujeti sxemalari nihoyatda bir-biriga o`xshash bo`lib, odatda, qahramon g`oyibona oshiq bo`lgan go`zalni izlab safarga otlanadi, ajoyib-g`aroyib hodisalarni, mashaqqatli sarguzashtlarni boshidan kechiradi, g`ayritabiiy kuchlar bilan to`qnashadi, barcha qiyiichiliklarni yengib, o`z maqsadiga erishadi. Doston voqealari hashamatli saroylarda, shovqinli bozorlarda, sehrli bog`larda, tilsimli qo`rg`onlarda, vahimali g`orlarda, qo`rqinchli yer va suv osti yo`llarida kechadi. Biroq bu dostonlarning har biri kompozision qurilishi, obrazlari, motivlarining ishlanishi, xarakteri va mazmuni jihatidan mustaqildir.
Fantastik voqealar, sarguzashtlar girdobida murakkab ijtimoiy voqelikni barcha real tafsilotlari, ikir-chikirlari va qarama-qarshiliklari bilan tasvirlash romanik dostonlarga xos sodda realizmni tug`diradi. hayotiy-maishiy xarakterdagi bunday realistik mavzu xalq yumori va didaktikasi xususiyatlari bilan mahkam bog`liqdir.13
Romanik dostonlarning tarkibi nihoyatda murakkab. Qahramonlik dostonlarida romanik unsurlar bo`lganidek, romanik dostonlardan qahramonlik elementlari, jangnomalarga xos xususiyatlar ham mustahkam o`rin olgan. hatto bir dostonda bir necha mavzu baravar ishlangan bo`lishi mumkin. Shularni hisobga olib, bu tip dostonlarnn beshta ichki turga bo`lish mumkin. Bular: a) jangnoma-dostonlar («Yusuf bnlan Ahmad», «Alibek bilan Bolibek»); b) qahramonlik-romanik dostonlar («Yakka Ahmad», «Ernazar», «Rustam» turkumi, «Go`ro`g`li» turkumi); c) ishqiy-romanik dostonlar («Kuntug`mish», «Ravshan», Xorazm dostonlari); d) maishiy-romanik dostonlar («Sohibqiron», «Orzigul», «Erali bilan Sherali», «Shirin bilan Shakar», «Xurshidoy»); e) kitobiy dostonlar («Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Bahrom va Gulandom», «Varqa bilan Gulshoh», «Vomiq bilan Uzro», «Zevarxon»).
Jangnoma-dostonlar qahramonlik dostonlari bilan romanik epos o`rtasidagi alohida bosqichni tashkil etadi. Shu ma’noda ular alohida turni tashkil etishi mumkin. Ammo ularning qadimgi namunalarn bizgacha yetib kelmaganligi sababli qo`limizdagi mavjud nusxalarida romanik dostonlarning janr xususiyatlari yetakchilik qiladi va ular o`zlarining keyingi taraqqiyotida romanik eposga yaqinlashib bordilar hamda uning tarkibiy qismiga aylandilar.
Jangu jadallar, tarixiy yoki afsonaviy urushlar va bunday jang epizodlarida qo`shin va yakka shaxslarning jasoratlarini tasvirlovchi dostonlar jangnoma-dostonlar deb yuritiladi. Jangnomalar qahramonlik dostonlari ta’sirida feodalizm davrida shakllangan. Agar bosh qahramon faoliyati qahramonlik dostonlarida yakkama-yakka olishuvlarda, bahodirlik shartlarini bajarishda namoyon bo`lsa, jangnomalarda turli-tuman xarakterdagi urush epizodlarida ko`rsatiladi.
Hukmron tabaqa islom dinini harbiy kuch bilan yoygan shaxslarni xalq orasida targ`ib qilish maqsadida jangnoma ko`rinishidan foydalangan. Natijada «Jangnomai Abo Muslim» «Jangnomai Sayid Battol G`oziy», «Jangnomai Amir hamza» kabi islom dinini zo`rlik bilan targ`nb etgan shaxslarning nomi bilan bog`langan jangnomalar yuzaga kelgan. O`rta Osiyoda keng tarqalgan jangnomalarning qadimgi namunalariga «Rustami Doston», «Jangnomai Jamshid», «Qahramoni qotil», «Hushang», «To`maris» kabilarni ko`rsatish mumkin.
O`zbek baxshilari repertuarida jangnomalar nihoyatda ozchilikni tashkil etadi. Urug`, qabila yoki xalqning mustaqilligi uchun olib borilgan janglarni tasvirlovchi qadimgi jangnomalar («To`maris» kabi) zamonlar o`tishi bilan turli sabablarga ko`ra, epik repertuardan tushib qolgan bo`lishi mumkin. Buning o`rniga ideologik tazyiq tufayli janglar biror xalqning diniy e’tiqodlarini g`ayri dinlardan himoya qilish, o`z dinini o`tkazish tarzida talqin etila boshlagan. Biroq baxshilar repertuaridagi jangnomalarda «muqaddas urushlar» umumiy bir fondir, xolos. Aslida esa, dushmanga qarshi kurashda mardlik va jasorat ko`rsatish, ona-er daxlsizligi uchun kurash, el-yurtlar birligi, vatanparvarlik va do`stlik kabi olijanob g`oyalar kuylanadi. «Yusuf bilan Ahmad» va uning davomi bo`lgan «Alibek bilan Bolibek» dostonlari buniig yorqin misolidir. har ikkala doston vatanparvarlik tuyg`ulari, ona-yurt sog`inchi bilan yo`g`rilgan. Masalan, Yusufning Go`zalshoh huzurida o`z yurtini maqtashi, asirligida turnalar orqali diyoriga salom yo`llashi, Alibekning o`zga mamlakatlarda bo`lganida, Urganch elini qo`msashi epizodlari g`oyatda ta’sirlidir, ularni to`lqinlanmay o`qish va eshitish mumkin emas. Yoki jangnoma-dostonlarning ko`pgina xususiyatlari mujassamlashgan «Xoldorxon» dostonida urush oqibatlarini, keraksiz jangu jadallarni tasvirlash orqali xalqning bosqinchilik urushlariga qarshi keskin noroziligi baralla yangraydi. Demak, jangnoma-dostonlarning asosini xalqchil g`oyalar, umumbashariy qarashlar tashkil etadi.
Romanik dostonlarning qahramonlik-romanik turiga mansub asarlarda qahramonlik yo`nalishi yetakchilik qiladi, ya’ni ularda sevgi, mojarolariga nisbatan qahramonlik temasini ishlash birinchi planda turadi. «Go`ro`g`li» turkumi dostonlarining ko`pchiligi bunga yorqin misoldir.
O`zbek xalq dostonlarining tarixiy-madaniy ahamiyati tengsizdir. U xalqimizning o`ziga hos badiiy tarixidir. Unda xalqimizning asrlar bo`yi qilgan orzu-umidlari, porloq kelajak haqidagi o`y-fikrlari mujassamlashgan.
Demak, doston va dostonchilikdan maqsad mehnatkash ommaning kayfiyati va ruhiyatini kuylash, shu ruh va kayfiyatga mos idealdagi «burungilar» sabog`i orqali baxshi bilan yuzma-yuz turgan tinglovchilar doirasining «ko`nglini botir qilish», ularni yanada ezgulik va olijanoblikka yo`llashdir. Xalq dostonlari milliy iftixor va o`z-o`zini anglash, vatanparvarlik va do`stlik va birodarlik tuyg`ularini tarbiyalashda muhim g`oyaviy-estetik vazifa o`taydi.

“ALPOMISH” DOSTONI XUSUSIDA.


“Alpomish” dostonining turkiy dostonlar qatorida tutgan o‘rni, uning epik timsollar tizimi tadrijidagi mavqei, jahon mifologik tafakkur tajribasining “Alpomish” dostoniga ko‘rsatgan ta’siri va undan o‘rganilgan jihatlar, doston syujetining yaratilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-falsafiy, etnik-maishiy omillar, asardagi timsollar tizimi va boshqalar tekshirilgan. Bevosita doston badiiyatini o‘rganishga qaratilgan ishlar sirasiga M.Saidovning “O‘zbek xalq dostonchiligida badiiy mahorat masalalari” (T.,1969), I.Yormatovning “O‘zbek xalq eposi badiiyati (“Alpomish” dostoni asosida)” (T.,1993), yana shu muallifning “O‘zbek xalq qahramonlik eposi badiiyati” (T., 1994), Q.Yo‘ldoshevning “Alpomish”talqinlari (T., 2002) kabi ishlarni kiritish mumkin. Ammo dostonni o‘qimishliligini ta’minlagan, xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olgan jihati uning milliy ruhiyatimiz bilan chambarchas bog’liqligidadir. Holbuki, “Alpomish” millat uchun faqat o‘tmish emas, hozir va kelajak hamdir. U- barcha badiiy buyuk asarlar singari abadiyatga daxldor.
O’zbekiston badiiy madaniyatida zamonaviy global g’oyalarga qaramay, og’zaki ijodning ko’pgina an’analari, jumladan, epik janrlar saqlanib qolmoqda. Xalq og’zaki ijodining boshqa shakllari kabi “Alpomish” dostoni ham o’zida katta bir davrni qamrab olgan (VI-VII asrning ikkinchi yarmi - XIV-XVI asrlar) rivojlanishning murakkab tarixiy jarayoni mahsulidir. Dostonning “Qo’ng’irot” versiyasi XVI asrdan boshlab O’zbekistonning janubiy regionlarida tarqalgan bo’lsa, XX asrning o’rtalarida buyuk dostonchi Fozil Yo’ldosh o’g’li ijrosida butun O’zbekiston bo’ylab keng yoyildi. “Alpomish”da turkiy qabilalarning islomni qabul qilishi haqidagi tarixiy fakt tasvirlangan. Ikki aka-uka Boybo’ri bilan Boysari musulmonlar uchun farz bo’lgan zakot to’lashga turli xil munosabatlari bois tortishib qoladilar. Boybo’ri ukasi Boysaridan ko’p mingli otaridagi eng yomon qo’ylarni zakot tariqasida to’lashini aytadi. Lekin akasining bu talabi ukasini fikricha, ular o’rtasidagi teng huquqlilikni poymol qilganday tuyulib, elchilarning yarmini o’ldiradi, o’zi esa elu elati bilan ko’ch-ko’lonini yig’ishtirib, qalmiqlar yurtiga ko’chib ketadi.
Quloq soling Boysaring tiliga,
Ko’chib ketay men ham Kashal eliga.
Davlat qo’nsa bir chibinning boshiga,
Semurg’ qushlar salom berar qoshig,
Banda ko’nar tangri qilgan ishiga,
Quloq soling Boysari nolishiga.14
“Alpomish” dostoni qahramonlik eposi ekanligi barchamizga ma’lum. Xalq og’zaki ijodi namunalarida voqelikning juda mubolag’ali tasviri va qahramonlarga munosabatda hayot haqiqatiga zidlikni kuzatib kelganmiz.
“Alpomish” dostoni ham mubolag’aviylikda boshqa dostonlardan qolishmaydi.Ammo asardagi ijtimoiy munosabatlarni kuzatadigan bo’lsak, asar voqeligining oddiy xayotiy turmushga naqadar yaqinligini anglaymiz. Bu xususiyatni biz syujetning dinamik rivojini taminlab turuvchi konfliktlarda yaqqol kuzatamiz.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin