Ertaklarning paydo bo`lishi. Ertak xalq og`zaki badiiy ijodining eng qadimiy, ommaviy, hajman yirik, kattayu kichiklar uchun baravar qiziqarli bo`lgan janridir. Ular juda uzoq o`tmishda ibtidoiy ajdodlarimizning mifologik dunyoqarashi, qadimiy urf-odatlari, marosimlari asosida paydo bo`lgan. Ertaklarda, odatda, xalqning maishiy turmushi va eng olijanob insoniy fazilatlari haqidagi orzu-o`ylari xayoliy va hayotiy uydirmalar vositasida bayon etiladi.
Ertaklar janr sifatida uzoq muddatli shakllanish jarayonini kechirgan. Ular ibtidoiy odamlarning turmushdagi biror voqeani oddiygina hikoya qilishlari asosida yuzaga kelgan. Davrlar o`tishi bilan hikoya qilish ham takomillashib borgan. So`zga sig`inish, ilohiy kuchlarga sig`inish, animistik, totemistik, fetishistik etiqodlar, gallisyunasiya va tush tasirida fantastik (taxayyuliy) vositalarga to`lisha borsa, hayvonlarni ovlash, xonakilashtirish, ular inonchlariga ishonish, hayvon mahsulotlaridangina emas, balki kuchidan ham foydalanish jarayonlarida hayvonlar haqidagi ertaklar paydo bo`la boshladi. Asta-sekin shu xildagi ertaklarda turmush tajribasini omuxtalashtira borish, u yoxud bu xildagi qusur va kamchiliklardan kulish ertakdagi obrazlarga majoziylik (allegorik) xususiyatni baxsh etdi. Natijada hayvonlarga oid ertaklar tarkibida majoziy namunalar yuzaga kela boshladi.
Feodal munosabatlar tarkib topib, unda ijtimoiy jarayon takomillasha borgach, ertaklarda ham shu ijtimoiy munosabatlarni ifodalash tamo-yili chuqurlasha bordi, natijada hayotiy uydirmalar asosidagi maishiy ertaklar paydo bo`la boshladi. Shu zaylda ertaklar ijtimoiy estetik hodisa sifatida xalq epik ijodiyotida mustahkam qaror topdi.
Ertaklar og`izdan-og`izga o`tib, sayqal topgan holda avloddan avlodga yetkazilar ekan, bu jarayonda ular syujetidagi ayrim motivlar, obrazlar tushib qolishi yoki aksincha ko`payib borishi tabiiy. Hatto goho bir xalq ertagiga xos syujet motivlari boshqa bir xalq ertagiga ko`chib o`tishi va buning oqibatida bir necha o`xshash syujetli ertak paydo bo`lishi mumkin. Folklorshunoslikda bunday ertaklar- sayyor syujetli ertaklar deb yuritiladi. Sayyor syujetli ertaklar ko`pincha mazmunan o`zaro o`xshasalar-da, biroq milliy ruh, milliy urf-odat, milliy dunyoqarash, milliy tilga xos ifodaviy vositalar va geografik muhit tasviriga ko`ra farqlanuvchi mustaqil adabiy og`zaki hodisa sifatida yashash huquqiga ega.
Ertaklarning ayrim qismlari bevosita dramatik harakat yordamida ijro qilinadi. Bunday ijroga amal qilinmasa, ertakning badiiy-estetik qimmati pasayadi.
Ertaklar ijrosi uch xil usulda tashkil etilishi mumkin:
a) teatrlashtirilgan shaklda;
b) deklamasion shaklda;
c) ohangga solingan shaklda.
Ertaklarda va ular ijrochiligida tayyor qolipga aylangan ananaviy formulalar bisyor. Ular o`quvchi va tinglovchini qiziqtirishdan tashqari, voqealarni bir-biriga bog`lashda, uzoqni yaqin qilishda muhimdir. Chunonchi, «Qirq hujra bor, hujraning qirqinchisiga kirma», «Qilichni bir silkitdi, qilich qirq gaz cho`zilibdi», «endi so`zni boshqa tomondan eshiting», «shohning qahri kelib, ilonday zahri kelib», «oy desa og`zi bor, kun desa-ko`zi bor, shirindan shirin so`zi bor», «suv ichsa tomog`idan, sabzi yesa biqinidan ko`rinadi», «kulsa og`zidan gullar sochilar, yursa-oyog`idan tilla sochilar», «yo`l yurib, yo`l yursa ham mo`l yurib, tog`u sahro, cho`l yurib » kabi ananaviy qolip shaklidagi ifodalarni istagancha keltirish mumkin.
Ertak ijrochiligining o`ziga xos tabu taqiq va irimlari bor. Chunonchi, ertakchi ertak aytayotganda eshikni mahkam tambalagan, o`choqqa olov yoqqan, yoniga achchiq va keskir narsalar, shuningdek, non, suv, tosh singari narsalarni qo`ygan.
O`zbekistonning turli joylarida ertakchilik maktablari bo`lgan. Ularda ustoz ertakchilar o`zlariga munosib shogirdlar tayyorlagan. Shogirdini ertak aytish sanatining nozik qirralari bilan tanishtirgan va unga ertak ijrochiligining sir-sinoatlaridan maxsus saboq bergan.