MAVZUGA DOIR SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
1. Doston atamasining mohiyati nimadan iborat?
2. Doston janri o`zbek folklorida qanday o`rin tutadi?
3. Dostonlarning yaratilishiga nimalar tasir ko`rsatgan?
4. Xalq dostonlari yozma adabiyotdagi dostonlardan qaysi xususiyatlari bilan farq qiladi?
5. Baxshi atamasining qo`llanishi va dostonchi baxshilar faoliyati to`g`risida nimalar bilasiz?
6. Dostonlarni kimlar tasnif qilgan?
7. Dostonlar qanday turlarga bo`linadi?
8. Dostonlarning har bir turiga xos muhim belgilar nimalardan iborat? Birma-bir misollar bilan izohlang.
9. Dostonlarning kompozitsiyasi va badiiyati haqida nimalar bilasiz?
10. Tubandagi tayanch tushunchalarni izohlang: doston, baxshi, dostonchi, baxshi repertuari, xalfa, qissaxon, baxshi nag`malari, baxshining qaynashi, do`mbira to`ntarmoq, baxshi sozlari, epik anana, dostonchilik maktabi, qahramonlik dostoni, romanik doston, jangnoma doston, kitobiy doston, qahramonlik-romanik doston, ishqiy-romanik doston, maishiy-romanik doston, tarixiy doston, tarixiy-fantastik doston, tarixiy-qahramonlik doston, yangi dostonlar, avtobiografik dostonlar, dostonlarda ananaviy uslub, dostonlarda epik klishelar, dostonlarda doimiy stilistik formulalar.
5-MAVZU: O`ZBEK XALQ ERTAKLARI
REJA:
1. Ertak istilohi haqida tushuncha,
2. Ertaklarning janr genezisi, ijro etish tartibi.
3. Ertak va hayot haqiqati
4. Ertaklar tasnifi, badiiyati o`ziga xosligi
5. Ertak turlari va tarbiyaviy ahamiyati.
Tayanch tushunchalar: Ertak, sehrli-fantastik, cho`pchak, makon, voqelik, uydirm, majoziy, allegorik.
Ertak istilohi haqida tushuncha. Ertak umumfolklor hodisasi sifatida eng qadimiy epik janrlardan bo`lib, M.Qoshg`ariy o`z «Devonu lug`otit turk» asarida turkiy xalqlarda uning «etuk» atamasi bilan yuritilganini qayd etadi. Unga ko`ra, etuk «biror voqeani og`zaki hikoya qilish»ni anglatadi. 16 Biroq jonli so`zlashuvda O`zbekistonning turli joylarida, chunonchi, Namangan viloyatining Janubiy qismida «ertangi» deb yuritiladigan bu hodisa ertangi bo`lib o`tgan, qadimgi zamonlardan qilinajak hikoya manosini anglatsa, Samarqand, Farg`ona va Surxondaryoda bu hodisa matal, Xorazmda varsoqi, Buxoroda ushuk, Toshkentda cho`pchak, yana boshqa bir qator maskanlarda hikoya, hikoyat, og`zaki hikoya, o`trik yoki o`tirik, afsona deb yuritilsa-da, folklorshunoslikda ertak ilmiy istilohi qabul qilingan va muqim muomaladadir.
«Ertak» so`zi «er», aslida «ir» («yir», jir) so`ziga o`xshatishni bildiruvchi «-tak» qo`shimchasining qoshilishidan tarkib topgan bo`lib, qo`shiqqa o`xshash degan manoni anglatadi. Negaki, ertaklarning sajli boshlanmasi qo`shiqqa o`xshab ketadi. Shuningdek, bazi ertaklar tarkibida sheriy qismlar ham uchrab turadi. Bu o`rinda Musicha, Yoriltosh ertaklarini eslash kifoya. Lekin ertakda sheriy parchalar uchrashi odatiy hol emas. Shu sababli ertak xalq nasri namunasi hisoblanadi.
«Ir yo yir» Alisher Navoiy zamonida ham og`zaki hikoya yo doston manolarini anglatganki, bu xususda u shunday malumotni yozib qoldirgan:
Ey yirov, sen ham ishingni ko`rguz,
Yotug`on birla ulug` irni tuz.17
Navoiy tilga olayotgan «ulug` ir» aslida doston bo`lib, uni yotug`on (hozir do`mbira) jo`rligida yirov ijro etgan. Yirov yoki jirov hozir ham xalq ananaviy dostonlari ijrochisini anglatadi. Qolaversa, usmonli turklarda iztek va boshqirdlarda hozir qo`llanilayotgan irtek istilohi, o`sha tarixiy qatlamni hamon ifodalab turibdi. Rost, boshqirdlarda irtek nasr va nazmdan iborat doston hodisasini bildirgan. Bu Navoiy tarifidagi «ulug` ir»ning doston ekanligini dalillaydi. Navoiy zamonasida «ir» dostonni anglatgani bois, u ertak manosida «cho`rchak» istilohini qo`llaydi va og`zaki eposga xos bu ikki hodisani farqlaydi:
Habibim husni vasfin uyla muhlik anglakim bo`lg`ay,
Qoshinda qissai Yusuf bir uyqu keltirur cho`rchak.2
Shuni takidlash joizki, Navoiy qo`llagan «cho`rchak» istilohi hozir Toshkent muzofotida «cho`pchak» va uyg`urlarda «cho`chek» shakllarida fonetik o`zgarishga uchragan holda iste`moldadir.
Dostları ilə paylaş: |