Alisher Navoiy va Boburlar zamonidan etiboran qo`shiqning ichki janrlarini farqlash tamoyilga aylana borgan.
Xalq qo`shiqlarining paydo bo`lishi va rivojida mifopoetik tafakkur muhim ahamiyat kasb etgan. Mifologik mushohadaning badiiy ifodasi esa, ananaviy xalq qo`shiqlaridagi u yoki bu ramziy obraz bag`rida bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan.
Mehnat qo`shiqlari.Mazmunan mehnat jarayoni bilan bog`liq bo`lgan qo`shiqlar mehnat qo`shiqlari deb yuritiladi. Mehnat qo`shiqlari xalqimizning qo`shiqchilik repertuarida alohida va mustaqil o`rin tutadi. Mehnat qo`shiqlarining mazmun-mundarijasini, janr xususiyatlarini mehnat turlari va uni amalga oshirish jarayoni belgilaydi. Mehnat qo`shiqlari o`ziga xos ohangda sozsiz ijro etiladi.
Mehnat qo`shiqlari xalq she`riyatining eng qadimiy shakllaridan biridir. Ilk namunalari M.Qoshg`ariyning Devonu lug`otit turk kitobi orqali bizgacha yetib kelgan. Mehnat qo`shiqlari ibtidoiy insonning mehnat faoliyati bilan bevosita aloqadorlikda vujudga kelgan va taraqqiy topa borgan. Dastlabki mehnat qo`shiqlari mehnat jarayonidagi muayyan harakat ritmiga mos keluvchi undov, xitob va nidolar xarakteridagi poetik parchalardan iborat bo`lgan. Bora-bora ular she`riy shaklga tushgan va kuylana boshlangan.
B.Sarimsoqovning fikricha, mehnat qo`shiqlarining tarixiy taraqqiyoti uch bosqichda kechgan:
1. Mehnat qo`shiqlarining vujudga kelish jarayoni. Bu jarayon ibtidoiy jamoa tuzumining ilk davridayoq boshlanib, uning so`nggi bosqichlarida yakunlangan. Mazmunan ular u yoki bu harakatga undaydi, jamoa bo`lib harakat qilishga chorlavchi xitoblardan tashkil topgan.
2. Mehnat taqsimotining yuzaga kelishi va mehnat turlarining har biriga oid qo`shiqlarning yaratilish bosqichi. 3. Ijtimoiy mehnat taqsimotining tugallanishi, sinfiy jamiyatning qaror topishi va mehnat qo`shiqlarida ijtimoiy tengsizlik motivlarining rivojlanish bosqichi. Shu davrdan boshlab mehnat qo`shiqlarida g`oyaviy-estetik vazifa yetakchilik qila boshlagan. Mehnat jarayoni bilan bevosita bog`liq holda qo`shiqlar yaratila boshlangan.
Mehnat qo`shiqlari lirik turga mansub mustaqil turkumlashgan janrlardan iboratdir. Bu qo`shiqlar, albatta, mehnat jarayonida ijro etiladi. Shu sababli mehnat turining o`zgarishi yoki yo`qolishi tufayli o`sha jarayonda ijro etiladigan qo`shiqlar ham yo`qoladi. Masalan, charx va yorg`ichoq ishlatilmay qolgandan buyon charx va yorg`ichoq qo`shiqlari ham kuylanmay qoldi.
Mehnat qo`shiqlarida mehnat va unda qo`llaniladigan narsalarning nomi uchraydi va ularga murojaat qilinadi. Mehnat qo`shiqlarining ritmik qurilishi sodda, poetik tili va qofiya tizimi oddiy bo`ladi. Ularda murakkab poetik obrazlar, ko`chimlar uchramaydi. Sanab o`tilgan bu xususiyatlar mehnat qo`shiqlarini mehnat haqida yaratilgan qo`shiqlardan farqlashga yordam beradi.
Mehnat qo`shiqlari mehnat turlariga qarab har xil bo`ladi. Ularni maxsus tadqiq qilgan K.Ochilov mehnat qo`shiqlarini tubandagi uch katta guruhga bo`lib o`rganadi:
Dehqonchilik bilan bog`liq qo`shiqlar.
Chorvachilik bilan bog`liq qo`shiqlar.
Kasb-hunar bilan bog`liq qo`shiqlar32.
B.Sarimsoqov ham bu tasnif bilan yakdil. Biroq har ikkala tasnifda ham ichki xilma-xillikni belgilashda malum tafovutlar bor. Aytaylik, K.Ochilov mehnat qo`shiqlarining ichki xillarini: 1) qo`shchi qo`shiqlari; 2) o`rim qo`shiqlari; 3) xirmon yanchish qo`shiqlari; 4) yorg`ichoq qo`shiqlari. Chorvachilik bilan bog`liq qo`shiqlarni: 1) ho`sh-ho`sh qo`shiqlari; 2) turey-turey qo`shiqlari; 3) churey-churey qo`shiqlari; va nihoyat kasb-hunar qo`shiqlarini 1) urchuq qo`shiqlari; 2) charx qo`shiqlari: 3) tikuvchilik qo`shiqlari tarzida belgilasa, B.Sarimsoqov dehqonchilik va chorvachilik qo`shiqlarini aynan shunday ichki xilma-xillikda qayd etsa-da, hunardmanchilik qo`shiqlarini: 1) charx qo`shiqlari; 2) bo`zchi qo`shiqlari: 3) o`rmak qo`shiqlari: 4) kashta qo`shiqlari tarzida bir muncha boshqacharoq tasnif etadi33.
Ularni paydo bo`lish tarixi va mehnat turlariga daxldorligiga ko`ra tubandagi uch katta guruhga bo`lib o`rganish maqsadga muvofiqdir:
1. Chorvachilikka daxldor qo`shiqlar.. Bu, o`z navbatida, ikki guruhga bo`linadi:
a) hayvonlarni ezozlovchi qo`shiqlar;
b) sog`im qo`shiqlari;
- ho`sh ho`shlar yoki ho`shimlar;
- turey tureylar ;
- churey chureylar yoki churiyalar.
II. Dehqonchilikka aloqador qo`shiqlar. Bu tubandagi ichki xilma xillikka ega:
a) qo`shchi qo`shiqlari;
b) o`rim qo`shiqlari yoki yozilar;
c) yanchiq qo`shiqlari yoki ho`p maydalar;
d) yorg`ichoq qo`shiqlari;
e) bog`dorchilik yoki qo`riqchilik qo`shiqlari.
III. Kasbhunarga daxldor qo`shiqlar. Bularni ham o`z navbatida dastlab uch ichki guruhga bo`lish mumkin, qolaversa, har bir guruh yana o`z ichki xilmaxilligiga ega :
To`quvchilik qo`shiqlari;
a) urchuq qo`shiqlari
b) charx qo`shiqlari
c) urmak to`qish qo`shiqlari
2. Tikuvchilik qo`shiqlari:
a) kashtachilik qo`shiqlari;
b) do`ppido`zlik qo`shiqlari;
c) to`nduzlik qo`shiqlari.
3.Sarboz qo`shiqlari.
Aslida bu tasnif ham nomukammaldir. Zero, qachonlardir ovchilik va savdosotiqqa aloqador mehnat qo`shiqlari ham bo`lgan. Bulardan tashqari harbiy asirlikka va qamoqxonalarga tushganlarning ham o`z qo`shiqlari bo`lganligi shubha uyg`otmaydi. Ammo bunday qo`shiqlar vaqtida yozib olinmagan, Shu sababli ular haqida hozircha bir narsa deyish qiyin.