Erkalamalar xalqning o`z farzandlariga beqiyos mehr tovlanishlarini aks ettiradi. Ularda xalqimizning bolaparvar siymosi nurlanib turadi:
O . . . shugina, shuginagina,
Munchagina, tunchagina,
Kunchagina, shunchagina,
Yashnab turgan g`unchagina.
Mehr xuruji ona qalbini tug`yonga keltirganidan u shu so`zlar tizimi ritmida arzandasini ardoqlash, erkalash ohangini chuqur tuygan. Erkalamalarda -gina, -ginagina qo`shimchalari faol, ularda kichraytirishdan ko`ra erkalash manosi bo`rtibroq tovlanadi.
Erkalamalarning «Ha, lo`tti-lo`tti, «Ha, do`rsa, do`rsa, do`rsa, «Ha, kishta-kishta, kishta singari taqlidiy va so`qma so`zlar tizimidan to`qilgan ananaviy satrlar bilan boshlanuvchi butun bir turkumi borki, faqat 2-3 yashar bolalarga mo`ljallangan. Buning sababi shu yoshdagi bolalar vaznining yengilligi, binobarin, ularni havolata-havolata, ko`tarib-tushirish o`ngg`ay. Erkalama ham xuddi shu harakat ravishiga mutanosib ohangda shovqin solinib aytiladi:
Ha, do`rsa-do`rsa, do`rsa. . .
Otasi bozorga borsa,
Go`shtu birinch keltirsa,
Onasi pazanda bo`lsa,
Bolasi xo`randa bo`lsa. . .
Erkalamalarda kichkintoylar kelajagiga daxldor orzularni kuylash-yetakchi motivdir. Ular, asosan, yetti yoshgacha bo`lgan bolalarga aytilsalar-da, aslida bolalarni erkalash jarayoni 11-13 yoshga to`lganlarigacha va hatto undan keyin ham davom etishi mumkin. Biroq bu davrda erkalash poetik shaklda kechmay, maqtash, xatti-harakatni maqullash va unga minnatdorchilik izhoridan iborat obrazli iboralar (YAsha!, Balli!, Ofarin!, Rahmat! va H.k.) vositasida amalga oshadi. Umuman, erkalamalar bolalarda samimiylik tuyg`usini tarbiyalaydi.
Kattalar bolalarning tabiatga munosabatlarini shakllantirishda ham faol ishtirok etadilar. Buning natijasida bolalarning o`z solnomasi (kalendari) va uni ifoda etuvchi mavsum-marosim qo`shiqlari yuzaga kelgan. Bahor, yoz, kuz, qish mavsumlari bilan bog`liq bunday qo`shiqlarning bir qismi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot taqozosiga ko`ra kattalar repertuaridagi mavqeini yo`qota borib, yo tamoman so`nib ketadi, yo transformasiyaga uchrab bolalar repertuarida saqlanib qolgan.
Boychechak, Yo ramazon va hayitliklar shular jumlasidan hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |