Boychechak - bolalarning mavsumiy marosim qo`shig`i. Bolalar Navro`z elchisi sifatida erta bahorda dala-tuzda boychechakni ko`rishlari bilanoq
undan guldastalar yasaganlar, tolxivichlarga shodalab, boshlariga gulchambar qilib kiyganlar. So`ngra hovlima-hovli yurib, Boychechak qo`shig`ini kuylab,
gul ulashib, bahor kelganidan xabar berganlar. Bolalarning biri - yakkaxon (solo) to`rtliklarni kuylasa, qolganlari naqarotini xor bo`lib ijro etganlar:
Boychechagim boylandi,
Qozon to`la ayrondi.
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondi.
Qattiq yerdan
qazalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Boychechakni tutdilar,
Tut yog`ochga soldilar.
Qilich minan chopdilar,
Baxmal minan yopdilar.
Qo`shiq
tugagach, boychechakchilarga sovg`a-salomlar berishgan, bolalar bularni o`zaro bo`lib olishgan yo hammalari birgalikda mehmonnavozlik qilishgan. Qo`shiqda tariflangan boychechak-erta bahorda ochiladigan gulgina emas, umumlashma darajasiga ko`tarilgan ramziy obraz ham. Unda murg`akkina bolalik obrazi tajassum topgan. Xalq bolani erta bahorning ilk guli timsolida ko`rgan,
bola shu gulday nozik, yoqimli navnihol va chindan ham insoniyat bahorining g`unchasi tarzida ezozlangan.
Bolalar repertuarida ibtidoiy ajdodlarimizning qachonlardir animistik va totemistik etiqodlari asosida shakllanib, endilikda o`sha mohiyatini yo`qotgan
yalinchoqlar va
hukmlagichlar hamon yashamoqda.
Mohiyatan tabiat hodisalari bilan bog`liq bo`lib, ibtidoiy animistik qarashlar zamirida vujudga kelgan va yagona vazifadoshlik kasb etgan holda shakllangan bolalarning mavsum marosim qo`shiqlari
yalinchoqlar hisoblanadi. Davrlar o`tishi bilan animistik etiqod ham so`na borgan, natijada unga daxldor marosim ham so`ngan. Biroq marosimga oid ayrim qo`shiqlar, inchunin,
quyoshga, oyga, kamalakka, yulduzlarga,
shamolga, yomg`irga va boshqa tabiat hodisalariga yalinishdan iborat animistik mohiyatini yo`qotgan holda bolalar repertuariga o`tib, goh rudiment holida, goh transformasiyaga uchragan holda yashay boshlagan. Bolalar repertuarida g`oyat keng tarqalgan va xilma-xil variantlarga ega Oftob chiqdi olamga yalinchog`i bu jihatdan etiborga loyiq. U qish oxirlab, quyosh bulutni yorib ko`ringan choqlarda ijro etiladi. Bolalar quyoshni ko`rishlari
zahoti qator tizilishib, sakrab-sakrab birgalikda kuylashganlar: