Parfiya (Parfiyona) podsholigi - mil. avv. taxm. 250-yilda Kaspiy dengizining janubiy va
janubi-sharqiy tomonida (Turkmanistonning janubi-g‘arbiy tomoni va Eronning shimoli-sharqiy
qismlari) vujudga kelgan kadimgi davlat hisoblanadi. Parfiyaliklar yozuvi oromiy alifbosi asosida
vujudga kelgan.
Parfiya podsholigi me’morchilik, amaliy va bezak san’ati dastlab sharqiy ellin
madaniyatining shoxobchalaridan biri sifatida rivojlangan. Keyinchalik Parfiya tarkibiga kirgan
mahalliy xalqlarning badiiy an’analari bilan boyib taraqqiy etgan. Parfiyaning sharqiy qismida
asosi kvadrat shaklidagi ibodatxonalar (Niso, mil. avv. II va mil. I asrlar), ayvonli saroylar
(Ko‘hi Xo‘ja, Eron, I asr) qurilgan, binolar g‘arbdan keltirilgan marmar haykallar va mahalliy
ustalar yasalgan terrakota haykallar bilan bezatilgan. Parfiya san’atini o‘rganishda ham tanga
yuzasiga ishlangan
bo‘rtma tasvirlar keng o‘rinni egallaydi. Parfiyaning yirik shaharlaridan biri
hisoblangan Niso (boshqacha nomi Parfnisa bo‘lib, u ikki tepalik Eski Niso va Yangi Niso
iborat) alohida o‘rinni egallaydi. Mazkur ko‘hna shahar qoldiqlari hamda u erdan topilgan
amaliy-dekorativ va tasviriy san’at buyumlari o‘sha davr badiiy hayotini tushunishda bebaho
daliliy material hisoblanadi.
Eski Niso (mayd. 14 ga) va Yangi Niso (mayd. 18 ga) Parfiya davrida qal’a va
shahristondan iborat bitta shaharni tashkil etgan. Nisodan ibodatxona qoldig‘i, sopol haykalli
hashamatli zal, podsho xazinasi va monumental uy-joy qoldiqlari ochilgan. Xonalardan biri
to‘rtburchakli san’at koshonasi bo‘lib, u ellinizm an’analari asosida qurilgan. Ushbu manzilda
ochilgan
«kvadrat uy» o‘z tuzilishi va bezashda ishlatilgan
dekorativ detallari bilan diqqatga
sazovordir. Nisodan topilgan kumush, fil suyagi, sopol buyum, idish, turli bezaklardagi
tasvirlarning syujeti yunon afsonalari asosida, lekin kishilarning qiyofalari mahalliy xalqlarni
eslatadi. Nisadan topilgan yodgorliklar ichida fil suyagidan shoxga o‘xshatib yasalgan idishlar -
ritonlar haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Yangi asrning boshlariga kelib, O‘rta Osiyo iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida jiddiy
jonlanish boshlandi. Undagi qator madaniy markazlarda madaniyat va san’at borasida muhim
yodgorliklar yaratildi. Shunday madaniy markazlardan biri Xorazm edi.