Nusxalash – ma’lumotning aslini saqlagan holda uning nusxasini hosil qilish jarayoni. Tahrirlash – ma’lumotning keraksiz qismlarini o‘chirish, ko‘chirish yoki belgi qo‘shish jarayoni.
Funksiya – ayrim hisoblash amallari avtomatik ravishda bajarilishi uchun oldindan yaratib qo‘yilgan formulalar.
Argument – funksiya tarkibidagi qiymat, katak manzili, kataklar diapazoni.
MS Excel dasturida foydalanuvchiga matematik va statistik hisob-kitoblar, matnli va mantiqiy amallarni bajarish, shu bilan birga, ishchi varaqdagi ma’lumotlarga qayta ishlov berish imkoniyatini beruvchi turli xil funksiyalar mavjud. Elektron jadval funksiyalari maxsus ko‘rsatma bo‘lib, ular yordamida hisob-kitob amallari bajariladi. Funksiyalarni kiritishda argumentlar ko‘rsatilishi shart. Funksiyaning argumentlari – funksiyani hisoblash uchun foydalaniladigan ma’lumotlardir. Ular funksiya nomidan keyin qavs ichida yoziladi. Funksiya argumentlari sifatida raqam, matn, katak yoki kataklar diapazoni ishlatilishi mumkin. Masalan: =КОРЕНЬ(A1) Bu yerda “Корень” – funksiyaning nomi, A1 – argument. Agar funksiya bir nechta argumentga ega bo‘lsa, u holda har bir argumentdan so‘ng vergul qo‘yiladi. MS Excel dasturida 400 dan ortiq funksiya mavjud. Funksiyani kiritish uchun kerakli katak belgilab olinadi, klaviaturadan “=” belgisi kiritiladi, so‘ngra formulalar satrida joylashgan “Мастер функций” buyrug‘i tanlanadi. Hosil bo‘lgan oynada MS Excel dasturida mavjud funksiya sinflarining ro‘yxati paydo bo‘ladi. Matematik funksiyalar. Aksariyat Excel foydalanuvchilari matematik funksiyalarga murojaat etishadi. Ularda algebraik hamda arifmetik amallarni bajarish imkoniyati mavjud bo‘lib, ular o‘quvchi, talaba, muhandis, olim va iqtisodchilar uchun juda qulay. Mazkur sinfga 80 ga yaqin matematik funksiyalar kiradi. Ulardan ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
“СУММ” funksiyasidan bir necha katakdagi ma’lumotlar yig‘indisini topishda foydalaniladi. Funksiya sintaksisi: =СУММ (1 argument; 2 argument;…) Argument sifatida sonli ma’lumotni yoki katak diapazoniga murojaatni kiritish lozim. Kiritilgan jami ma’lumotlarning yig‘indisi belgilangan katakning natijasi hisoblanadi.
“СТЕПЕНЬ” funksiyasi berilgan sonning kerakli darajasini hisoblash uchun foydalaniladi. Funksiya sintaksisi: = СТЕПЕНЬ (“son”; “daraja ko‘rsatkichi”) Bu funksiyada ikkita argument mavjud: “Son” hamda “Daraja ko‘rsatkichi”. Son argumenti o‘rniga sonning o‘zini yoki son joylashgan katak manzilini kiritish mumkin: