Fayl arxivatorlari arxiv hajmini kamaytirish uchun ma’lumotlarni yo‘qotmagan holda maxsus formatlarda siqadi. Shuningdek, arxiv dasturiy paketlari siqilgan fayl formatlarini ochish yoki ajratish imkonini ham beradi. Optimal siqish va shifrlash algoritmlaridan foydalanish tufayli matnli fayllar o‘nlab marta siqilishi mumkin. Boshqa tomondan, ikkilik fayllarni o‘zgartirish juda qiyin, chunki ulardagi ma’lumotlar murakkab tuzilishga ega, aksariyat hollarda esa siqilgan va kodlangan holda bo‘ladi. Masalan, musiqa fayllari, rasmlar, videofayl ko‘rinishidagi mediafayllarni arxivlash matnli fayllarni arxivlashga nisbatan qiyin kechadi.
WinRAR va 7-Zip dasturlari bugungi kunda eng keng tarqalgan arxivator dasturlar hisoblanadi.
WINRAR Yevgeniy Roshalning WinRAR arxivator dasturi kuchli funksionalliligi, yuqori samaradorligi va qulayligi bilan ajralib turadi. WinRARdan litsenziyasiz 40 kun bepul foydalanish imkoniyati mavjud. Sinov muddati tugaganidan keyin ham, litsenziyani sotib olish zarurligi haqida eslatuvchi xabar berish bilan birga, WinRAR to‘g‘ri ishlashda davom etadi. Ta’kidlash joizki, eslatmalar fayl va papkalarni siqishga deyarli xalaqit bermaydi, ammo rar, zip va boshqa kengaytmali arxivlardan ma’lumotlarni qayta chiqarish kerak bo‘lganda paydo bo‘ladi.
7-ZIP 7-Zip to‘liq to‘lovsiz arxivator dasturi hisoblanadi. U fayllarni ko‘plab umumiy formatlarda arxivlash, istalgan formatdagi arxivlarni qayta ochish imkoniyatiga ega. Bu dasturda eng ko‘p ishlatiladigan arxivlash formatlari: 7z, gzip, tar. Ularning ayrimlari qo‘shimcha effekt berish uchun bir-biriga joylashtirilishi mumkin. Masalan, tar.gz fayllarini Unix tizimlarida ko‘proq uchratish mumkin. Siqish samaradorligi WinRARdan biroz ustun, lekin tezlik bo‘yicha pastroq. Ko‘plab kompyuter foydalanuvchilari turli pleyerlarda video ko‘rish yoki audio tinglashda har xil muammolarga duch keladi. Masalan,videofaylni ko‘rish jarayonida ovoz bor, ammo video yo‘q yoki aksincha, video bor, ovoz esa yo‘q bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarning aksariyati fayl buzilganida emas, balki tegishli kodeklar yo‘qligidan kelib chiqadi. Ma’lumotlar oqimi yoki signallar saqlash, uzatish yoki shifrlash uchun kodek yordamida kodlanadi, ko‘rish yoki o‘zgartirish uchun esa dekodlanadi. Kodeklar ko‘pincha video va audiofayllarga raqamli ishlov berishda ishlatiladi.