Kompyuter ishlab chiqaruvchi kompaniyalar yillar davomida kompyuter qurilmalarining yangilangan va kuchaytirilgan versiyalarini taqdim etib keladi. Kompyuterlar dizayni, o‘lchami, ishlash tezligi bilan bir-biridan farq qiladi. Lekin ularning barchasi yagona arxitektura asosida ishlaydi.
TIZIM BLOKI Kompyuter ichki qurilmalari, asosan, elektron sxemalardan iborat bo‘lganligi bois barcha qurilmalar yaxlit asosga biriktiriladi hamda qulaylik uchun maxsus korpus – tizim blokiga joylashtiriladi. Tizim blokida barcha qurilmalarni birlashtiruvchi yaxlit asos – tizimli plata (1) deb yuritiladi. Kompyuterning barcha ichki va tashqi qurilmalari aynan mana shu tizimli plataga ulanadi yoki o‘rnatiladi.
Tizimli plata (ingl. motherboard; rus. материнская плата) – yaxlit asosga yig‘ilgan elektron sxema. Shuningdek, ona plata, bosh plata deb ham yuritiladi.
Protsessor (CPU – central processing unit) – arifmetik va mantiqiy amallarni bajaruvchi, xotira qurilmasi bilan bog‘lanuvchi, qurilmalar ishini boshqaruvchi qurilma.
QAYTA ISHLASH KOMPONENTI (PROTSESSOR) Protsessor tezkor xotira qurilmasida joylashgan dasturdan buyruqlarni o‘qiydi, amallarni bajaradi, natijalarni yozib qo‘yadi va keyingi buyruqni o‘qiydi. Umuman olganda, protsessor kompyuterni boshqarish vazifasini bajaradi. Shuning uchun ham bu qurilmaga “kompyuterning miyasi” deb aytiladi. Protsessor ishlab chiqarish bo‘yicha Intel, AMD firmalari ancha yaxshi yutuqlarga erishgan. Tezlik, razryad protsessorning asosiy ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Uning tezligi bir sekundda bajariladigan amallarga ko‘ra chastotalarda o‘lchanadi va Hz (gers) bilan belgilanadi: 1000 Hz = 1 MHz (megagers); 1000 MHz = 1 GHz (gigagers). Protsessor tezkor xotiradan ma’lumotlarni bo‘laklarga bo‘lib o‘qiydi va qayta ishlaydi. U har gal qayta ishlash uchun olishi mumkin bo‘lgan bo‘lakdagi bitlar soniga protsessorning razryadi deyiladi. Dastlabki kompyuterlar razryadi 4 ga teng bo‘lgan bo‘lsa, ko‘pchilik kompyuterlarda 16, 32 razryadli va hozirgi kunda 64, 128 razryadli protsessorlarni ko‘rish mumkin.
Tizimli plataga ichki qurilmalardan protsessor, xotira qurilmalari, ovoz, video, tarmoq platalari kabi qurilmalar o‘rnatiladi. Odatda, ovoz, video va tarmoq platalari tizimli plataga biriktirilgan bo‘ladi. Ularning ishlash tezligini oshirish maqsadida qo‘shimcha platalarni o‘rnatish mumkin.