O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
5. Mustaqil O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratilishi. Deyarli asrlar mobaynida mustaqillikning ajralmas qismiga aylangan ramzlardan biri - Konstitutsiyadir. Dunyoda suveren deb e’tirof etilgan har bir mamlakat o‘zining Konstitutsiyasi, davlat ramzlari - gerbi, bayrog‘i, madhiyasiga ega. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq o‘zining davlat ramzlarini yaratishga alohida e’tibor qaratdi. Oliy Kengash Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasi haqida qonun loyihalarini tayyorlash, Oliy Kengash sessiyasi muhokamasiga taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Dastlab, Oliy Kengash Qo‘mitalari Konstitutsiya komissiyasi bilan hamkorlikda o‘zbek xalqining tarixi, ma’naviy qadriyatlari, mustaqil davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyatiga mos davlat ramzlari variantlari tayyorlandi.
Jahon tajribasi ko‘rsatadiki, mustaqil demokratik, huquqiy davlatning tashkil topishi va rivojlanishining asosiy sharti Konstitutsiyaning mavjudligidir.
Mustaqillik qo‘lga kiritilgach, bir qator omillar respublika Konstitutsiyasini yaratishni zarur qilib qo‘ydi. Mamlakatimizda milliy huquqiy davlat qurish, demokratik jamiyat barpo etish, bozor munosabatlarini shakllantirish kabi dolzarb vazifalar mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishni taqozo etardi.
Vujudga kelayotgan yangi siyosiy partiyalar, jamoat harakatlari, jamoat tashkilotlarining yuridik manfaatlari, jamiyatimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, milliy totuvlikni ta’minlash masalalari yangi Konstitutsiya qabul qilishga ehtiyoj tug‘dirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro huquq sub’yektiga aylanishi, mustaqil davlat sifatida jahonga tanilishi ham Konstitutsiya qabul qilinishini talab qilardi. Aslini olganda, “Mustaqillik Deklaratsiyasi“ qabul qilingan O‘zbekiston Oliy Kengashining 1990-yil 20-iyunda bo‘lgan ikkinchi sessiyasidayoq yangi Konstitutsiya ishlab chiqish lozim, degan xulosaga kelingan edi. Sessiya O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshchiligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Komissiya tarkibiga Oliy Kengash deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar vakillari, davlat, jamoat tashkilotlari va xo‘jaliklarning rahbarlari, olimlar, mutaxassislar kiritildi. Konstitutsiyaviy komissiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini ishlab chiqish ustida qariyb 2,5 yil ishladi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning 1991-yil 12-aprelda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida komissiya a’zolari hamda yetakchi mutaxassislar va olimlardan iborat 32 kishilik ishchi guruhi tuzildi. Konstitutsiya bo‘limlarini tayyorlash bo‘yicha 50 kishidan iborat 6 ta kichik guruhlar tuzildi. 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston davlat mustaqilligining e’lon qilinishi va “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, bu qonunga Konstitutsiyaviy maqom berilishi Konstitutsiyaviy komissiyaning mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.
Komissiya tomonidan Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda konstitutsiya rivojlanishining jahon tajribasi o‘rganildi, inson huquqlari, demokratiya va qonunchilik sohasida jahonda qo‘lga kiritilgan yutuqlar hisobga olindi. Milliy davlatchiligimizning tajribasi, Amir Temur va boshqa allomalarimizning davlatni idora qilish sohasidagi g‘oyalari yangi Konstitutsiyaga asos qilib olindi. 1992-yil 26-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi. Muhokama 2 oyga yaqin davom etdi.
Muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida tuzatishlar kiritilgan loyiha 1992-yil 26-noyabrda matbuotda ikkinchi marta e’lon qilindi. Umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi, ular inobatga olindi. Birinchi Prezident I.A.Karimov O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishga rahbarlik qildi va o‘zining katta hissasini qo‘shdi. Oliy Kengashning 1992-yil dekabrda bo‘lgan XII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish masalasi muhokama qilindi. Konstitutsiya loyihasini yaratishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujjatlariga, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasiga, xalqaro huquqning barcha e’tirof etilgan qoidalariga amal qilindi.
Shuningdek, rivojlangan demokratik davlatlar, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Portugaliya, Italiya, Shvetsiya, Turkiya, Ispaniya hamda Sharq mamlakatlari Hindiston, Pokiston, Misr davlatlarining tajribasidan foydalanildi. Sessiyada deputatlar loyihaga 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimcha va aniqliklar kiritdilar. Shunday qilib, 1992-yil 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi va Konstitutsiya qabul qilingan sana umumxalq bayrami - O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni deb e’lon qilindi.
Yangi ishlab chiqilgan mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 6 bo‘lim, 128 moddadan iborat. U “Mustaqillik Deklaratsiyasi”, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlangan tamoyillar va g‘oyalarni o‘zida to‘la mujassamlashtirdi, ularni rivojlantirdi. O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonuni, pasporti hisoblanuvchi Konstitutsiya sovet davridagi barcha Konstitutsiyalardan tubdan farq qiladi. Biz buni quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin.
Birinchidan, yangi qabul qilingan Konstitutsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bo‘lib, barcha moddalari mustaqillik g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Ilgarigi Konstitutsiyalar esa O‘zbekistonning mustaqilligini to‘la ta’minlay olmaydigan, respublikaning “suveren”ligi haqida quruq gaplar yozilgan, huquqiy qoidalari qog‘ozda qolib ketadigan, rasmiy bir hujjat edi.
Ikkinchidan, yangi Konstitutsiya ijodkor xalqimizning xohish-irodasi va dono fikr-mulohazalari asosida hamda jahonda to‘plangan eng ilg‘or Konstitutsiyaviy rivojlanish tajribasini va milliy davlatchiligimiz xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil ishlab chiqildi. Ilgarigi Konstitutsiyalar esa Markaziy hokimiyat tomonidan tayyorlangan Ittifoq Konstitutsiyasi nusxalaridan ko‘chirib olinar edi. Shu boisdan ham yangi Asosiy qonunimiz mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi hisoblanadi.
Biz O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o‘rganish jarayonida uning mohiyatini ochib beruvchi asosiy tamoyillarini bilib olishga ahamiyat berishimiz zarur. Ular quyidagilar: Birinchi tamoyil - davlat suverenitetidir. 1-6-moddalarda O‘zbekiston -suveren demokratik respublika, davlat xalq manfaatlariga xizmat qiladi, mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritadi, o‘zbek tili davlat tilidir - deb belgilab qo‘yilgan.
Ikkinchi tamoyil - xalq hokimiyatchiligidir. 7-14-moddalarda xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir, O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar uning fuqarolari tashkil etadi, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab amalga oshiradi - deb ko‘rsatilgan.
Uchinchi tamoyil - davlat hokimiyatining uch tarmoqqa bo‘linishidir.
O‘zbekiston davlat hokimiyati tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linishi qonunlashtirildi. Uch hokimiyatdan har biri faoliyatda mustaqil bo‘lib, faqat qonunga bo‘ysunadi. O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyat - Oliy Majlis, ijro etuvchi hokimiyat - Prezident rahbarligida faoliyat ko‘rsatuvchi Vazirlar Mahkamasidir. Sud hokimiyati -Konstitutsiyaviy Sud, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Sudi va Oliy xo‘jalik Sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Oliy Sudi va Oliy xo‘jalik Sudi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar sudlari hamda xo‘jalik sudlaridan iborat. Konstitutsiyaning 76-88-moddalarida Oliy Majlisning tuzilishi, vakolatlari, qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish qoidalari belgilab berilgan. 88-98-moddalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i ekanligi, uning vakolatlari va vazifalari, Vazirlar Mahkamasining faoliyat yuritish qoidalari qonunlashtirilgan.
To‘rtinchi tamoyil - bu demokratiyaga sodiqlikdir. Konstitutsiyada demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat e’lon qilinadi hamda insonparvar demokratik-huquqiy davlat barpo etish nazarda tutiladi. Konstitutsiyada umuminsoniy demokratik tamoyillarning, xalqaro huquq sohasida umum e’tirof etilgan qoidalarning ustunligi tan olingan. O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson hayoti, erkinligi, or-nomusi, qadr-qimmati va boshqa dahlsiz huquqlari eng oliy qadriyat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Beshinchi tamoyil - Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligidir.
Konstitutsiyaning 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar, deb belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaning 16-moddasida birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi qayd etilgan.
Oltinchi tamoyil - xalqaro andozalar darajasida ifodalangan fuqarolar huquqlari, erkinliklari va majburiyatlarining tengligi hamda daxlsizligidir.
O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari muhim xalqaro hujjatlar - “Inson huquqlari butun jahon Deklaratsiyasi”, “Iqtisodiy, sotsial va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro Pakt”, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro Pakt” va boshqalar asosida bayon etilgan. Konstitutsiyaning 18-52-moddalari inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan.
O‘zbekiston davlati tomonidan fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida tan olingan va ular himoya qilinadi. Konstitutsiya bo‘yicha har bir shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi kafolatlanadi.
Konstitutsiyada har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi, O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakldagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shakllarining teng huquqli ekanligi belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 21-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatilgan. O‘zbekiston Respublikasining millati, elatidan qat’i nazar barcha fuqarolari O‘zbekiston xalqini tashkil etadi.
Yettinchi tamoyil - qonuniylikdir. Qonuniylik jamiyatning bir maromda hayot kechirishini, davlat organlarining maromli faoliyat ko ‘rsatishini ta’minlaydi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘rgandagina jamiyatda barqarorlik va taraqqiyot bo‘ladi. Mazkur tamoyil davlatga va uning organlariga, siyosiy partiyalar va jamoat uyushmalariga o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida amalga oshirishlarini talab qiluvchi Konstitutsiyaviy normadir.
Konstitutsiyada siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining tuzilishi va faoliyatining huquqiy jihatlari asoslab berilgan.
Sakkizinchi tamoyil - O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy qoidalarini aniq belgilab qo‘yilganligidadir. Konstitutsiyaning 17-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub'yektidir.
Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyada davlat xalqning manfaatlari va xavfsizligini ta’minlash maqsadida boshqa davlatlar bilan ittifoq va do‘stona aloqalar o‘rnatishi hamda davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkinligi qonunlashtirilgan.
To‘qqizinchi tamoyil - mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishdir. O‘zbekistonda o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayangan holda mahalliy hokimiyat boshlig‘i bo‘lgan hokim instituti joriy etildi. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda hokimiyatning vakillik organlari xalq deputatlari kengashlari bo‘lib, ularga viloyat, tuman va shahar hokimlari boshchilik qiladilar. Konstitutsiyaning 99-104-moddalarida mahalliy davlat hokimiyati asoslari, hokimlarni tayinlash va tasdiqlash tartiblari, ularning vazifalari belgilab berilgan. Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati qurishning muhim omili bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini tuzish tartiblari belgilangan. 105-moddada: “Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.
O‘ninchi tamoyil - odil sudlov, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligidir.
Sudya faqat qonunga bo‘ysunadi. Konstitutsiyaning 106-116-moddalarida O‘zbekistonda sud tizimi va ularning vazifalari belgilab berilgan. Konstitutsiyada sudya deputatlikka saylana olmasligi, siyosiy partiyalar va harakatlarning a’zosi bo‘la olmasligi qonuniylashtirilgan. Sud majlisi ochiq va oshkora olib boriladi, sud ishlari davlat tilida yuritiladi va zarur holda boshqa tilda yuritilishi ham mumkin.
Sud hokimiyati davlat hokimiyatining muhim bir tarmog‘i bo‘lib, Konstitutsiyada sudning hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxs va fuqarolar uchun majburiy ekanligi qonunlashtirib qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomi, O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlarning huquqiy asoslari belgilab berilgan.
Shuni tan olish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. U mamlakatimizda qonunchilikning rivojlanishi uchun, huquqiy islohotlar uchun asos bo‘lib qoldi.
Yuzlab qonunlar, kodekslar, milliy dasturlar ishlab chiqildi, umumxalq muhokamasidan o‘tdi, qabul qilindi va hayotimizning barcha jabhalarida amal qilinmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasi davlatimiz suverenitetini ro‘yobga chiqardi. O‘zbekistonni dunyodagi barcha nufuzli davlatlar tan oldi, ular bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, madaniy, aloqalar o‘rnatildi va rivojlantirib borilmoqda.