O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
1. Mustaqillik yillarida milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an’analarning qayta tiklanishi. Biron bir jamiyat ma’naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib o‘z istiqbolini tasavvur etish qiyin. Xalqning madaniy qadriyatlari, ma’naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan.
Uzoq vaqt davom etgan kuchli mafkuraviy tazyiqqa qaramay, O‘zbekiston xalqi avloddan-avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o‘ziga xos an’analarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu o‘rinda milliy istiqlol g‘oyasiga to‘xtalib o‘tish joiz. Mustaqillik g‘oyibdan kelmaydi. Tirik jonzod borki erkinlikka intilib yashaydi. Mustaqillik shaxs, jamiyat, davlatning tarixiy orzusi hisoblanib, u haqidagi tasavvurlar, bilim va g‘oyalar amaliyot tajribalariga asoslangan holda o‘zgarib, boyib boradi.
Mustaqil fikr va g‘oyasiz mustaqil amaliyot bo‘lmaydi. Ushbu qonuniyatga amal qilmagan jamiyat inqirozga duchor bo‘ladi, o‘z yo‘lini yo‘qotadi. G‘oya davlat, jamiyat va inson yo‘lini yoritib boruvchi nurga o‘xshaydi. Inson tanasi tabiat qonunlari asosida yashaydi, ammo uning ongi g‘oyasiz yaratuvchanlik qobiliyatini yo‘qotadi. Har qanday mustaqillikning ma’naviy poydevorini g‘oya tashkil etadi.
Shu sababli g‘oya va mafkura hamda milliy va diniy qadriyatlarning saqlanishi jamiyat asoslangan bo‘lsa, jamiyat mustahkam, davlat barqaror bo‘ladi. Ilmiy adabiyotlarda g‘oya va mafkura tushunchalariga turlicha ta’riflar berilgan bo‘lsa-da, ularni birlashtiruvchi yondashuv mavjud.
Mustaqil yashashni istagan millat uchun, birinchi navbatda, milliy g‘oya kerak.
Milliy g‘oya mustaqil ichki va tashqi siyosatni, uning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Milliy g‘oya har bir xalq va mamlakatning o‘ziga xos immunitetidir. Milliy g‘oyasini anglab yetmagan millat o‘zga g‘oyalar ta’siriga tushadi va o‘zligini yo‘qotadi. Milliy g‘oyasi zaif millatni bo‘lib tashlash va bo‘ysundirish oson kechadi. Shu bois buyuk davlatchilik shovinizimi yoki egotsentrizm kasalligiga duchor bo‘lgan kuchlar o‘zga millat va xalqlarni bo‘ysundirish uchun, birinchi navbatda, ularning milliy g‘oyasiga tahdid soladi. Tarixda bo‘lgandek, bugun ham ushbu qurol yangicha shakl va mazmunlarda qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston xalqi mustaqilligini qo‘lga kiritib, butun dunyoga O‘zbekistonning o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘li borligi, u o‘zbek xalqining milliy manfaatlariga asoslanishini e’lon qildi. O‘zbekistonning milliy manfaatlarini esa, albatta, uning milliy g‘oyasi ifoda etadi. Milliy g‘oya hech bir shaxs yoki buyuklar tomonidan o‘ylab topilmagan. U buzg‘unchi g‘oyalardan farqli ravishda o‘zbek xalqining og‘zaki (Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Kuntug‘mish kabi) va yozma ijodiyotida (Avesto, Forobiy, Navoiy asarlari kabi), xalqimiz hikmatlari, urf-odat va an’analarida asrlar davomida shakllanib, rivojlanib kelmoqda.
Milliy g‘oya ongu shuuriga singdirilgan xalq farzandlari o‘zligini anglab, buyuk ma’naviy jasorat namunalarini ko‘rsatishgani tarixdan ma’lum.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, To‘maris, Shiroq, Muqanna, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Navoiy, Avloniy, Qodiriy, Fitrat ana shunday ma’naviy jasorat sohiblaridir. O‘zbek xalqi bor ekan, ularning nomi va xotirasi abadiydir. Milliy g‘oyani anglagan avlod ajdodlari an’analarini davom ettiraveradi.
Jamiyat amal qiladigan g‘oya salkam uch ming yillik mustaqil rivojlanish yillarida o‘zbek xalqini buyuk kashfiyotlar va g‘alabalar sari yetaklab, xalqimizning milliy rivojlanish g‘oyasiga aylandi. Darhaqiqat, O‘zbekiston ko‘p millatli, ko‘p konfessiyali davlat bo‘lgani bois hech bir din yoki elatning g‘oyasi jamiyatni birlashtirishga qodir emas. Faqat O‘zbekiston xalqining g‘oyasi bo‘lgan milliy g‘oyagina jamiyat sub’yektlarini birlashtirish salohiyatiga ega. Tarixdan ma’lumki, birlashtiruvchi g‘oyaga ega bo‘lmagan jamiyat, davlat tanazzulga yuz tutadi. Shu sababli milliy g‘oya va milliy mafkura masalasi har qandan jamiyat uchun hayot-mamot masalasidir. Hozirgi mustaqillik yillarida O‘zbekiston xalqining milliy g‘oyasi nafaqat amaliyotga tatbiq etildi, balki nazariy va amaliy jihatdan rivojlantirildi.
Milliy tiklanish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Bu, avvalo, ko‘p jihatdan ma’naviyatga bog‘liq. Shu boisdan mustaqillikning dastlabki kunlaridan ajdodlarimizning ma’naviy merosini tiklash ishlari keng jabhada amalga oshirildi.
Ma’naviy meros qadimgi zamonlardan buyon ajdodlarimiz, ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan ma’naviy boyliklar siyosiy, falsafiy, huquqiy va diniy qarashlar, axloq-odob me’yorlari, ilm-fan yutuqlari, tarixiy, badiiy va san’at asarlari majmuasidir. Ma’naviy qadriyatlar, boyliklar jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida uning ehtiyojlari tufayli vujudga keladi va o‘sha davr hayotini aks ettiradi. Davrlar almashinuvi, jamiyatlardagi o‘zgarishlar haqiqiy ma’naviy merosning qadrini oshirib boradi hamda keyingi avlodlar uchun ma’naviy meros maqomiga olib chiqadi. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq ajdodlar tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi.
Darhaqiqat, O‘zbekistondagi ijtimoiy sohaning tub ildizlaridan bo‘lgan ma’naviy sohaning keng rivojlanishi xalqning faol ishtiroki bilan bo‘ldi. O‘zbek xalqining o‘z tarixi, urf-odatlari, milliy va diniy qadriyatlariga o‘zgacha ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi jahon ahli tomonidan e’tirof etilgan.
Umuman olganda, ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayondir.
Haqqoniy tarixni tiklash, milliy o‘zlikni anglash, ta’bir joiz bo‘lsa, milliy iftixorni o‘stirish jarayonida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Buyuk ajdodlarning hayot yo‘li va jasoratlari tarixiy xotirani jonlantirib, jamiyatda yangi fuqarolik ongni shakllantirishda axloqiy tarbiya va ibrat manbayiga aylanmoqda.