O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
4. Mustaqillik yillarida madaniyat va san’atning taraqqiyoti. Beshta tashabbus va uning yuksak ma’naviy madaniyatni ta’minlashdagi o‘rni. Mustaqillik yillarida yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur 5 tashabbus keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 5 ta muhim tashabbusning har bir yo‘nalishi ma’lum bir sohani o‘z ichiga qamrab oladi.
Birinchi tashabbus - yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus - yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Uchinchi tashabbus - aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To‘rtinchi tashabbus - yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Beshinchi tashabbus - xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi. 5 ta muhim tashabbus doirasida mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlik an’anasini yanada jonlantirish, kitob mutolaasiga keng e’tibor qaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar diqqatga sazovordir. 2017-yil sentabr oyida ta’lim muassasalarida “Men sevib o‘qigan kitob”, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlari tashkil etildi. Buning uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar, xayriya mablag‘lari hisobidan 160 mln. so‘m ajratildi. Har bir tuman markazlarida kitob do‘konlari, kutubxonalar ochildi va yangi asarlar bilan boyitildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 28-iyulda qabul qilingan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishning yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi Qarori bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashkil etildi. Ushbu markazning faoliyati bilan bog‘liq asosiy vazifalarda, xususan, milliy g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari orasida keng targ‘ib qilish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, yoshlar orasida ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tarixan olib qaraganda, O‘zbekiston SSSR tarkibida bo‘lgan paytdayoq o‘zbek xalqining zabardast din ulamolarining xotirasini sharaflab, ilmiy anjumanlar o‘tkazish an’anasi boshlab yuborildi. Shu o‘rinda O‘zbekiston SSR Prezidenti I.Karimov tomonidan Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziyning 1200 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy anjuman (1990-yil 14-sentabr) ishtirokchilariga yuborilgan tabrigidan qisqa keltirish maqsadga muvofiq bo‘ladi: “O‘zbekiston hukumati mo‘minlarning istaklarini inobatga olib, musulmon dunyosining eng muqaddas yodgorliklaridan biri - Xalifa Usmon “Mushafi”ni ular ixtiyoriga qaytarib berdi.
Qator tarixiy obidalar diniy tashkilotlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Yangi masjidlar ochilmoqda. Makka va Madinani ziyorat etishga borayotgan musulmonlar ko‘paydi...
Davr shu kunning zarur muammolarini hal etishga intilish barobarida ona tarixning ilg‘or an’analaridan saboq olishni ham taqazo etadi”.