O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
4. Bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari. O‘zbekistonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish yo‘lini tanlashi. Butun dunyodagi rivojlangan davlatlar iqtisodining asosini bozor iqtisodiyoti tashkil etadi. Bozor iqtisodiyoti tovar-pul munosabatlariga asoslangan va ularga xos iqtisodiy qonunlar asosida ishlaydigan iqtisoddir. Bozor iqtisodiyoti qadim zamonlardan boshlab ming yillar davomida shakllanib, takomillashib kelmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyotda bozor munosabatlari ikki xil shaklda namoyon bo‘ldi.
Birinchisi, tartibsiz, stixiyali faoliyat yurituvchi bozor iqtisodiyoti bo‘lib, bunda ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar tarqoq, o‘zibo‘larchilik asosida, maqsadi va harakati oldindan kelishilmagan holda faoliyat yuritadilar. Ikkinchisi, davlat, iqtisodiy qonunlar va iqtisodiy vositalar bilan tartibga solinadigan, boshqariladigan bozor iqtisodiyotidir.
Uning quyidagi xususiyatlari mavjud: • tovar ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy erkin bo‘ladi; • kishilar mulk egasi bo‘ladi, o‘zi ishlab chiqargan mahsulot egasi bo‘lib, uning o‘zi xohlaganicha sotishi va sotmay turishi mumkin; - tovar oldi-sotdisi sotuvchi bilan xaridorning erkin va ixtiyoriy munosabatiga asoslanadi; - tovar ishlab chiqaruvchilar bozorda erkin raqobatda bo‘ladilar; - bozorda ishlab chiqaruvchi emas, iste’molchi o‘z shartini qo‘yadi, chunki pul uning qo‘lida bo‘ladi; - bozorda nimaga talab oshsa, shu narsani ishlab chiqarish foydali bo‘ladi; - jamiyat a’zolari o‘z daromadiga ko‘ra tabaqalanadi.
Jahon tarixi tajribasi guvohlik beradiki, insoniyat birdaniga tartibga solinuvchi bozor iqtisodiyotini yaratolmagan, necha ming yillar davomida stixiyali bozor iqtisodiyoti sharoitida yashab, vaqti-vaqti bilan iqtisodiy larzalarni, chuqur iqtisodiy inqirozlarni boshidan kechirgan. XX asrda jahon sivilizatsiyasi insoniyat manfaatlari yo‘lida yanada jadal taraqqiy etdi. Bu jarayon iqtisodiy tafakkurga ijobiy ta’sir etib, tartibga solinuvchi bozor iqtisodiyoti g‘oyasini keltirib chiqardi.
Unga amal qilgan davlatlarda iqtisodiyot jadal o‘sa boshladi, aholi turmushi, farovonligi yaxshilanib bordi. Shu tariqa dunyoda tartibga solinadigan bozor munosabatlari iqtisodiyotning yetakchi shakliga aylanib bordi.
Sovet hukmronligi davrida esa hokimiyat tepasida turgan kommunistlar mulkni yoppasiga davlat ixtiyoriga olish, resurslarni markazlashtirilgan tarzda ma’muriy-buyruqbozlik, rejalashtirish asosida boshqarish va taqsimlash yo‘li bilan ijtimoiy adolatni qaror toptirish va xalq farovonligini oshirishga urinib ko‘rdi. 74 yil davom etgan bu sinov o‘zini oqlamadi, ijtimoiy adolat ham qaror topmadi, xalq uchun farovon turmush ham yaratilmadi va oxir-oqibatda ma’muriy buyruqbozlik asosida boshqariladigan o‘ta siyosiylashgan, mafkuralashgan iqtisodiyot tanazzulga uchradi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yangilanish, tub o‘zgarishlarni o‘rganishga kirishar ekanmiz, avvalo, mustabid sovet tuzumidan bizga qanday iqtisodiyot meros bo‘lib qolganini tushunib, chuqur anglab yetishimiz lozim. O‘zbekiston qaramlik davrida o‘z tabiiy boyliklariga, yer-suv, o‘rmon va boshqa resurslariga o‘zi egalik qila olmasdi, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilay olmasdi. Respublika hududida qurilgan va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar markazga, uning manfaatlariga bo‘ysundirilgan edi. O‘zbekiston rahbariyati, xalqi o‘z hududida qancha mahsulot ishlab chiqarilayotganini, ular qayerda realizatsiya qilinayotganini va qancha daromad keltirayotganidan bexabar edi.
Mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston moliya-kredit, bank siyosati yuritishda qaram edi, o‘zining milliy valyutasiga, valyuta jamg‘armasiga ega emasdi. Sovet davlatidan zaif xom ashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan, ya’ni arzon xom ashyo va strategik mineral resurslar tayyorlanadigan iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi. Respublika iqtisodiyotida boy mineral xom ashyo resurslaridan ayovsiz, nazoratsiz foydalanish hukmronlik qilardi. Umri tugagan sovet tuzumidan iqtisodiy boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usuli, “Qayta qurish” davrida batamom barbod bo‘lgan iqtisodiyot, izdan chiqqan moliyaviy narx-navo tizimi, tushkunlik holatidagi ijtimoiy-iqtisodiy muhit meros bo‘lib qolgan edi. Respublika korxonalari Sovet Ittifoqi bo‘yicha boshqa korxonalar bilan uzviy bog‘langani sababli, endi ular o‘rtasidagi aloqalar uzilib, xo‘jalik yuritish murakkablashib qolgan edi. O‘zbekiston yoqilg‘i va oziq-ovqat ham masalasida markazga qaram edi.
Ekin ekiladigan yerlarning paxta maydonlariga aylantirilishi, paxta yakka hokimligining o‘rnatilishi natijasida O‘zbekiston un, go‘sht, sut mahsulotlari va boshqa eng muhim oziq-ovqat mollari, xalq iste’moli tovarlari, tayyor mahsulotlarni chetdan keltirishga mahkum etilgan edi. Paxta, oltin, rangli metallar, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa materiallar tashib ketilar, ularni sotishdan keladigan daromad O‘zbekiston xazinasiga tushmas edi. Hatto o‘ziga qarashli bo‘lgan mablag‘ni markazdan dotatsiya sifatida so‘rab olishga majbur edi. Aholi turmush darajasi bo‘yicha nochorlik va yetishmovchilik Ittifoq miqyosida eng oxirgi o‘rinlardan birida edi.
Ittifoqdan mustaqil bo‘lgan Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan farqli o‘laroq, O‘zbekiston aholisining deyarli uchdan ikki qismi qo‘l uchida tirikchilik qilardi. Sovet tuzumidan o‘tkir ijtimoiy, ekologik muammolar meros bo‘lib qolgan edi. Aholi yerning nihoyat darajada sho‘rlanishi, havoning va suv zahiralarining ifloslanganligi, radioaktiv ifloslanish, Orol dengizining qurib borishi oqibatida juda katta ekologik xavfga duch kelib qolgan edi.
Iqtisodiy mustaqillikning imkoniyatlari. Iqtisodiy mustaqillik xalqimizni o‘z yeri, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralarga to‘la egalik qilish huquqini berdi. O‘z hududimizdagi barcha mulk, korxonalar O‘zbekiston tasarrufiga olindi, mustaqil iqtisodiy siyosat yuritish, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilash erkinligi qo‘lga kiritildi. Iqtisodiy mustaqillik mamlakatimizga mustaqil moliya-kredit, bank siyosatini yuritish, o‘z davlat byudjetini yaratish va unga to‘la egalik qilish, milliy valyuta, oltin zahirasi va valyuta jamg‘armasini tashkil etish va ulardan xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodonligi yo‘lida mustaqil foydalanish imkoniyatini yaratdi. Iqtisodiy mustaqillik tufayli ishlab chiqarish munosabatlarini ma’muriy buyruqbozlik, markaziy rejalashtiruvchi mexanizmdan erkin bozor iqtisodiyoti sharoitlariga o‘tkazish, jahon xo‘jaligi aloqalari tizimiga kirish imkoniyati bo‘ldi. Davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, O‘zbekiston umumbashariy, jahon sivilizatsiyasining katta yo‘liga tushib oldi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston bozor munosabatlarini shakllantirish, milliy an’analarga asoslangan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi.
Chunki turli mamlakatlardagi bozor iqtisodiyoti, u xoh Amerika yoki Germaniyada bo‘lsin, xoh Yaponiya yoki Janubiy Koreyada bo‘lsin, baribir umumiy qonunlar bo‘yicha rivojlanib borgani holda har biri o‘zining o‘ziga xos xususiyatlariga ham ega bo‘lgan. Bu xususiyatlar xo‘jalikning tuzilishi va shart-sharoitlari, tabiati va iqlimi, milliy rasm-rusumlari, an’analari va milliy xarakteri orqali belgilanadi.
O‘zbekistonda bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildi.
Bu yo‘lning asosiy qoidalari Birinchi Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston - bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li” nomli asarida, Respublika parlamentida qilgan ma’ruza va nutqlarida, mamlakat parlamenti qabul qilgan qonunlarda bayon etib berilgan. Bu yo‘lga, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, respublikamiz xo‘jalik imkoniyatlari, shart-sharoitlari, eski tuzumdan meros bo‘lib qolgan muammolar hisobga olindi. Davlat qurilishi dasturining va O‘zbekiston iqtisodini isloh etishning butun o‘zagini mamlakatning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan besh asosiy tamoyil tashkil etdi. Ushbu tamoyil asosini quyidagilar tashkil etadi: Birinchidan, iqtisodiyotni mafkuradan batamom holi qilish. Iqtisodiyot siyosatdan ustun turmog‘i lozim. Aynan iqtisodiyot, uni yanada rivojlantirish muammolari davlat siyosatining asosiy mazmuniga aylandi.
Ikkinchidan, davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchisi bo‘lishi zarur. Davlat butun xalqning manfaatlarini ko‘zlab, islohotlar jarayonining tashabbuskori bo‘lishi, iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi yo‘nalishlarini belgilashi, iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada va suveren davlatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida tub o‘zgarishlarni amalga oshirish siyosatini ishlab chiqishi va izchil ro‘yobga chiqarishi kerak.
Uchinchidan, Qonunning ustuvorligi, yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanmog‘i zarur. Iqtisodiy o‘zgarishlar amaliy kuchga ega bo‘lgan qonunga tayangandagina sezilarli natija berishi mumkin.
To‘rtinchidan, bozor iqtisodiyotiga o‘tishda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholining ijtimoiy nochor guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishidir. Iqtisodiy islohotlarning barcha bosqichlarida demografiya sohasidagi real ahvolni, aholini mavjud turmush darajasini hisobga olgan holda odamlarni ijtimoiy himoyalash sohasida kuchli chora-tadbirlarni oldindan amalga oshirish kerak. Ijtimoiy himoyalash mexanizmi mavjud bo‘lganidagina ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlash mumkin.
Beshinchidan, islohotlarni, bozor munosabatlarini shakllantirishni puxta o‘ylab, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim. “Bu yo‘l va andoza iqtisodiyoti bozor munosabatlari asosiga qurilgan rivojlangan mamlakatlarning ko‘p asrlik tajribasiga, shuningdek, O‘zbekiston xalqining milliy-tarixiy merosi, turmush tarzi, an’analari va ruhiyati xususiyatlariga tayanishi lozim”.
Ushbu beshta tamoyilning har biri demokratik va iqtisodiy o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli isloh qilib borishda muhim ahamiyatga egadir. Shu bilan birga bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish tamoyili alohida e’tiborga loyiq. Bu yetakchi tamoyillardan biridir. Bu iqtisodiy islohotlarning butun ichki mantiqini, rivojlanib borishi va xarakterini belgilab beradi, belgilangan maqsadlarga erishish uchun mavjud kuchlarni va imkoniyatlarni mujassam etish, eng muhim va birinchi o‘rindagi vazifalarni aniqlash va ularni islohotlar muvaffaqqiyati yo‘lida xizmat qildirishga sharoit yaratadi. Bu tamoyil bozor munosabatlarini qadam-baqadam shakllantirishni, bir bosqichini oxiriga yetkazib va tegishli asos, zamin yaratib, keyin yangi bosqichga o‘tishni taqozo etadi. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning uzoqni ko‘zlagan quyidagi strategik maqsadlari belgilab olindi: - milliy boyliklarning o‘sishini, kishilar turmushi va faoliyati uchun munosib sharoitni ta’minlaydigan kuchli va muntazam rivojlanib boruvchi tizim yaratish; - ko‘p ukladli iqtisodiyotni vujudga keltirish, kishining mulkdan begonalashuvini bartaraf etish, tashabbuskorlik va tadbirkorlikning har taraflama o‘sishi uchun asos bo‘ladigan xususiy mulkchilikning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash; - korxonalar va fuqarolarga keng iqtisodiy erkinliklar berish, ularning xo‘jalik ishlariga davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvidan voz kechish, iqtisodni boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullarini yo‘q qilish, iqtisodiy vositalar va rag‘batlantirishlarni keng qo‘llash; - moddiy, tabiiy va mehnat resurslaridan unumli foydalanishni, raqobatbardosh tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishni, jahon iqtisodiyot tizimiga kirib borishni ta’minlaydigan chuqur iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish; - kishilarda yangicha iqtisodiy tafakkurni shakllantirish, ularning dunyoqarashini o‘zgartirish, har bir kishiga o‘z mehnatini qo‘llash sohalari va shakllarini o‘zi mustaqil belgilab olishi uchun imkoniyat yaratish.
Strategik maqsadlar asosida iqtisodiy islohotlarning asosiy va muhim tomonlari aniq belgilab olindi. Eng avvalo, birmuncha o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yaqin vaqtlar ichida hal etishga yordam beradigan asosiy tarmoqlarni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi: mulkiy islohotlar, institutsional (muassasalar) va moliya-kredit islohotlari, agrar islohotlar, tashqi iqtisodiy faoliyat islohotlari, ijtimoiy sohadagi islohotlar.
Bu jarayonda islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, qonuniy asoslarini yaratishga alohida e’tibor berilib, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun iqtisodiyotni tubdan isloh qilishga kirishildi. Avvalo, iqtisodiy islohotlarning quyidagi strategik maqsadlari belgilab olindi: • kishilar hayoti va faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan iqtisodiy tizimni barpo etish; • ko‘p ukladli iqtisodiyotni yaratish; • xususiy mulkning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash; • korxonalar va fuqarolarga keng iqtisodiy erkinliklar berish; • iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar qilish va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish; • jahon iqtisodiy tizimiga qo‘shilib borish; • kishilarda yangicha iqtisodiy fikrlashni shakllantirish; • iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizini yaratish.
O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizini yaratishga yo‘naltirilgan 400 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, o‘z navbatida ularni bir necha yo‘nalishlarga bo‘lish mumkin: 1. Mulkchilik munosabatlari va ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantiruvchi qonunlar. Bu yo‘nalish doirasida mulkchilik to‘g‘risida, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida, ijara to‘g‘risida, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida va boshqa qonunlar qabul qilindi. 2. Xo‘jalik yuritishni tartibga soluvchi qonunlar, ya’ni xususiy korxonalar to‘g‘risida, kooperatsiya to‘g‘risida, dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida, shirkat xo‘jaligi to‘g‘risida qonunlar qabul qilindi. Bozor infratuzilmasini yaratuvchi va uning faoliyatini tartibga solib turuvchi, banklar va bank faoliyati to‘g‘risida, pul tizimi to‘g‘risida, tadbirkorlik to‘g‘risida, sug‘urta to‘g‘risida, birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida, qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risida va boshqa qonunlar qabul qilindi. Korxona bilan davlat o‘rtasidagi, korxonalar o‘rtasidagi munosabatlarni yo‘lga soluvchi qonunlar, Soliq kodeksi, Bojxona kodeksi, monopolistik faoliyatni cheklash, korxonalarning bankrot bo‘lishi haqida qonunlar qabul qilindi. Xo‘jalik protsessual kodeksi ishlab chiqildi, Xo‘jalik sudi tuzildi. 3. O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatini belgilab beruvchi huquqiy normalar yaratildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida qabul qilingan qonunlar, xalqaro pakt va bitimlar, ularning O‘zbekiston tomonidan imzolanishi mamlakatimiz tashqi aloqalarining rivojlanishi tarixida yangi sahifa ochdi.
Respublika iqtisodiyotining huquqiy asoslari Prezident farmonlarida, hukumat qarorlari va boshqa me’yoriy hujjatlarda yanada takomillashtirib borildi. Qabul qilingan qonunlar amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ortga qaytmasligining kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bozor infratuzilmasini yaratishdan iboratdir. “Bozor munosabatlarini shakllantirishni tegishli muhitsiz - tovar, pul bozorlarida va mehnat resurslari bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida o‘zaro aloqani ta’minlashi kerak bo‘lgan bozor infrastrukturasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi”.
Bozor infratuzilmasi deganda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga, ularni samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiluvchi muassasa, tashkilot va korxonalar majmuasi tushuniladi.
Respublikamizda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiluvchi infratuzilmaning asosiy bo‘g‘inlari - turli muassasalar, tashkilotlar va korxonalar majmuasi yaratildi. Avvalambor, ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi transport, aloqa, suv va energetika ta’minoti, yo‘l va ombor xo‘jaligi tuzilmalari yaratildi. Bozor munosabatlarini shakllantirishda birjalar alohida o‘ringa ega bo‘ldi.
Iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichidayoq “Respublika ko‘chmas mulk birjasi”, “Tovar xom ashyo birjasi”, “Toshkent fond birjasi” tashkil etildi. Bu tarmoq yanada rivojlantirildi. 1991-2000-yillarda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun xizmat qiluvchi 58 ta tovarlar va xom ashyo birjalari, 24 ta biznes inkubator, 496 ta auditorlik va konsalting firmalari, ko‘plab savdo uylari, auksionlar, tijoratchilik idoralari, reklama firmalari, savdo-sotiq va ularni nazorat qiluvchi davlat muassasalari tashkil etildi. Bozor munosabatlarini rivojlantirishda axborot infratuzilmasi alohida ahamiyatga ega. Shu boisdan iqtisodiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan axborotlar, xabarlar va ma’lumotlarni to‘plovchi, umumlashtiruvchi vositalar, firmalar vujudga keladi.
Mustaqil, erkin davlatning asosiy belgisi, asl poydevori - milliy valyutadir.
O‘z valyutasiga ega bo‘lmagan davlat o‘z manfaatlarini ko‘zlab mustaqil ravishda moliya-kredit, bank siyosatini yurita olmaydi, o‘z taqdirini, tashkilotlar, xo‘jaliklar va fuqarolar taqdirini belgilay olmaydi. Ichki bozorni naqd pul bilan ta’minlash, pul chiqarish miqdori, uning xarid kuchi, kelajak istiqboli uchun sarmoya ajratish, kimga qarz berish va kimdan qarz olish, qarzni to‘lash va undirib olish, foiz stavkalarini belgilash kabi masalalarni mustaqil hal qila olmaydi. Pirovardida bunday davlat boshqa kuchli davlatlar ko‘rsatmalariga qaram bo‘lib qoladi, uni hech kim haqiqiy mustaqil davlat deb tan olmaydi. Shu boisdan milliy valyutaga o‘tish O‘zbekiston uchun oliy maqsad edi. Biroq milliy valyutaga o‘tish oson ko‘chmaydi, yangi valyutani muomalaga kiritish inqilob bilan teng. Dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, davlatlar o‘z milliy valyutasiga erishish uchun uzoq va mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tgan, bor qudratini safarbar etgan. O‘zbekistonda milliy valyutani muomalaga kiritish uchun ham ma’lum vaqt, tajriba kerak edi.
Avvalo, haqiqiy mustaqil iqtisodiyotga erishish lozim edi. Shu boisdan O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki payti 1991-1993-yillarda Ittifoqdan meros qolgan rubl zonasida bo‘lib turdi. Biroq sovetlardan keyingi davrda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishning keskin pasayishi natijasida rublning qadri ham shunga mos ravishda tushib bordi. 1993-yil may oyi boshlarida 800-900 rublning qadri 1 AQSh dollari darajasiga tushib ketgan edi. Shu yili Rossiyada oldingi rubl kursiga tenglashtirilgan yangi namunadagi rubl chiqarildi.
Rossiya hukumati 1993-yil 26-iyulda O‘zbekiston mutasaddi vakillarini Moskvaga taklif qilib, birgalikda rubl zonasida bo‘lamiz deb aytdi. Keyinroq Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari Moskvada uchrashib, rubl zonasini saqlashga, O‘zbekiston va Qozog‘istonni 1993-yilgi yangi rubl namunasi bilan ta’minlashga qaror qilindi. Biroq amalda boshqacha yo‘l tutildi, to‘g‘rirog‘i Rossiya hukumati bu tadbirlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqchi bo‘ldi.
Rossiya hukumati O‘zbekistonning oldiga o‘z shartlarini qo‘ydi. Birinchidan, kerakli rublni davlatlararo qarz sifatida, keyinchalik boylik yoki mahsulot bilan to‘lash sharti qo‘yildi. Ikkinchidan, rublni olishdan oldin uning 50 % miqdoridagi AQSh dollari yoki O‘zbekiston oltinini garovga qo‘yish talab qilindi. Uchinchidan, O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan 1961-1992-yilgi namunadagi pulni (rubl) yangi 1993- yil namunasidagi rublga uchga bir nisbati bilan almashtirish sharti qo‘yildi.
To‘rtinchidan, birorta shart bajarilmay qolsa, tovon puli to‘lash majburiyati belgilandi. Beshinchidan, O‘zbekiston Markaziy Banki Rossiya Markaziy Bankiga hisobot berishi, ya’ni tobe bo‘lishi kerak edi. O‘zbekiston bunday shartlarga rozi bo‘lolmas edi, rozi bo‘lmadi ham. Shu boisdan muomalaga yangi milliy valyutani joriy qilishga jiddiy kirishildi. 1993-yil 1-noyabrda O‘zbekistonda so‘m-kupon muomalaga kiritildi, uning kursi oldin muomalada bo‘lib kelgan rublga tenglashtirilgan edi. Shu yil noyabr oyi davomida aholi qo‘lidagi rubl namunasidagi pullarini jamg‘arma banklari orqali so‘m-kuponga almashtirildi.
So‘m-kupon joriy etilayotgan dastlabki paytlarda chetdan rubl oqib kelmoqda, degan mish-mishlar ko‘paydi. Bozorda narxlar ko‘tarilib ketdi. Hukumat buning oldini olish choralarini ko‘rdi. Aholi ortiqcha tashvish, aziyat chekmadi, aksincha, aholi, iqtisodiyot himoya qilindi. O‘zbekiston rahbariyati so‘m-kuponlar asosida zarur tajriba orttirdi va haqiqiy milliy valyutani joriy qilish tadbirlarini ko‘rdi. 1994- yil 16-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 1994-yil 1-iyuldan boshlab milliy valyuta - so‘m muomalaga kiritildi. 1 so‘m kursi 1000 so‘m-kuponga tenglashtirilgan holda joriy qilindi.
Milliy valyuta - so‘m O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘m bo‘lgan bank qog‘oz pullari (banknotlar) holida muomalaga chiqarildi. Aholi qo‘lidagi so‘m-kuponlar jamg‘arma banklari orqali 1000 ga 1 qiymatda almashtirildi. Keyinroq 200, 500, 1000 so‘mlik qog‘oz pullari ham muomalaga kiritildi. Shuningdek, qiymati har xil miqdordagi tangalar ham naqd pul holida muomalaga chiqarildi. Milliy valyutaning muomalaga kiritilishi mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo‘ldi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeyi oshdi, o‘zining pul-kredit, moliya siyosatini amalda mustaqil yuritadigan bo‘ldi. Bu iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratdi. 2003-yil 15-oktabrdan boshlab, so‘m qisman konvertatsiyalanadigan valyuta maqomiga ko‘tarildi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning moliya-kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi infratuzilma - yangi bank tizimi, o‘z-o‘zini kreditlash idoralari, sug‘urta kompaniyalari, moliya kompaniyalari, soliq undirish idoralari, pul jamg‘armalari yaratildi. Bozor iqtisodiyotiga xizmat qiluvchi bank-moliya tizimi yaratildi. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda banklarning maqomi va faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berildi. Tijorat banklari ixtisoslashtirildi.
Mustaqillikning dastlabki yilida 6 ta bank faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2010-yilda 31 ta tijorat banklari, ularning 810 ta filiali aholiga xizmat ko‘rsatdi. Viloyat, shahar va tumanlarda aholiga xizmat qiluvchi minibanklar ochildi.
Minibanklarning soni 2011-yil boshlarida 4000 dan oshdi. Respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalarini qo‘yish va chet el sarmoyalarini jalb qilishda banklar faol qatnashmoqdalar. Tijorat banklarining iqtisodiyotning real sektoriga kreditlar berish imkoniyati, moliya bozoridagi ishtiroki yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.
To‘lovlarni naqd pulsiz plastik kartochkalar vositasida amalga oshirish tizimi yaratildi. So‘mdagi plastik kartochkalar 1996-yilda paydo bo‘ldi. 2011-yilda muomaladagi bank plastik kartochkalari soni 8 million donani tashkil etdi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida plastik kartochkalariga xizmat ko‘rsatadigan terminallar soni 86 mingtaga yetdi.
Respublikamizda tadbirkorlar va aholini ehtimoli bo‘lgan turli zararlardan himoya qiluvchi sug‘urta bozori vujudga keldi.
Davlat ishtirokida bozor munosabatlariga xizmat qiluvchi “Kafolat”, “Agrosug‘urta”, “O‘zbekinvest” kabi uchta yirik sug‘urta kompaniyasi tashkil etildi. Ko‘plab xususiy sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlaydigan qo‘shma sug‘urta kompaniyalari ham vujudga keldi. 2002-yilda sug‘urta kompaniyalarining soni 28 taga yetdi, ular moliya bozorida mamlakatimiz fuqarolari va tashkilotlariga 150 turdan ortiq yo‘nalish bo‘yicha sug‘urta xizmati ko‘rsatmoqdalar. “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida“gi Qonunning qabul qilinishi (2002-y.), Prezident farmoni bilan 2002-yil 1-fevralidan boshlab sug‘urta tashkilotlarining 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod qilinishi mamlakatimizda sug‘urta bozorini yanada erkinlashtirish va rivojlantirishga xizmat qildi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ish bilan bandlik masalasi jiddiy muammoga aylanadi. Negaki, iqtisodiy tizim o‘zgarayotgan paytda malakasiz kishilargagina emas, ma’lum ixtisosga ega bo‘lgan xodimlarga ham talab cheklanadi, ishsizlar toifasi kengayadi. Bunday sharoitda ishsizlar sonining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Keyinchalik Respublika “Mehnat birjasi” va joylardagi 225 dan ortiq mehnat birjasini o‘z ichiga oluvchi katta tarmoq barpo etildi. Har bir tumanda mehnat birjasi tashkil etildi. Ishsizlarni ro‘yxatga olish, ularni kasbini o‘zgartirish mexanizmi yaratildi, ishsizlik bo‘yicha nafaqa to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga e’tibor berildi. 1993-yilda Respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 185,1 ming yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lsa, 1998-yilda bu ko‘rsatkich 345,9 mingni tashkil etdi yoki 1,8 marta ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2000-yilda faqat kichik va o‘rta biznes rivoji hisobiga 192,5 mingta, 2001-yilda esa 372 mingta, 2002-yilda 370 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichidayoq narxlar erkinlashtirildi.
Bu jarayon ijtimoiy larzalarsiz o‘tdi. Negaki, davlat turli kompensatsiya jamg‘armalari tuzdi, bolalar uchun nafaqalar joriy etdi, eng kam ish haqi, pensiya, nafaqalar va stipendiyalar muntazam sur'atda oshirib borildi. Narxni erkinlashtirish iqtisodiyotda raqobatchilik muhitini vujudga keltirish bilan bevosita bog‘liq. 1992- yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasining “Monopol faoliyatni cheklash to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kiritildi. Bu qonun asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Moliya vazirligi tizimida tuzilgan Antimonopol va narx-navo siyosatini o‘tkazish bosh boshqarmasi monopol mavqeyidagi korxonalarni belgilab, ularning mahsulotlari bo‘yicha narxlarni va rentabellikni tartibga solib turibdi. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildi va unga amal qilinmoqda. Bozor munosabatlarini shakllantiruvchi va unga xizmat qiluvchi huquqiy negizlar hamda bozor infratuzilmasi yaratildi.