9-mavzu. Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar Reja: 1. Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi.
2. Aholi turmush darajasini yuqori darajada ta’minlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati.
4. Bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari. O‘zbekistonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish yo‘lini tanlashi.
5. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish.
6. O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining o‘rni. Agrar islohotlar.
7. O‘zbekiston xalq xo‘jaligining yangi istiqbollari.
1. Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi. O‘zbekistonda mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng aholi turmush darajasini yuqori darajada ta’minlash, inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va uning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ijtimoiy yo‘naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga ega kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki davridayoq, davlat ijtimoiy siyosatining asoslari yaratilib, amalga oshirila boshlandi. O‘zbekistonda ijtimoiy siyosat ustuvor yo‘nalish hisoblanadi va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Respublikada ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir: ♦ Ijtimoiy siyosatini o‘tkazishda davlatning boshqarish funksiyasiga egaligi; ♦ Ijtimoiy islohotlarning bosqichma-bosqichligi; ♦ Aholining yashash darajasini keskin tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik; ♦ Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari mahallalar orqali aholiga aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish; ♦ Ijtimoiy islohotlarning iqtisodiy va huquqiy asoslarini yaratish.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat qilib belgilangan: ♦ Aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash; ♦ Mahsulot, xizmat va uy-joyning kuchli ichki iste’mol bozorini shakllantirish; ♦ Aholining to‘lov talablarini keng miqyosda qondirish va uning o‘sishini ta’minlash; ♦ Aholining daromad va mulkka egalik darajasining keskin tabaqalashuvining oldini olish; ♦ Ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan zarur kafolatni ta’minlash.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda davlat ijtimoiy siyosati quyidagi asosiy yo‘nalishlarda olib borilmoqda: ♦ Davlat ijtimoiy iste’mol fondlarini tashkil etish va ulardan jamiyatning har bir a’zosining foydalanishini kafolatlaydigan qonunlarni qabul qilish; ♦ Davlatning markazlashgan ijtimoiy sug‘urta fondini tashkil etish;♦ Ko‘rsatilgan xizmatlar va samarali mehnatlari uchun davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar; ♦ Ish haqi va pensiya minimumining davlat tomonidan kafolatlanishi; ♦ Ko‘p bolali oilalarga to‘lanadigan nafaqalar; ♦ Kam ta’minlangan aholi tabaqalariga moddiy yordam ko‘rsatish; ♦ Bolalikdan nogiron va boshqa mehnat qobiliyatini yo‘qotganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash; ♦ Talabalar uchun to‘lanadigan davlat stipendiyalari; ♦ Ishsizlik nafaqasi; ♦ Eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari turlarini belgilangan narxlarda sotilishini ta’minlash; ♦ Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlar baholaridagi farqlarni byudjet hisobidan qoplash; ♦ Ijtimoiy sohaning eng muhim tarmoqlari (sog‘liqni saqlash, ta’lim, jismoniy tarbiya, sport va madaniyat) moddiy bazasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash.
Demak, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan. Buni ijtimoiy sohadagi islohotlarni amalga oshirish orqali ta’minlash mumkin. Chunki har qanday jamiyatning rivojlanganlik darajasi ijtimoiy masalalarning qay darajada hal etilayotganiga bog‘liq. Ijtimoiy masalalar mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida iqtisodiy rivojlanishga ta’sir etadi.
Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy siyosati ijtimoiy islohotlarni davomli amalga oshirib borish orqali aholi turmush darajasini barqaror o‘stirib borishdan iboratdir. Mamlakatimizda aholi daromadlari va turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy siyosatning amalga oshirilishi natijasida aholi jon boshiga o‘rtacha to‘g‘ri kelgan pul daromadlari, ish haqi va pensiyalar o‘sishining ijobiy dinamikasi vujudga kela boshladi. Aholining daromadlari tarkibida yollanma ishchilarning daromadlari ulushi 2010-2017-yillarda 45,0 %dan 34,3 %ga kamaydi, mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar ulushi 25,0 %dan 34,5 %ga o‘sdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5oktabrdagi PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Davlat va xususiy sektor sherikligi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari hamda 30 dan ziyod qonun va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash borasida faol ishlar olib borilmoqda.
Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi, bosqichlari va rivojlantirilishi . Manzilli ijtimoiy himoya tizimining yaratilishi. Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, aholini uy-joylar bilan ta’minlash, yo‘l-transport muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish. Nodavlat-notijorat tashkilotlarining ijtimoiy himoya va manzilli ijtimoiy yordamni amalga oshirishdagi ishtiroki.
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj toifalarga kam ta’minlanganlar, ko‘p bolali onlalar, nogironlar, yolg‘iz qariyalar va boshqalar kiradi. Har qanday tuzum va jamiyatda aholining bunday toifalari u yoki bu darajada uchraydi. Adolatli jamiyat hamisha ularni himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Shuning uchun ham O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganidan keyin kuchli ijtimoiy siyosat yuritdi. Ijtimoiy sohaga muhim e’tibor hozirgi paytda ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan bo‘lib, bu yilgi bayram “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi asosida amalga oshirilyapti. Chunki Qarorda ushbu Dasturni 2017-2021 -yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining ma’no-mazmunidan kelib chiqqan holda tayyorlash belgilangan edi. Bu beshta ustuvor yo‘nalishdan to‘rtinchisida aynan ijtimoiy sohani rivojlantirish ko‘zda tutilgan. U quyidagicha bayon etilgan: “Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivoj lantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish”.
O‘tish davrining O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, jahonda “O‘zbek modeli” deb nom qozongan beshta tamoyilning to‘rtinchisi aynan aholining murakkab demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishdan iborat qilib belgilangan edi.
Hatto mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar mohiyati xalqaro ekspertlar tarafidan aynan “ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tish” deb ham nomlandi. Bu bejiz emas edi.
Chunki bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqasiga, ayniqsa, unga mohiyatan tamoman zid bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tuzumga o‘tish hamisha murakkab kechadi.
Bu aholining muayyan qismi hayotida keskin tarzda aks etadi. Bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o ‘tayotganda, xususan, eski ishlab chiqarish tizimi, mavjud iqtisodiy integratsiya tabiiy ravishda izdan chiqadi, ularning barini yangidan shakllantirishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mulkka egalik qilishning shakli o‘zgaradi, davlat korxonalari, hatto ekin yerlari egalari o‘zgaradi, ishchi kuchi ham bevosita bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari asosida qayta taqsimlanadi. Demak, ijtimoiy himoyaga muxtojlar safining o‘zgarib, ya’ni kamayib-ko‘payib turishi ham tabiiy holdir.
Shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining himoyaga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kafolatli tizimi yaratilmas ekan, bu og‘ir ijtimoiy mushkulotlarga olib kelishi mumkin. Mustaqil O‘zbekistonda avval-boshdan bu borada oqilona yo‘l tutildi.
O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos xususiyatlari hamda ilg‘or jahon tajribalarini mujassamlashtirgan bu taraqqiyot modeli negizida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish maqsadi ham yotadi.
Shunday ekan, o‘zgarishlar mohiyati ham shaxs, uning manfaatlari bilan bevosita bog‘liq, islohotlar mas’uliyati ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaro zimmasiga tushadi. Ko‘rinib turibdiki, kuchli ijtimoiy himoya doimo mustaqil O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib keldi. Mamlakatimizda davlat byudjetining asosiy qismi aynan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan va bu qat’iy qoidaga izchil amal qilib kelinyapti.
Birinchi Prezident I.Karimovning 1993-yili chop etilgan “O‘zbekiston -bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li” kitobida mazkur besh tamoyildan har birini sharhlash uchun bittadan maxsus bob ajratiladi. Jumladan, “Kuchli ijtimoiy siyosat-iqtisodiy o‘zgartirishlarning ishonchli kafolati” deb nomlangan yettinchi bobda to‘rtinchi tamoyil har taraflama va batafsil tahlil etib berilgan.
Bu besh tamoyil Birinchi Prezident I.Karimov ta’limotida o‘z-o‘zidan yoki birdaniga shakllanib qolmagan. Bu - uning davlatchilik borasidagi tadrijiy tafakkuri mahsuli yanglig‘ yuzaga keldi. Buning isboti shuki, uning 1992-yili yozilgan “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” asarida ilgari surilgan ayrim qat’iy pozitsiyalarning ana shu tamoyillar bilan bevosita aloqadorligi bor.
Demak, islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad - xalq hayotini yaxshilash, fuqarolarning emin-erkin yashashi, rivojlanishi, bunyodkorlik ishlari bilan faol shug‘ullanishi, umrni unumli o‘tkazishi, turmush mazmunining boyishiga erishishdan iborat. 1997-yildan yillarni muayyan yo‘nalish bo‘yicha nomlash an’anasi yo‘lga qo‘yildi. O‘sha yili “Inson manfaatlari yili” bo‘lgan. Inson manfaatlari deganda esa, avvalo, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish ma’nosi ko‘zda tutilgan. E’tibor qilinsa, o‘shandan buyon har bir yilning yo‘nalishida u yoki bu tarzda aynan ijtimoiy masala o‘rtaga qo‘yiladi. 2007-yil esa maxsus ravishda “Ijtimoiy himoya yili” bo‘ldi.
Istiqlol yillarida ijtimoiy muhofaza muayyan tizimga aylandi. Muhtoj qatlam va guruhlarga moddiy yordam ko‘rsatishning o‘ziga xos, ya’ni miliy mexanizmi ishlab chiqildi. Buni adolatli amalga oshirishda qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarining mas’uliyati oshirildi. Inflyatsiyani inobatga olgan holda har yili bir necha marotabadan davlat byudjetidan ajratiladigan maoshlar, pensiya va stipendiyalar oshirib borilyapti. Muhtoj qatlam va guruhlarga nodavlat va jamoat tashkilotlari tarafidan moddiy yordam ko‘rsatishning ham turli-turli shakllari paydo bo‘ldi va bu jarayon tobora takomillashib boryapti. 2017-yilning aynan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi amalda davlat siyosatining izchilligidan dalolat beradi.