O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
6. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni. Fuqarolik jamiyati institutlari tizimida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni beqiyosdir. Zero, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, mahalla instituti yurtimizda ming yillar davomida sinalgan va chuqur ildiz otgan, aholini birlashtirib turadigan ijtimoiy hodisa sifatida rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning hozirgi bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida xalqimizning urf-odatlari, an’analari va qadriyatlarini saqlab qolish, ularni jipslashtirish kafolati sifatida maydonga chiqayotganini yaqqol ko‘rib turibmiz.
Mahallaning tuzilmasi va funksiyasi vaziyatga qarab asrlar davomida o‘zgarib turgan, ammo u o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini saqlab qolgan, o‘z hududida istiqomat qiluvchi kishilar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni muvofiqlashtirib turgan.
Mahalla o‘zini o‘zi boshqarish organlarining eng yorqin ko‘rinishi, ayni paytda fuqarolik jamiyatining asosi va tayanchi deb tan olingani bilan ham o‘zining yuksak mavqeyiga ega. U yuksak madaniyat va kishilar o‘rtasidagi munosabatlar ma’naviyatiga asoslanadi.
Mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum va an’analarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Shu bilan birga, mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, ular bugun o‘zini o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda.
Bu borada Janubiy Koreyaning Koreyashunoslik akademiyasining professori Xan Do Xyon ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mahallaning noyob tarixiy roli qayta tiklandi va boyidi. O‘zbekistonning barcha hududida, katta shaharlar bilan bir qatorda, uzoq tumanlarda ham mahallalarning faoliyat ko‘rsatayotgani O‘zbekistonda davlat boshqaruvi xalq va davlatning yaqin hamkorligi asosida qurilganidan dalolat beradi. Mahalla instituti umuminsoniylik o‘lchovida katta qadriyat kasb etadi. Shu bois uni YuNESKOning Umumjahon nomoddiy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritish zarur, deb hisoblayman”, deya fikr bildiradi.
O‘zbek jamiyatida jamoa bo‘lib yashashning eng oliy shakli mahalladir.
O‘zini o‘zi boshqarishning mazkur shakli asrlar osha yashab kelmoqda. Mahalla mamlakatimizda ko‘p asrlardan buyon mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekiston davlat mustaqilligidan keyingina munosib ijtimoiy-huquqiy maqomga ega bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Uning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishiga oid norma o‘z ifodasini topdi.
Shuningdek, “Mahalla” so‘zi asli arabcha “joy”, “o‘rin”, ma’nosini anglatadi. Respublika Konstitutsiyasining 105-moddasida shaharcha, qishloq va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning huquqiy o‘rni belgilab qo‘yilgan. Asosiy Qomusimizning 105-moddasi bilan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Unga ko‘ra, shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylashi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - xalq hokimiyatini amalga oshirishning shakllaridan biri sifatida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy maqomini belgilab berdi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi nafaqat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining huquqiy hujjatlarida, balki butun normativ-huquqiy hujjatlar ichida shoh hujjat hisoblanib, jamiyatning butun ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalari uning asosida tartibga solinadi.
Asosiy Qonunimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga alohida to‘xtalib o‘tilganligi, bu demokratik institutga nisbatan yuksak umid va ehtirom bildirilganligidir. Uning barqarorligi va ustunligi jamiyat siyosiy-huquqiy tizimida katta o‘rin egallab, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan chambarchas holda rivojlanadi. Chunki mamlakatimizda Konstitutsiyaning ustunligi fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatining yuksakligi bilan ta’minlanadi. Huquqiy ong va madaniyat esa jamiyatning eng dastlabki jabhasi bo‘lgan mahallalarda, qolaversa, o‘zini o‘zi boshqarish organlarida fuqarolarning rivojlantirishi bilan taraqqiy etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida sof nazariy nuqtayi nazardan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining umumiy maqomi belgilab berildi.
Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkil etilish asoslari, ularning boshlang‘ich faoliyati hamda jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini birinchilardan bo‘lib o‘zida aks ettirdi. Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining huquqiy asoslari ichida eng asosiy o‘rinni egallaydi va quyidagi omillari bilan ajralib turadi: - O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishini xalq hokimiyati amalga oshuvining bir shakli sifatida tan oladi va kafolatlaydi; - O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - xalqaro huquqning umum e’tirof etgan normalariga asoslangan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rivojlanishiga normal sharoit yaratib beradi; - O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - fuqarolarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarini amalga oshirishda bevosita va bilvosita qatnashishini kafolatlaydi.
Ta’kidlash kerakki,1992-yil 12-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Farmoni bilan “Mahalla” Respublika hayriya jamg‘armasi tashkil etilgani, 1993-yil 2-sentabrda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishining o‘ziyoq mahalla institutining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligining yorqin dalilidir.
O‘z navbatida, Qonunda umumiy qoidalar, fuqarolar yig‘inini chaqirish tartibi, rais (oqsoqol) va uning maslahatchilarini saylash tartibi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy negizi, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining strukturasi va ularning faoliyatini tashkil etish, raisning vakolatlari kabi masalalar o‘zining huquqiy yechimini topgan edi. Ushbu Qonun bilan milliy davlatchilik tarixi, huquqiy an’analarimiz va qadriyatlarimizga mos keladigan, xalqimizning xohish irodasini aks ettiradigan, davlat va jamoat ishlarida aholining faol ishtirokini ta’minlaydigan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimining maxsus huquqiy kafolati yaratildi hamda mazkur sohani tubdan qayta qurishning huquqiy mezonlari belgilab berildi. 1995-yil 21-dekabrda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga ham mahalla haqida alohida modda kiritilgan bo‘lib (78-modda), unda qayd etilganidek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yuridik shaxs sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir”.
Jamiyat taraqqiyoti takomillashgan sari hamda bozor munosabatlariga o‘tish davrida, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining vujudga kelishi bilan ushbu Qonunni ma’lum normalar bilan to‘ldirish ehtiyoji sezildi. Shu boisdan 1999-yil 14-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonuni qabul qilindi. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan hujjatlar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 23-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-apreldagi “Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining rivoj lanishida muhim rol o‘ynadi.
Konstitutsiyaning 100-moddasida mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga berilgan vakolatli huquqlar: qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish; atrof-muhitni muhofaza qilish; mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish; fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash; normativ hujjatlarni qabul qilish va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, byudjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilishdir.
Viloyatlar hokimlari va Toshkent shahar hokimi Prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimlari tomonidan tayinlanadi.
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimlari tomonidan tayinlanadi va ishdan ozod qilinadi. Viloyat, tuman va shahar hokimlarining qarorlari Xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik idorasi bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga rahbarlik qiladi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga: shaharlardagi tuman, shahar va viloyat Kengashlari kiradi.
Mustaqillik yillarida hokimlik institutining tashkil qilinishi hududiy boshqaruv tizimining muvofiqlashishi va mexanizmining aniq faoliyat ko‘rsatishida muhim qadam bo‘ldi. 1993-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Qonun bu borada tegishli huquqiy hujjat vazifasini o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari va tegishli hokimlarning faoliyati O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun va Qoraqalpog‘iston Qonunlari bilan tartibga solinadigan bo‘ldi. 1994- yil 4-yanvarda Oliy Kengashning 9-sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Toshkent shahri va 12 viloyatda 1992-yil davomida Prezident tavsiyasi asosida birinchi marta hokimlar tayinlandilar. 1995- yil sentabrda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi tashkil qilindi. Ushbu akademiyada o‘tgan faoliyat yillari davomida 2000 ga yaqin rahbar va tegishli mutaxassis kadrlar o‘z malakalarini oshirdilar.
Respublika Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 30-maydagi qarorida istiqbolli boshqaruv kadrlar faoliyatini takomillashtirishda mazkur akademiyaning o‘rni va roli alohida belgilab qo‘yildi.
Jamiyatni demokratlashtirish, huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish -O‘zbekiston istiqbolda tanlagan bosh strategik yo‘l bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun an’anaviy sharq falsafasi va islom dini ta’limotlarini aks ettiruvchi hamjihatlik, totuvlik, bag‘rikenglik g‘oyalari hamda jamoatchilik fikrining ustuvorligiga tayanuvchi sharqona demokratik qadriyatlar asos qilib olindi. Shubhasiz o‘z-o‘zini boshqaruv tizimida an’anaviy mahalla institutining o‘rni va roli katta ahamiyat kasb etadi. Tarixiy jihatdan mahalla kishilarni hamjihatlikka, totuvlik, o‘zaro hayrixohlikka chaqiradigan organ bo‘lib kelgan.
O‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil qilishda 1993-yil sentabrda Oliy Kengash 12-sessiyasida qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Prezidentning 1992-yil 12-sentabrda “Mahalla” xayriya jamg‘armasini tashkil etish va 1992-yil 8-oktabrda xayriya jamg‘armasiga mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi Farmonlari mahallalarga homiylikni tashkil etishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yirik shaharlarda ko‘p qavatli uylar joylashgan kvartallarga 1992-yil boshlaridan mahalla maqomi berilib, tarixiy nomlar qo‘yildi, fuqarolar yig‘ini o‘tkazilib, mahalla oqsoqoli va mas’ul kotiblar saylandi. Sovet davrida tuzilgan qishloq va posyolka (shaharcha)larda vakillik boshqaruv organlari qishloq yoki posyolka sovetlari deb atalgan, ular mustaqil hokimiyat organi bo‘lmay, xalq deputatlari tuman yoki shahar kengashlari, ularning ijroiya qo‘mitalariga bo‘ysunar edi. Mustaqil bo‘lgach mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan ajratish tomon yo‘l tutildi. 1994-yil 12-mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari shakllantirildi, 2001-yil ularning soni 7847 tani tashkil etdi. 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va huquqi kengaytirildi.
Mustaqillik yillari mobaynida jamiyatdagi boshqaruv tizimlarini isloh qilish, davlat vazifalarini jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, ya’ni kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o‘tish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning asosiy negizini tashkil etuvchi mahalla instituti fuqarolik jamiyati institutlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Konstitutsiyaning ushbu qoidasi mahallaning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Shunday qilib, 1993-yil 2-sentabr kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun ilk marta qonunchilik darajasida mahalla faoliyatini tartibga soldi, ya’ni uning huquqiy maqomini belgilab berdi.
Fuqarolarning moddiy mustaqilligi va siyosiy-huquqiy ongi oshishiga sabab bo‘layotgan demokratik islohotlar chuqurlashib, bozor munosabatlari rivojlanib borgani sari mahalla institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati tug‘ildi. Natijada 1999-yil 14-aprel kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish huquqi bevosita mustahkamlab qo‘yildi, mahalla faoliyatining asosiy tamoyillari, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga davlat kafolati belgilab berildi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari kengaytirildi. 2004-yil 29-aprelda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi mahalla faoliyatini demokratlashtirish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Ushbu qonunda, birinchidan, fuqarolar yig‘ini organlariga saylovning demokratik tamoyillari belgilab berildi va mahalla organlariga saylov tizimi barpo etildi; ikkinchidan, saylov jarayonining barcha bosqichlari batafsil tartibga solindi; uchinchidan, qonun darajasida mustahkam huquqiy kafolat yaratildi.
Mahalla o‘z faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha ham davlat ko‘magini ola boshladi. Shunday qilib, rais, mas’ul kotib, “Mahalla posboni”, jamoatchilik tuzilmasi rahbari va fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisidan iborat to‘rt nafar mas’ul shaxs ishi, shuningdek, mahallaning qo‘shimcha xarajatlari davlat hokimiyatining mahalliy organlari byudjetidan moliyalashtirilmoqda.
Hozirgi paytda O‘zbekistonda 10 000ga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 8275 ta mahalla, 1301 ta qishloq, 154 ta shaharcha va 155 ta ovul fuqarolar yig‘inidir. Mahalla fuqarolar yig‘inlari va faollari qonunchilik belgilab bergan vakolatlardan kelib chiqib, fuqarolar yig‘inlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tuzilgan komissiyalar yordamida aholini ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb qilish, ma’naviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish, oilalarda qulay muhitni saqlab qolish, ehtiyojmand oilalar va nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatish, aholining tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqda, boshqa bir qancha tadbirlarni tashkil etmoqda. 2013-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlaridagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalar ro‘yxati quyidagilardir: • yarashtirish komissiyasi; • ma’rifat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha komissiya; • ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya; • xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya; • voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya; • tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha komissiya; • ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiya; • jamoatchilik nazorati va iste’molchilaming huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiya o‘z faoliyatini olib boradi. 2017-yil fuqarolar yig‘inlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari - mahallalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etdi. Shu yildan boshlab mahalla o‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyatida zamonaviy asnodagi o‘zgarishlar ro‘y berib, uni tom ma’noda xalq organiga aylantirish chora-tadbirlari belgilandi.
Mahalla oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, oilalarni mustahkamlash, odamlarni loqaydlik, boqimandachilik kabi illatlardan forig‘ etish, aholini tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatini barpo etishga safarbar qilishdir.
O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yarashtirish masalasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan Yarashtirish komissiyalarining vazifasi faqat nizoli oilalardan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqishdagina emas, balki nizoni keltirib chiqaruvchi sabablarni atroflicha o‘rganib, oilalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan ham iborat hisoblanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasida xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish zaruriyatiga e’tibor qaratish lozim, deb belgilangan. G‘arb mamlakatlarining ayrim siyosatchilari ham O‘zbekistondagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining o‘ziga xosligini yuqori baholashgan. Jumladan, nemis siyosatchisi Artur Faynberg: “Mahalla - inson huquqlarini hurmat qilgani holda yoshlarni tarbiyalashga, uning kamol topishiga ko‘mak beruvchi jamiyat instrumenti”, deb baho bergan. Shu bilan birga individualizm singib ketgan G‘arb mutaxassislari uchun bu tizimning tub mohiyatini tushunish mushkulligini ham ob’yektiv tavsiflab berishgan.
O‘zbekistonda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va milliy taraqqiyot talablaridan kelib chiqib mahalla faoliyatiga oid qonun hujjatlari muntazam ravishda takomillashtirib borilyapti. Xususan, 2013-yil 22-aprelda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5338-son farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla va oila institutlarida bir qancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Xotin-qizlar qo‘mitalar, Respublika Mahalla kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tugatildi. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Mahallalarga yuklatilgan 46 turdagi va Profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar qisqartirildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Jamoatchilik tuzilmalari maqbullashtirildi, ayrimlari tugatildi. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiya tashkil etildi. 2020-yil 1-apreldan boshlab FHDYo organlari Adliya vazirlgi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. 22-mart “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e’lon qilindi. Endilikda mahalla raisining saylanish muddati 5 yil qilib belgilandi.
Mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini profilaktika katta inspektori bajarib u ham 5 yilga muddatga tayinlanadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vazir uning birinchi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 3 ta o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” kengashi raisi o‘rinbosari va huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi ta’sis etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi bilan keng aholining qo‘llab-quvvatlashiga asoslanib, 2021-yil kuzidan boshlab mamlakatdagi mahalliy boshqaruv tizimida yangi institut “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi.
Albatta, bundan markazlashtirilgan boshqaruvdan asta-sekin voz kechib, mahallalarda ishlash va shu yerdagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish imkoniyatini yaratish maqsadi ko‘zlanadi.
O‘zbekiston Respublika Prezdentining 2021-yil 3-dekabr kuni qabul qilingan “Mahallada tadbirkorllikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilganidek: - hokim yordamchisi lavozimiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi; - hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi; - nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, tajribasi kabilarni inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkinligi qayd qilingan.
Demak, bu tuzilma tajriba tariqasida qo‘llanilmoqda. Uning natijasidan esa tizim yanada takomillashib boradi.