O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
5. O‘zbekistonda nodavlat-notijorat tashkilotlar va ularning siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki. Ijtimoiy-sherikchilik. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ijtimoiy taraqqiyotda nodavlat sektorining ahamiyatini yaqqol ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda eng chekka hududda yashayotgan fuqaro bilan mamlakat rahbari o‘rtasida aloqani ta’minlashda aynan nodavlat sektori eng samarali mexanizm sifatida namoyon bo‘layotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga ko‘ra, davlat jamoat birlashmalarining manfaatlarini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Bu borada nodavlat-notijorat tashkilotlarining demokratik jarayonlardagi ishtirokini huquqiy ta’minlash, ularga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning g‘oyat muhim sharti hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2010-yil 12-noyabrdagi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida ilgari surgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oid konsepsiyada boshqa sohalar qatori fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri ekanini alohida ta’kidladi. Chunonchi unda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Bu qonun, eng avvalo, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar sohalarda davlat idoralari bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi. Ya’ni jamiyat hayotining turli yo‘nalishlarida istiqbolli dasturlar, loyihalarni amalga oshirishda nodavlat-notijorat tashkilotlarining ishtirok etishlari uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, mazkur qonun hududlarni har tomonlama rivojlantirish, turli ijtimoiy masalalar yechimini nodavlat tashkilotlar hamkorligida hal etishga sharoit yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 28-moddasida ish beruvchilarning jamoat birlashmalari ixtiyoriy jamoat tashkilotlari sifatida tuziladi va ish olib boradi, ularning maqsadi iqtisodiyotni va tadbirkorlik tashabbusini rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, kasaba uyushmalari, xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan o‘zaro munosabatlarda korxonalar va ular mulkdorlarining manfaatlarini ifoda etish yo‘li bilan ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish, xo‘jalik va mehnatga oid munosabatlar sohasida ularning huquqlarini himoya qilishdan iboratdir, deb ko‘rsatilgan. Ushbu kodeksning 52-moddasida esa jamoa kelishuvlarida ijtimoiy sheriklik hamda uch taraflama hamkorlikni rivojlantirish, jamoa shartnomalarini tuzishga ko‘maklashish, mehnat nizolarining oldini olish, mehnat intizomini mustahkamlash to‘g‘risidagi qoidalar nazarda tutilishi mumkin, deyilgan.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun uning asosiy institutlaridan biri -jamiyatdagi ijtimoiy sheriklikni shakllantirish zarur. Hozirgi fuqarolik jamiyatiga transformatsiyasi jarayonini o‘z boshidan kechirayotgan O‘zbekistonda 2014-yil 25-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan edi.
O‘zbekistonda birinchi marta 2019-yilga kelib ijtimoiy sheriklikka doir asosiy prinsiplar va qoidalar Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida” yangi tahrirda qabul qilingan qonunda o‘z ifodasini topdi. Unda xalqaro me’yoriy hujjatlar, rivojlangan mamlakatlar tajribasi, BMTning XMT konvensiyalariga muvofiq tarzda ifodalandi. Albatta, bu holat O‘zbekistonda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini fuqarolik jamiyati talablari asosida rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanganligini bildiradi. Va nihoyat, “ijtimoiy sheriklik” tushunchasining mohiyati kasaba uyushmalari timsolida xodimlar, ish beruvchilar (ish beruvchilarning vakillari), davlat boshqaruv organlarining xodimlar, ish beruvchilar va davlatning ijtimoiy-mehnat masalalaridagi o‘zaro sherikligi sifatida e’tirof etildi.
Mazkur qonunning “Kasaba uyushmalarining asosiy huquqlari” 5-bobining 28, 30-32-moddalari xalqaro me’yoriy hujjatlar, XMT konvensiyalari talablari, rivojlangan davlatlar tajribalari asosida kasaba uyushmalarining ijtimoiy sheriklik va tomonlarning konsensusga erishishi jarayonlarini muvofiqlashtiradi. Jumladan, 28-moddada kasaba uyushmalarining asosiy huquqlari quyidagicha belgilangan: ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda ishtirok etish; mehnat va ijtimoiy rivojlanish sohasida qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va h.k.; xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish; jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa shartnomalari va jamoa kelishuvlarini tuzish hamda ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish; bandlikni ta’minlashga ko‘maklashish; xodimlarni ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilgan choralarni ko‘rish; mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha axborotlar olish; mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish; mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; mehnat nizolarini ko‘rib chiqishda xodimlar manfaatlarini himoya qilish; mehnat va ijtimoiy rivojlanish sohasida xalqaro shartnomalarni tuzishda ishtirok etish.
Kasaba uyushmalari, kasaba uyushmalari birlashmalari va ularning organlari jamoa muzokaralari olib borish, manfaatlari ifoda etilayotgan xodimlar nomidan jamoa shartnomalar va jamoa kelishuvlari tuzish huquqiga ega.
Umuman olganda, O‘zbekistonda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini rivojlantirish, xususan, ijtimoiy sheriklikni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va jamiyatda barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin egallashini e’tiborga olib, davlatimiz va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan keyingi ikki yil ichida bu sohada chuqur islohotlar amalga oshirildi.