O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
7. O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. Inson haq-huquqlarini ta’minlash va himoya qilish.
Istiqlol yillarida insonning ishonchli konstitutsion va yuridik huquqlarini, ijtimoiy kafolatlarni va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan qonunlarning qabul qilinishiga asosiy e’tibor qaratildi. Shuningdek, sud tizimi mustaqil va boshqa tarmoqlarga bog‘liq bo‘lmagan hokimiyat sifatida shakllantirildi. Sud hokimiyatining yangi tuzilmalari vujudga keldi. Sudning huquq doirasi kengaydi.
Jumladan, 1994-yili Jinoyat kodeksi qabul qilinganida 13 ta moddada jazo chorasi sifatida o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan edi. 1998-yili bu jazo turi jinoyat kodeksining 5 ta moddasidan olib tashlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2005-yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, 2008-yil 1-yanvaridan mamlakatimizda jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilindi va uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosining joriy etilishi butun dunyoda katta aks-sado berdi. Bu boradagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida e’lon qilingan insonparvarlik va odillik tamoyillarini izchil ifoda etib, jahon tendensiyalariga to‘la mos keladi. Sud-huquq sohasidagi islohotlar xususida so‘z yuritganda, O‘zbekistonda o‘tgan qisqa davr mobaynida yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi muvaffaqiyatli hal etilganiga to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Sudlar ixtisoslashtirilib, aniqroq aytganda, fuqarolik, jinoiy va xo‘jalik ishlari bo‘yicha alohida sudlar tashkil etilib, sudlar sud qarorlarini ijro etish kabi o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilindi.
Sudyalarning mustaqilligi va huquqiy kafolatlari tizimining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yildi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda “sudyalarning mustaqilligi” tushunchasi mustahkamlandi va yangi huquqiy kategoriya - “sud hokimiyatining mustaqilligi” joriy etildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 106-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilib, uni amalga oshirishning aniq protsessual-huquqiy mexanizmi yaratildi. Bu fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim kafolatiga aylandi. Yana bir yangilik bu - Yarashtiruv institutining joriy etilishi jinoyat protsessi qonunchiligini takomillashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Xo‘sh, bu yerda gap nima haqda bormoqda? Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxs, agar muqaddam sudlanmagan bo‘lsa, o‘z aybini bo‘yniga olsa, jinoyat oqibatida keltirgan zararni to‘lasa, jabrlanuvchi bilan yarashsa, sud ishni harakatdan to‘xtatadi. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi haqida so‘z yuritilar ekan, ushbu materialda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2010-yil 12-noyabrda parlament palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surgani ta’kidlanadi. Konsepsiyada belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatini kuchaytirish imkonini beradi. Umuman olganda, sud-huquq islohotlari barcha istiqbolli yo‘nalishlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat jamiyat va davlat tuzilmasini demokratlashtirish va liberallashtirishning natijasi, balki uning kafolati sifatida xizmat qilib, amalda mamlakatning “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida olg‘a harakatlanishini ta’minlaydi. Axborot materialida qayd etilishicha, O‘zbekistonda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadlari sud-huquq tizimining mohiyatini o‘zgartirish, uni inson huquqlarini samarali ta’minlashning asosiy kafolatiga aylantirish hamda sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlash hisoblanadi. Ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishi sifatini yaxshilash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, ularning jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha ixtisoslashuvi mustahkamlandi, ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish tartibi joriy qilindi. 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran “Xabeas korpus” institutining joriy qilinishi, ya’ni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi natijasida sudlarning fuqarolar huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish, ish yuzasidan ayblov xulosasini o‘qib eshittirishni sudlar vakolatidan chiqarilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga kiritilib, bu sudlarning xolisligini, betarafligini ta’minlash, jinoyat protsessida tortishuv prinsipining kuchayishiga xizmat qildi. Mustaqillik yillarida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda quyidagilarga erishildi: og‘ir jinoyatlar tasnifi kamaytirilib, og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi; sodir etilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar joriy etildi; iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha qamoq va ozodlikdan mahrum etish jazolari o‘rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo‘llash imkoniyati ancha kengaytirildi. 2013-yili ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar soni 2000-yil bilan solishtirganda, ikki marotabadan ziyodga kamaydi. Xususan, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng 412 milliard so‘mlik zararni qoplagan 26000 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llandi. Mamlakatda yarashuv instituti joriy etilganidan buyon 138 ming 527 ta ish bo‘yicha 150 ming 346 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llanildi. Bugun O‘zbekistonda 60 turdagi jinoyatlar bo‘yicha yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati mavjud. Amnistiya aktini qo‘llash sudlar vakolatiga berilgan. Mustaqillikning ilk yillaridanoq respublikada amnistiya aktining e’lon qilish tartibi joriy qilingan. Har yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80 va 93-moddalariga binoan, amnistiya haqida akt qabul qilinib, uning asnosida jazodan ozod qilish, mahkumlarning ozodlikka chiqishi va ularning o‘z oilalari bag‘riga qaytishi bilan bir qatorda, amnistiya qilinganlarning salomatligini mustahkamlash, ularning turmush shart-sharoitlarini yaxshilashga va ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish yuzasidan ham ishlar amalga oshiriladi. 2008-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilinishi jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari oliy jazo - umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazo turi faqatgina ikki turdagi jinoyatlar - terrorizm va javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish uchun tayinlanadiki, ushbu holatlar bo‘yicha muqobil, uncha og‘ir bo‘lmagan jazo turlari ham qo‘llanilishi mumkin.
Insonning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini har tomonlama ta’minlashga yo‘naltirilgan sud-huquq islohotlarining hayotga tatbiq etilishida advokatura institutini mustahkamlash muhim ustuvorlik hisoblanadi. Ushbu institutni yanada takomillashtirish maqsadida 2008-yil 1-may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim dasturulamal bo‘ldi. Ushbu Farmon fuqarolarning tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlashga qaratilgan konstitutsiyaviy me’yorni amalga oshirish, advokatura instituti mustaqilligini ta’minlash, uni malakali kadrlar bilan to‘ldirish, advokatlik kasbining nufuzini oshirish hamda insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tuzildi, 2008-yil 31-dekabrda “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, 2009-yil sentabrida kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 52-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan, sudda ish yuritish bo‘yicha vakil sifatida professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishi haqidagi muhim me’yor mustahkamlab qo‘yildi. O‘rnatilgan bunday tartib sud ishida yurisprudensiya sohasidagi maxsus bilimlardan bexabar shaxslarning ishtirokiga yo‘l qo‘ymaslik va fuqarolarga ko‘rsatiladigan huquqiy yordam sifatini oshirishga yo‘naltirilgan.
Sud qarorlarining qat’iy bajarilishi odil sudlov faoliyatining muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari doirasida sud qarorlarining majburiy ijro etilishi samaradorligini oshirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijro etilishi sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, sud qarorlari ijro etilmasligi va ularning bajarilishiga to‘sqinlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
2016-yil oxirlaridan boshlab, sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, ya’ni sohani yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, faoliyati samaradorligini yuksaltirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda qonuniylikni mustahkamlash, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini yuzaga keltirish, jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, yuksak axloqiy-irodaviy, kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish, qolaversa, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash mexanizmini davrimizning yuksak talablari darajasida tashkil etishga, tizim xodimlariga, sudyalarga alohida mehnat sharoitlari yaratish, lavozim maoshlariga ustamalar hamda malaka-mansab darajasi uchun qo‘shimcha haq miqdorlarini berishga qaratilgan uchta Farmon chiqarildi. Boshqacha aytganda, sud-huquq tizimidagi islohotlar davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sud hokimiyati mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmay amal qilinishi kerakligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rish, sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari hamda aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qo‘llashga e’tibor qaratilishi alohida ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligining sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullandi.
Ushbu Farmonga muvofiq, 2017-yil 1-apreldan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi. Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirildi. Qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuninglek, dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi. Sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi berildi.
Tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘ shimcha tergov yuritishga qaytarish bekor qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilindi. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturni amalga oshirish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligiga sud-huquq tizimidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni chuqur o‘rganish vazifasi topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, sud hokimiyatining ikki oliy organi - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining mavjudligi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanishiga, yagona sud amaliyoti ta’minlanmasligiga olib kelganligi uchun birlashtirildi.
Bundan tashqari sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadigan, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan yaxshilash hamda yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishga mas’ul bo‘lgan organ - O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimiga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, uning 21 nafar bo‘shagan ijro apparati shtat birligi kengashga o‘tkazildi. Kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan tasdiqlanadigan kengash raisi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi sudyalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, shuningdek, huquq sohasidagi malakali mutaxassislar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadigan 20 nafar a’zodan iborat bo‘ldi. Kengashning 13 nafar a’zosi doimiy, 8 nafar a’zosi esa jamoatchilik asosida o‘z faoliyatlarini amalga oshirmoqda. Sudyalar oliy kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sud sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislaridan tashqari barcha sudyalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda lavozimlariga tayinlash va lavozimlaridan ozod etish bo‘yicha vakolatlar berildi. Sudyalarni kasbiy jihatdan tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish, ularning faoliyati samaradorligini baholash, shuningdek, sudyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish ham Sudyalar oliy kengashi zimmasiga yuklatildi.
Ilk marotaba davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tashkil etildi. Davr talablardan kelib chiqib, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar etib o‘zgartirildi. Bunda mamlakatning iqtisodiy salohiyati va tadbirkorlik sub’yektlarining ortib borishini hisobga olgan holda tumanlararo tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining sud organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish hamda odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish borasidagi takliflari qabul qilindi. Sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi hamda shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzish haqidagi takliflari qabul qilinib, bu borada komissiyalar tuzildi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga Oliy sud va uning huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamentining yuqori malakali, tashabbuskor, xizmat majburiyatlarini, vazifalarini halol va samarali bajarayotgan sudyalariga, xodimlariga Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda oylik mehnatga haq to‘lash fondining 100 foizigacha miqdorda ustama (pul ta’minoti) to‘lash huquqi berildi.
Shuningdek, ushbu Farmonda malaka va mansab darajasiga ega bo‘lgan sudyalarga, ularga tenglashtirilgan shaxslarga avtomobillar sotib olish uchun, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar apparatlari, Oliy sud huzuridagi sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga esa uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berishni nazarda tutuvchi takliflar bildirildi. Ayni paytda bu borada ijobiy ishlar qilinayotganligi ahamiyatlidir.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik o‘zgarishlarning muhim vositasi bo‘lgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi, sud-huquq tizimini isloh qilish hamda takomillashtirish davrimizning yuksak talablaridan biri ekanligi yig‘ilishda alohida ta’kidlab o‘tildi.
Asosiy maqsadimiz, fuqarolarning huquq va erkinliklarini munosib tarzda himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat’iy mustahkamlash, sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishdan iborat ekanligini Prezident Sh.M.Mirziyoyev o‘z chiqishlarida ko‘p marotaba qayd etib o‘tmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki Farmonga, asosan, quyidagilar jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilandi: birinchidan, aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmuni va mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish - demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash; ikkinchidan, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, ta’lim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga alohida e’tibor qaratish, maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyalarini keng targ‘ib qilish; uchinchidan, yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish; to‘rtinchidan, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish va boshqalar.