1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja


O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlikni ta’minlash borasidagi davlat siyosati



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə52/72
tarix07.01.2024
ölçüsü1,35 Mb.
#202287
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   72
O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil

5. O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlikni ta’minlash borasidagi davlat siyosati. 1990-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Musulmonlarning Saudiya Arabistoniga haj qilishi to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.1992-yil Prezident farmoni bilan Ramazon va Qurbon hayit kunlari umumxalq bayrami, deb e’lon qilindi. Natijada uzoq yillar ma'n etilgan ikki ulug‘ bayram Iydi-Ramazon va Iydi-Qurbon kunlarini O‘zbekiston xalqi katta shodiyona bilan nishonlamoqda. O‘zbekiston hukumatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan 1991-yilda haj qilish baxtiga 350 kishi sazovar bo‘lgan bo‘lsa, 2009-yilning o‘zida haj ziyoratini amalga oshirganlar soni 9000 tadan oshdi. Jami mustaqillik yillari haj ibodatini ado etishga muvaffaq bo‘lganlarning soni 100 mingdan oshiq ziyoratchilarni tashkil qildi. Shu o‘rinda aytish mumkinki, sovet davrida haj amallarini yiliga 3-4 kishigina amalga oshira olganlar. 1999-yil Toshkentda Mirkaziy Osiyodagi birinchi Islom Universiteti ochildi. Mamlakatimizda 10 ta diniy ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent islom instituti, 9 ta o‘rta maxsus o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ikkitasi xotin-qizlar o‘quv muassasasidir.
Vijdon erkinligi diniy bag‘rikenglikning shakllaridan biri bo‘lib, dinga e’tiqod qilish va qilmaslik huquqini anglatadi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “Vijdon erkinligi, diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘z aksini topdi.
Mustaqillik yillarida minglab masjidlar qurildi va ta’mirlandi hamda cherkov, sinagog va boshqa ibodatxonalar o‘z faoliyatini jonlantirdi. Taqqoslash uchun ko‘rishimiz mumkinki, O‘zbekiston SSRda 89 masjid, 2 ta madrasa mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2012-yilda 2035 ta masjid 70 ta madrasa, Islom universiteti, Islom instituti 16 ta diniy konfessiyaga mansub ikki mingdan ortiq diniy tashkilotlar faoliyat yuritdi.
Respublikada 170 ta xristian tashkiloti, 8 ta yaxudiy jamoasi, 6 ta baxay jamoasi, 1 ta buddaviylik ibodatxonasi va 1ta kristianlar jamoasi qayd etilgan.
Yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik muhiti tufayli mamlakatimizda 2 ming 200 dan ortiq turli diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
Zero, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, fuqarolar qaysi din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, ularning teng huquqliligini ta’minlash masalasi har doim hukumatning eng muhim vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Bugungi O‘zbekiston jamiyatida diniy bag‘rikenglikning noyob tajribasi to‘planganligi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. Din inson ruhini poklashi, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashi, milliy qadriyat va an’analarni asrashga xizmat qilishi bilan jamiyat hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. O‘zbek yurti azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan makondir. O‘zga din vakillari bilan hamjihatlikda, o‘zaro ishonch, yaqinlik asosida istiqomat qilish, vijdon erkinligiga qaramay O‘zbekistondagi davlat siyosati, qolaversa, dunyo hamjamiyatining oldidagi muhim maqsadlardan biridir.
O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari, diniy mansubligi turlicha xalqlarning asrlar davomida o‘zaro tinchlik va xotirjamlikda yashab kelishlarining asrlar davomida tajribasi mavjud. Uzoq yuz yillar davomida musulmonlar, xristianlar, iuedallar va boshqa diniy qatlamlar tolerant yashashning o‘ziga xos ijobiy jihatlarini o‘zlarida jamlaganlar.
Bu borada 1995-yili rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘rta Osiyo yeparxiyasi tashkil etilganligining 125 yillik yubileyi, O‘zbekistan yevangel-lyuteran jamoasi tashkil etilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Bir osmon ostida” shiori bilan musulmon va xristian dinlari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqot katta ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, 2000-yilning sentabr oyida Toshkentda YuNESKO rahnamoligida “Jahon dinlari tinchlik madaniyati yo‘lida” mavzuida dinlararo muloqot, xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Fransiya, Rossiya, Eron, Isroil, Hindiston, Xitoy, Vatikan kabi o‘ttizga yaqin mamlakat hamda bir qator xalqaro diniy muassasalar vakillari qatnashdilar. Anjumanni o‘tkazish uchun aynan O‘zbekiston tanlangani bejiz emas. Zero, bu o‘lkadan dunyoga dong‘i ketgan buyuk allomalar, islom olamida katta hurmatga ega bo‘lgan buyuk zotlar yetishib chiqqan.
Diniy qadriyatlarga bo‘lgan munosabat yangilanayotgan O‘zbekistonda tubdan o‘zgardi. Diniy qadriyatlardan xavfsirash emas, undan ilmu ma’rifat yo‘lida, yosh avlodlning tarbiyasi yo‘lida foydalanish o‘z natijalarini bera boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev diniy qadriyatlarga o‘ziga xos yondashuv, ya’ni xalqimiz kelajagi va yoshlarimiz tarbiyasidagi beqiyos o‘rnini teran anglash lozimligini doimo uqtirib kelmoqda. Jumladan, prezidentimizning ta’kidlashicha, “Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom haqiqatni anglash demakdir, u odamzodni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi. Shu nuqtayi nazardan buyuk ajdodlarimiz bo‘lgan islom olamining mutafakkirlari asarlarini, ularning butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, teran anglash va keng ommalashtirish alohida ahamiyatga egadir. Bu masala yoshlarda ilm-fanga va ta’lim olishga intilish tuyg‘usini kuchaytirish, barcha jamiyatlarda islom qadriyatlari va madaniyatini to‘g‘ri anglash hamda qabul qilish, dunyoning barcha xalqlariga islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun muhimdir. Shuningdek, bugungi kunda xalqaro miqyosda konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, tinchlik va totuvlikka erishishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishi boshlandi. Bundan maqsad -islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini, ma’rifiy islomni bolalarimiz ongiga singdirish uqtirib o‘tildi. Shu yo‘lda bizning buyuk ajdodlarimiz qanday ulug‘ ishlarni amalga oshirganliklari haqida ular ana shu maskanlarga kelib o‘zlari uchun kerakli, eng muhim bo‘lgan bilim va tasavvurlarga ega bo‘ladi. Eng asosiysi ularning qalbida boy tariximiz, madaniy merosimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi kamol topadi. Imom Termiziy nomlaridagi ilmiy tadqiqot markazlari, islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari jadallashtirildi. Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi natijasida “Jaholatga qarshi - ma’rifat” shiori ostida kurash olib borishga imkoniyat yaratildi. Demak, Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturudiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada -Marg‘iloniy markazida Islom huquqi maktabi, Buxoroda - Bahouddin Naqshband markazida Tasavvuf, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy markazida Aqida ilmi maktablari tashkil etildi. Eng diqqatga sazovor yutuqlardan biri xofizi Qur’onlar o‘rtasida respublika tanlovining o‘tkazilishi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi aholisi ko‘p millatli davlatlar qatoriga kiradi. Hozirgi kunda mamlakatda 136 ta millat va elatlarning vakillari istiqomat qiladi, ularning umumiy manfaatlari bilan birga o‘z qadriyatlari ham bor. O‘zbekiston kabi ko‘p millatli mamlakatda turli millatlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ular orasida totuvlikni ta’minlash taraqqiyotning hal qiluvchi omillaridan biri hisoblanadi.
Millatlararo totuvlik g‘oyasi sayyoramizda yashayotgan 1600 dan ziyod etnik guruhlarning teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va hamkorlik asosida tinch-totuv yashash g‘oyasidir. Millatlararo totuvlik g‘oyasi millatparvarlik g‘oyasidir. U barcha millat va elatlarning tili, urf-odati, an’analari, bayramlari rivojlanishini talab etadi.
O‘zbekistonda millatlararo totuvlik g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga singdirilgan. Jumladan, bosh qomusimizda “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, degan muhim qoida belgilanb qo‘yilgan (8-modda).
Bugun kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahakamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tarkibida 100 dan ziyod milliy-madaniy markazlar (Chingiz Aytmatov iborasi bilan aytganda, kichik BMTlar) millatlararo totuvlik g‘oyasini hayotga tatbiq etmoqda.
Eng asosiysi - bag‘rikenglikning muhim omillaridan biri bo‘lgan millatlararo va dinlararo totuvlik to‘la ta’minlandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining “Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida” asarida ushbu masalalarga quyidagicha to‘xtalgan edi: “Og‘ir sinov yillarida, urushlar va Stalin qatag‘onlari davrida O‘zbekiston hududiga kelib qolgan ayrim kishilar, oilalar hatto butun-butun xalqlarni ham qurshab olgan iliq munosabat, samimiyat va g‘amxo‘rlik, o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, insoniy mehribonlik va o‘zgalar qayg‘usiga sherik bo‘lish ochiq ko‘ngillilik va mehmondo‘stlikning yorqin namoyishi bo‘ldi. O‘zbeklar qiyinchilik yillarida o‘zlari yemay, bolalariga yedirib-ichirmay, mutlaqo begona, ammo yordamga muhtoj odamlar bilan topganlarini baham ko‘rdilar. O‘sha og‘ir yillarda turli millatlarga mansub bir emas, o‘nlab yetim bolalar shundoq ham ko‘p bolali o‘zbek oilalarida yangi ota-ona orttirdilar, ota va ona mehriga qondilar. Butun bir xalq ana shunday yuksak olijanoblik va ma’naviy fazilatlarni namoyish etganligi haqidagi misollar tarixda kam topiladi. O‘zbekiston o‘z tarixida ana shunday sahifalar bo‘lganligi va hozir ham borligi bilan faxrlanadi. Xalqimiz va davlatimizning tarixiy xotirasida antisemitizm, irqchilik va o‘zga millatga, o‘zga xalqqa mensimasdan, hurmatsizlarcha munosabatning boshqacha shakllari namoyon bo‘lgan sharmandali sahifalar yo‘qligi bilan faxrlanadi”.
O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatda yashovchi turli millat va elatlarning milliy an’analari, o‘z tillari, urf-odatlari saqlanib qolishi uchun keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Masalan, “Yagona oilada” (“В единой семье”) jurnali nashr etilmoqda. Ruslarning “Maslennitsa”, tatar boshqirdlarining “Sabanto‘y”, uyg‘urlarning “Sayil” bayramlari, xitoylarning “Chunuze” yangi yili, koreyslarning “Soller” va “Ovol - tano” bayramlari nishonlanmoqda. Har yili respublikamiz miqyosida “Biz yagona oila farzandlarimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostidagi festivallar o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda yetti tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qirg‘iz va qozoq tillarida ta’lim olib borilmoqda. Gazetalar sakkiz tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qozoq, ingliz, koreys tillarida) nashr etilmoqda. Radio eshittirishlar o‘n bitta tilda olib borilyapti.
Bugungi kunda mamlakatimizda turli e’tiqodga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitining o‘rnatilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘tgan yillar mobaynida bu yo‘nalishda muayyan natijalarga erishildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi Farmonning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etadi. Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashga alohida urg‘u berilgan.
Shunday qilib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz ichki siyosatining bosh bo‘g‘inlaridan biri ma’naviy tiklanish bo‘ldi. Yangilanayotgan O‘zbekistonda bu omil ma’naviy tiklanishdan ma’naviy yuksalish tomon rivojlandi. Aynan ma’naviy taraqqiyotga kelajakda tinchlik, farovonlik, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin olishdagi muhim tayanch deb qaralishi jamiyat hayotida barqaror bo‘lib bormoqda.
O‘zbekistonda jamiyatda kechayotgan yangilanishlarning yana bir katta sohasi bu tarixiy shaxslar, tarixiy qadriyatlar va milliy san’at, qadriyatlarni aslicha saqlash borasidagi tadbirlardir. O‘z tarixini chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarni ijtimoiy hayotning muhim jihatlaridan biriga aylantirish O‘zbekiston davlat siyosatining ilg‘or qismiga aylandi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin