1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja


O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lishi hamda jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzining ortib borishi



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə60/72
tarix07.01.2024
ölçüsü1,35 Mb.
#202287
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   72
O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil

2. O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lishi hamda jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzining ortib borishi. 1992-yil 2-martda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to-la huquqli sub’yekti sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lib dunyo miqyosida tan olindi. Bu voqea Respublikaning mustaqil davlat sifatida xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin olishida ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1993-yil fevral oyiga kelib Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. Xolid Malik BMTning O‘zbekistondagi vakili etib tayinlandi.
O‘zbekiston BMTning to‘laqonli a’zosi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yig‘ilishlarida ishtirok etishi bilan o‘zining xalqaro hamjamiyatga kirish jarayonini davom ettirdi. O‘zbekiston rahbariyatining dunyodagi global muammolarga jahon miqyosida e’tiborini qaratishi O‘zbekistonning tashqi siyosatda tutgan aniq o‘rnini belgilab berdi. Chunonchi, 1993-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasidagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning ilgari surgan birinchi xalqaro tashabbusi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi adolatparvar siyosatidan darak berdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 1995-yil BMTning ellik yilligi munosabati bilan Bosh Assambleyaning maxsus tantanali yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ham asosiy e’tiborni bu tashkilotning faoliyatini yanada kengaytirish bilan bir qatorda yana mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, ekstremizm, terrorizm, narkobiznesga qarshi kurash masalalariga qaratdi. Prezident muayyan “olovli nuqtalar” deb atalayotgan mintaqalarda birgalashib harakat qilib, tinchlik va barqarorlikka erishish lozimligi haqidagi aniq takliflarni kiritdi va O‘zbekiston “ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslikni ta’minlash bo‘yicha kerakli xalqaro kafolatlarni qabul qilishni, yadro sinovlarini butunlay to‘xtatish haqidagi shartnomaning tezda tuzilishi tarafdori” ekanligini ham ko‘rsatib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq bo‘lgan global muammo ham ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov “Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik fojia, butun yer yuzini qamrab oladigan biosfera, o‘nlab million kishilarning hayot sharoitlari, salomatligi, nasliga halokatli ta’sir ko‘rsatuvchi global muammo” ekanligini ko‘rsatib, bugungi kunda BMTning tashkilotchilik faoliyatisiz bu muammoni hal etish mumkin emasligini ham asoslab berdi. 1995-yil 16-sentabrda Toshkentda BMTning Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-kengashi ish boshladi.
Dunyoning ko‘p davlatlari ishtirok etgan bu seminarda O‘zbekiston rahbarining so‘zlagan nutqi bosh hujjat sifatida qabul qilindi.
Xalqaro munosabatlar ravnaqi mamlakatimizda xavfsizlik va barqarorlikning, aholi turmush darajasini yuksaltirishning o‘ziga xos kafolati ekanligi hech kimga sir emas. Shu bois ham O‘zbekiston rahbariyatining tashqi siyosatda mintaqaviy barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ilgari surgan tashabbuslari ko‘pgina davlatlar va BMT tomonidan doimo tasdiqlanib kelindi.
BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitidagi yig‘ilishlarda O‘zbekiston prezidentining kiritgan aniq tashabbuslari, mintaqa xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan taklifi, BMT boshchiligidagi “6+2” guruhining tuzilishiga asos bo‘lgan edi (O‘zbekiston, XXR, Rossiya, Eron, Pokiston, Tojikiston, kuzatuvchi sifatida BMT, Birlashgan front va “Tolibon” harakati). Ushbu guruhning 1999-yil iyul oyida Toshkentda o‘tkazgan uchrashuvi muhim xalqaro voqea bo‘ldiki, bu uchrashuv mintaqaning o‘zida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning yakuni sifatida 19-iyul kuni “Afg‘onistondagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishning asosiy prinsiplari to‘g‘risidagi” tarixiy hujjat imzolandi. Ushbu hujjat BMTning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. 2017- yilda Shavkat Mirziyoyevning ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi.
Mazkur nutq O‘zbekistondagi islohotlar, demokratiya, inson huquqlari, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya va umuman, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish masalalarini qamrab oldi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang bo‘ldi.
Shuningdek, Prezident o‘z nutqida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, Orol fojiasi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ma’rifat, diniy bag‘rikenglik masalalariga alohida to‘xtaldi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” tamoyilini xalqaro tashkilot tomonidan qabul qilinishi to‘g‘risidagi taklif davlat rahbarlari va delegatsiyalari o‘rtasida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ushbu tamoyil 50 dan ziyod davlatning qo‘llab-quvvatlashi natijasida 2018-yil 12-dekabr kuni BMT tomonidan qabul qilindi. BMT Bosh kotibi A.Guterrish bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 10-iyunda Samarqand shahridagi uchrashuvi va keyingi bir qator uchrashuvlar xalqaro nufuzli tashkilotning O‘zbekistonning jahonda tinchlik va barqarorlik, hamjihatlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdagi sa’y-harakatiga berilgan yuqori bahosidan darak beradi.
BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ko‘tarilgan masalalarning yechimini topish amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanib, bu jarayon 2017-yil 4-6-dekabr kunlari Afg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi doirasida o‘z aksini topdi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarga oid qator hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish yo‘lida e’tiborga molik tashabbuslar bilan chiqdi. Xususan, Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilning 26-27-mart kunlari “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda 20 dan ortiq davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etdi. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar tashlandi. Bu loyihaning ro‘yobga chiqarilishi butun mintaqada barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga beqiyos xizmat qiladi. 2018- yil 12-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining maxsus “Ma’rifiy va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Uning asosiy maqsadi barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berish hamda jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan. 2021-yil avgust oylarida O‘zbekistonning janubdagi qo‘shni davlati Afg‘onistonda siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ushbu jarayonda O‘zbekiston hukumati tomonlarni murosa qilishga va afg‘on xalqining umummanfaatlaridan kelib chiqib, siyosiy muloqot orqali ish ko‘rishga chaqirdi. O‘z navbatida, xalqaro tashkilot va dunyo hamjamiyatini afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirib, aholiga ijtimoiy ko‘mak ko ‘rsatishga oid bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuni alohida ko‘rsatib o‘tish kerakki, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan puxta tashqi siyosatida jahon hamjamiyatiga qo‘shilish, xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalar o‘rnatish masalalari dolzarb vazifalar qatoriga kirdi. Shu bois O‘zbekiston jahon iqtisodiyotida integratsiyalashish yo‘lidan borib, Jahon banki, Xalqaro Valyuta fondi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashuv tashkiloti va boshqa moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo‘lib kirdi va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib oldi. Shu bilan birga O‘zbekiston BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar - Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro Mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, BMTning bolalar fondi, Xalqaro pochta ittifoqi, Elektr aloqasi bo‘yicha xalqaro ittifoq, Jahon meteorologiya tashkiloti, Xalqaro olimpiada qo‘mitasi, Xalqaro avtomobilchilar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni tiklab oldi. Ularning vakolatxonalari Respublikamizda ochildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. BMTning ta’lim, ilm-fan va madaniyat masalalariga ixtisoslashgan YuNESKO tashkiloti bilan ham Respublikamiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston 1993-yil YuNESKOga a’zo bo‘lgan edi. 1994-yilga kelib esa O‘zbekiston Respublikasining YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tashkil etildi va bu ham o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. 1996-yilga kelib Toshkentda YuNESKOning vakolatxonasi ochildi. Shu o‘tgan vaqtdan beri O‘zbekiston va YuNESKO tashkiloti o‘rtasidagi aloqalar yildan-yilga kengayib bordi. 1996-yil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ham YuNESKO qarorgohiga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu tashrif chog‘ida I.A.Karimov YuNESKO Ijroiya kengashining 149-sessiyasida nutq so‘zladi. YuNESKOning Bosh direktori va Fransiya Prezidenti ishtirokida YuNESKO qarorgohida “Temuriylar davrida fan, madaniyat va ma’rifatning gullab-yashnashi” ko‘rgazmasini ochdi.
O‘zbekiston bilan YuNESKOning o‘zaro hamkorligining kengayshi natijasida YuNESKO ishtirokida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ochildi, 2000-yil 28-dekabrda esa Shahrisabz shahri YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi. Shahrisabz bu ro‘yxatga kiritilgan respublikamizdagi uchinchi shahar bo‘ldi. Bunday aloqalar, o‘z navbatida, munosabatlarimizni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarib, hamkorligimiz sohalarini kengaytirdi. Mustaqillik yillari respublikada o‘tkazilgan barcha tadbirlarda YuNESKO ishtirok etmoqda. Xususan, Amir Temur tavallud topgan kunining 660 yilligi, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk shaxslarning yubiley tantanalari, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi, Samarqand shahrining 2750 yilligi, Toshkent shahrining 2200 yilligi, Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi, “Alpomish” dostonining 1000 yilligi kabi tadbirlar bevosita YuNESKO homiyligida o‘tkazildi.
Keyingi yillarda bu aloqalar yanada kengaymoqda.
Xususan, 2018-yil 8-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Fransiya davlatiga bo‘lgan rasmiy tashrifi chog‘ida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, birgalikda O‘zbekiston bilan YuNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021 yilgacha hamkorlik dasturini imzoladilar. 2019-yil avgust oyining oxirgi o‘n kunligida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan XII xalqaro “Sharq taronalari” musiqa festivalida bevosita ishtirok etdi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin